Yevropa ittifoqi sammiti Xorvatiyaning yevrohududga qo‘shilishini ma’qulladi 

Jahon 08:19 / 25.06.2022 6364

YeI mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlari 24 iyun, juma kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan YeI sammitida Yevrokomissiyaning Xorvatiyaning yevrohududga qo‘shilishi bo‘yicha taklifini ma’qulladi. Xorvatiyada yevroning muomalaga kiritilishi 2023 yilning 1 yanvariga mo‘ljallangan. Xorvatiya milliy valutasi hozir kuna deb ataladi.

Mamlakat bosh vaziri Andrey Plenkovich bu qarorni «Xorvatiya iqtisodiyoti uchun ajoyib signal» deb atadi. Uning fikricha, kelajakda yevrozonadagi ishtiroki tufayli Xorvatiya turli inqirozlarga bardosh bera oladi. Bosh vazirning ta’kidlashicha, turizmga katta bog‘liq bo‘lgan va 4,1 million aholiga ega Xorvatiyaga sayyohlarning 70 foizdan ortig‘i yevrohudud davlatlaridan keladi.

Joriy yilning boshida Xorvatiya Milliy banki yevro va yevrosent tangalari to‘plamini taqdim etdi. Tangalarning milliy tomoni dizaynida avval kelishilgan naqshlar aks etgan. Ikki yevrolik tanga uchun - bu Xorvatiya xaritasi, bir yevrolik tanga uchun - suvsar tasviri, 50, 20 va 10 yevrosentlik tangalar uchun - taniqli olim Nikola Teslaning portreti, besh, ikki va bir yevrosent uchun - glagolitik alifbo harflaridan iborat kollaj. Shu bilan birga, barcha tangalar fonida shaxovnitsa - Xorvatiya gerbi tasvirlangan.

YeI shartnomasiga ko‘ra, Yevropa ittifoqining Daniyadan tashqari barcha davlatlari kelishuvda belgilangan mezonlarga javob bersa, yevro hududiga qo‘shilishi kerak. Hozirda yevro Yevropa ittifoqining 19 ta davlatida qo‘llaniladi. Litva 2015 yilda yevro hududiga oxirgi bo‘lib qo‘shilgan edi. Ba’zi davlatlar - Polsha, Chexiya va Vengriya - yevroni joriy qilmaslik uchun bu mezonlarni bajarishga shoshilmayapti. 

Ko‘proq yangiliklar: