Moldovada sobiq prezident Igor Dodonning mulki xatlandi

Jahon 08:13 / 24.06.2022 4668

Moldova prokuraturasi mamlakat sobiq prezidenti Igor Dodon va uning oilasi mulkini xatlovga oldi. Siyosatchi bu haqda 23 iyun, payshanba kuni jurnalistlarga ma’lum qildi.

«Tafsilotini ayta olmayman. Hujjatga imzo qo‘ydim, bu haqda sizga hech narsa aytmayman. Hammasi shou, ular har kuni Dodon ishi haqida teleko‘rsatuv tayyorlamoqchi», - dedi siyosatchi prokuratura binosi oldida.

Dodonga ko‘ra, «jinoyat ishi uydirma, unda yetarli va ishonchli bo‘lgan dalillar yo‘q». Uning so‘zlariga qaraganda, prokurorlar «fuqarolarni buzib ko‘rsatilgan raqamlar va tafsilotlar bilan hayratda qoldirish uchun ishni jamoat oldiga olib chiqishga urinmoqda».

Sobiq prezident fikricha, bu jinoiy ish siyosiy asosga ega. «Ushbu propagandaning elementlaridan biri qator mulk obektlari, shu jumladan, menga tegishli bo‘lmagan yoki banklarga garovga qo‘yilgan aktivlarning xatlovga olinishidir», dedi Dodon. U dushanba kunigacha «hokimiyat va prokuratura hamkorligida tashkil etilgan shou haqida qo‘shimcha ma’lumot» taqdim etishiga va’da berdi.

24 may kuni qo‘lga olingan Dodon 30 kunlik uy qamog‘iga olindi. Unga Moldova Jinoyat kodeksining passiv korrupsiya, siyosiy partiya tomonidan jinoiy tashkilotdan mablag‘ olish, noqonuniy boyib ketish va davlatga xiyonat qilish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalari bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. 

Uning rafiqasi Galina Dodon korrupsiya bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoiy ishda ayblanuvchi deb topildi. Unga mamlakatni tark etish taqiqlangan. 

Ushbu ish doirasida 2019 yil iyun oyida qochoq moldovalik oligarx Vladimir Plaxotnyukning o‘sha paytda Moldova prezidenti lavozimida bo‘lgan Dodonga paketni topshirish ishi bo‘yicha tergov olib borilmoqda. E’lon qilingan video va undagi siyosatchilarning so‘zlariga ko‘ra, paketda Dodon boshchiligidagi Sotsialistik partiyani moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan katta miqdordagi pul bo‘lgan. 

Ko‘proq yangiliklar: