Xasta farzandi bilan chorasiz onalar: “Bolam kasal bo‘lgani uchun turmushim buzildi”

Jamiyat 14:46 / 26.06.2022 15562

“Qo‘lim ochdim duoga...”: jajji Komronbekning iltijosi

Bu bolani bemor deb atashga til bormaydi. Oqqon bo‘lgani uchun undan voz kechganlarni esa kechirib bo‘lmaydi.

“Yolg‘iz bolam bunaqa kasal bo‘ladi deb xayolimga kelmasdi. Bundan keyin farzandli bo‘lishimga qaynonam yo‘l qo‘ymadi, homilador vaqtimda agar yana tug‘sam turmushim buzilishini aytdi. Baribir uzoq yashamadik – ajrashdik. Bunga o‘g‘limning kasal ekanligi sabab bo‘ldi.

Kimyoterapiyalar olish uchun otasining roziligi kerak bo‘lganda bazo‘r chaqirtirdik. Shundan keyin mana bir yildirki, otasi biror marta xabar olmadi”, - deya zor yig‘laydi Komronbekning onasi.

Bolakayning jajji qo‘llarini duoga ochib, o‘ziga sog‘lik so‘rab qilgan iltijosi ijobat bo‘lishini qo‘shilib so‘radik.

Komronbek Ulug‘bekovga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0610 3422 2108 onasi Vazira Keldiyeva nomida

Humo: 9860 0301 7866 1754 onasi Vazira Keldiyeva nomida

Manzil: Andijon viloyati, Buloqboshi tumani, Kulla qishlog‘i, 64-uy.

Ayni vaqtda Toshkentdagi Gematologiya shifoxonasida davolanishmoqda.

 

“Erim xasta farzand kerakmasligini aytdi”

Ozodbek 8 yoshda. Ammo 8 yildirki umri, bolaligi shifoxonalarda o‘tmoqda. Onasining aytishicha, bolaning kasalga chalinishi oilaning buzilishiga sabab bo‘lgan: “Ba’zida burni qonab, qon qusib, hushidan ketadi. Ahvolini ko‘rib qo‘rqib ketaman.

O‘zimiz 6 yildan beri ijarada yashaymiz. Bolam oqqonga chalinganini eshitib, kasal bolani davolatishni istamasliklarini aytib, bizni uydan chiqarib yuborishgan. Turmush o‘rtog‘im ham biz bilan yashab kelardi, lekin 3-4 yildan beri o‘g‘limizni davolatmay qo‘ydi. Mana oxirgi ikki yildirki, nogiron bola kerak emasligini aytdi, yordam bermay qo‘ydi. Hozir uch farzandim bilan ijarada yashaymiz. O‘zim ishlayman, oyligim 800 ming. Juda qiynalyapmiz”.

Ozodbek Erkinjonovga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0424 5869 9500 onasi Mahliyo Mamadoripova nomida

Humo: 9860 0303 6295 8149 onasi Mahliyo Mamadoripova nomida

Manzil: Farg‘ona viloyati, Bog‘dod tumani, Shuroqer qishlog‘i.

Ayni vaqtda Toshkentdagi Gematologiya shifoxonasida davolanishmoqda.

 

“Darddan nolimayman, bolam yetim qolishidan qo‘rqaman”

“2016 yildan beri kasalman. Turmushga chiqdim, qo‘limdan kelgancha kelinlik vazifasini ado etishga urindim. Ammo kasalligim bot-bot yuzimga solinardi. Davolanishimga ota-onam, hokimlik yordam berib kelishardi.

Qaynonam uydan haydagach, ota-onamnikida yashayapman. Shifokorlar ilik ko‘chirish kerakligini aytishdi. 18 ming AQSh dollari kerak ekan, Lekin bunaqa mablag‘ yo‘q menda. Nogironlik uchun beriladigan nafaqa evaziga yashayman xolos.

 Menga berilgan darddan nolimayman, faqat shu bolam yetim bo‘lib, birovlarning qo‘lida qolishini xohlamayman”, - deya o‘ksinadi kasalligi sabab hayotining achchiq kunlarini boshdan kechirayotgan ayol.

Habiba Ortiqboyevaga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0610 3619 1566 bemor Habiba Ortiqboyeva nomida

Uzcard: 8600 0609 8466 4038 bemor Habiba Ortiqboyeva nomida

Manzil: Toshkent viloyati, Bekobod tumani, G‘alaba qishlog‘i 3-uy.

 

“O‘tirsam ham, tursam ham shu bolamning ko‘ziga termulaman”

Feruza Rasuljonova 4 o‘g‘ilning onasi. Asli andijonlik oila tirikchilik umidida Samarqandda ijarada yashashadi. Ikkinchi farzand Oyatilloning oqqonga chalingani sabab ona-bola hozir Toshkentda davo muolajalarini olishyapti.

“O‘nta bo‘lsa o‘rni boshqa, deyishadi. Bu bolamning dardidan xavotirdaman, hatto kichkina bolamni ham ona bo‘lib o‘zim katta qilolmayapman. O‘tirsam ham, tursam ham shuning ko‘ziga termulaman. Bir oyda bir uyga borganimizda kenja o‘g‘lim “Haqiqiy onam keldi” deb yuzlarimni silaydi. Beshikdagi bolamni tashlab shifoxonalarda yuribman, shu o‘g‘lim sog‘ayib ketsa bo‘ldi”, - deydi Feruza.

Oyatillo Axatrafiqovga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0424 2929 8648 bobosi Ahmatrafiq Hasanov nomida

Humo: 9860 0803 3540 9464 onasi Feruza Rasuljonova nomida

Manzil: Samarqand viloyati, Pastdarg‘om tumani, Balxiyon qishlog‘i.

Ayni vaqtda Toshkentdagi Gematologiya shifoxonasida davolanishmoqda.

Inson taqdiriga bitilganidan qochib qutulib bo‘lmaydi. Bu bemorlarning xastalikdan forig‘ bo‘lib, sinovlardan yorug‘ yuz bilan o‘tishlarida ko‘makchi bo‘laylik.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.
Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov.

Ko‘proq yangiliklar: