G7’ning to‘rtta davlati Rossiyadan oltin importini taqiqlaydi

Jahon 22:39 / 26.06.2022 6551

Buyuk Britaniya, AQSh, Yaponiya va Kanada Ukrainaga qurolli bostirib kirgani uchun Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni kengaytirishga qaror qildi. 26 iyun, yakshanba kuni e’lon qilingan Britaniya hukumati matbuot xizmati xabariga ko‘ra, «Katta yettilik» (G7)ning ushbu to‘rtta davlati «yaqin vaqt ichida» Rossiya oltinining importiga taqiq joriy qiladi. Hujjatda qayd etilishicha, Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Bavariyadagi Elmau saroyida o‘tkaziladigan G7 sammitida boshqa davlatlarini ham ushbu taqiqqa qo‘shilishga undaydi.

Britaniya hukumatiga ko‘ra, bu choralar «rus oligarxlari» va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning «urush mashinasi yuragi»ga bevosita ta’sir qiladi. «Putin rejimiga pul jo‘natmasi jo‘mragini burab qo‘yish kerak», deyiladi matbuot xizmati xabarida. 

Hujjatda, shuningdek, ushbu qimmatbaho metallning xalqaro savdosida London markaziy rolini hamda AQSh, Yaponiya va Kanada tomonidan ko‘rilayotgan parallel choralarni hisobga olgan holda, Rossiya oltini importini taqiqlash «global oqibatlarga olib kelishi va Rossiyani oltin xalqaro bozorlaridan chiqarib tashlashi» ta’kidlanadi. Ushbu sanksiyalardan maqsad Rossiyani xalqaro moliya tizimidan yanada chetlashtirishdir, deyiladi press-relizda. 

Yevropa ittifoqida oltin savdosi sohasida Rossiyaga qarshi sanksiyalar haqida ham muhokamalar davom etmoqda, biroq hozircha hech qanday qaror qabul qilinmagan. Yevropadan G7’ga Germaniya, Fransiya va Italiya kiradi. 

Energiya tashuvchilardan tashqari, oltin sotish Rossiya eksportining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir. O‘tgan yili Rossiya 12,6 milliard funt (14,6 milliard yevro) qiymatidagi oltin eksport qilgan. «So‘nggi oylarda oligarxlar G‘arb sanksiyalari ta’siridan qochish uchun oltin quymalarini sotib olayotgani sababli, Rossiya elitasi uchun bu oltinning qiymati oshdi», — deyiladi Britaniya hukumati bayonotida. 

Ko‘proq yangiliklar: