To‘palang suv omboridagi avariya: vahima uchun asos bormi?

O‘zbekiston 20:53 / 23.06.2022 35453

Aniqlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda «To‘palang» gidro elektr stansiyasi agregat uskunalari joylashgan bino suv toshqini ostida qolgani aks etgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan skrinshot
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan skrinshot

Tarqalgan videolarda ertalab soat 8:14 da suv bosishidan vahimaga tushgan sariosiyoliklar o‘z yashab turgan manzillarini tark eta boshlagani tasvirlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, odamlar baland tog‘da yashovchi qarindoshlarinikiga, boshqalari qo‘shni tuman va viloyatlarga yo‘l olishgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan skrinshot
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan skrinshot

Voqeadan ko‘p o‘tmasdan, ertalab soat 10:30 lar atrofida mas’ullar odamlarni tinchlantirib, vaziyat yuzasidan chiqish qilishdi. «To‘palang GeS» unitar korxonasi direktori Asror Ulug‘ov suv omborida hammasi joyida ekanini aytdi. 

«Odatdagidek nazorat-o‘lchov ishlari olib borilmoqda. Suv omborida hech qanday xatarli holat bo‘lgani yo‘q. Suv omboridan To‘palang daryosiga suvning quyilishi soniyasiga 600 metr kub hajmga mo‘ljallangan. Hozirgi kunda suv omboridan daryoga soniyasiga 160 metr kub suv tashlanmoqda. Hech qanday vahimaga hojat yo‘q», — dedi Asror Ulug‘ov.

Asror Ulug‘ov va podpolkovnik Rahmonov

«To‘palang GES»da sodir bo‘lgan holat yuzasidan stansiya rahbari shunday dedi: «Suvning chiqishi 1–1,5 soat ichida bartaraf etiladi. Sizlarga yana qo‘shimcha ma’lumot uzatamiz».

Mutaxassisning aytishicha, To‘palang suv ombori sig‘imi 500 million metr kub bo‘lib, ayni kunda 378 million metr kub suv jamg‘arilgan.

Sariosiyo tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Rahmonov tekshiruvlarga ko‘ra hech qanday vahimaga tushishga asos bo‘ladigan vaziyat kuzatilmayotganini aytib o‘tdi.

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov ham fuqarolardan vahimaga tushmaslikni, sarosimaga berilmaslikni so‘radi.

Viloyat hokimi To‘ra Bobolov

«To‘palang suv ombori to‘g‘onida hech qanday talafot yo‘q. Nosozlik suv omboridan «To‘palang GES»ga kiradigan qismida yuzaga kelgan. Nosozliklarning barchasi bugunning o‘zida, qisqa vaqtda bartaraf etiladi. Fuqarolarimizdan vahimaga tushmasliklarini iltimos qilamiz», — dedi To‘ra Bobolov.

Mas’ullarning chiqishi va tushuntirishiga qaramasdan, 23 iyun kuni suv otilib chiqishi borasida feyk video tarqaldi va Sariosiyoda yana aholi o‘rtasida vahima jonlangan.

Tarqatilgan feyk videodan lavhalar

Mas’ullarning chiqishidan ham, tarqatilgan videolar va Kun.uz manbalarining bergan ma’lumotlaridan ham ma’lum bo‘lmoqdaki, To‘palang suv ombori yorilmagan. Uning to‘g‘oni bus-butun.

Voqea joyi xaritasi

Suv ombordan «To‘palang GES» agregatiga boradigan quvurning zadvijkasi yorilgani sababli, quvurdan keragidan ortiqcha suv otilib chiqqan. Mutaxassislar zadvijkani yopishga harakat qilishgan. Biroq hamon tuynukni to‘liq yopishning uddasidan chiqishmagani bois, katta bosim ostida suv favvora bo‘lib otilib chiqyapti (Buni qisilgan rezina shlangdan suvning otilishi bilan qiyoslab tushuntirishdi).  

Orqa fonda — GES agregati yo‘lida otilayotgan suv

22 iyun kuni soniyasiga 40 kub metr otilgan suv hajmi 23 iyun kuniga kelib, soniyasiga 10 kub metrgacha pasaygan. Buning farqini quyidagi ikkita suratdan ham yaqqol ko‘rish mumkin.

To‘palang daryosiga suv ombordan kelib quyilayotgan suvning ikki kunlik holati

Mutaxassislar To‘palang suv omboriga hech narsa tahdid solmayotgani, uning to‘g‘oni mustahkam ekanini ta’kidlashmoqda. Suv ombordan GESga eltuvchi quvurda nosozlik vujudga kelgan, xavf bartaraf etilgan. Endi mutaxassislar nosozlikni to‘liq bartaraf etish ustida ish olib borishmoqda.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: