G‘alaba va mag‘lubiyat onlari. OAV vakillari o‘rtasidagi «Zakovat» turnirida finalchilar va sovrindorlar aniqlandi

Jamiyat 18:42 / 19.06.2022 13888

19 iyun kuni Toshkentda OAV xodimlari hamda blogerlar o‘rtasidagi «Zakovat» turnirining saralash va pley-off bosqichi o‘yinlari o‘tkazildi.

Saralash bosqichiga turnirda ishtirok etish uchun murojaat qilgan 59 jamoadan 55 tasi keldi. Dastlabki bosqich ikki turda o‘tkazildi va yakunda 32 jamoa pley-off bosqichiga yo‘l oldi.

Ikki tur yakunlariga ko‘ra VPN jamoasi eng yuqori - 24 ochko (maksimum 30 ball) to‘plab, birinchi bo‘ldi. «Tanish-bilish» va «Million ilinjida» jamoalari mos ravishda 23 va 22 ochkodan jamg‘arib, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallashdi.

Saralash bosqichida Kun.uz jamoasi ham ishtirok etdi, ammo keyingi bosqichga chiqa olmadi. Birinchi turdan keyin jamoada keyingi bosqichga chiqish uchun yaxshi imkoniyat saqlanib turgandi, ammo ikkinchi turdagi ko‘rsatkichlar tufayli jamoa jami 12 ochko bilan 34-o‘ringa tushib ketdi.

Pley-off o‘yinlari ham to‘rt bosqichda o‘tkazildi. 1/16 finaldan keyin turnirda 16 jamoa qoldi. Nimchorak finaldan favoritlar turnirni tark eta boshladi, xususan saralash bosqichida birinchi bo‘lgan VPN jamoasi Kelajak liderlari jamoasiga 8:10 hisobida mag‘lub bo‘ldi, chorak finalda saralash bosqichida ikkinchi bo‘lgan «Tanish-bilish» Creativ team jamoasiga yutqazdi (6:8). Bu vaqtda saralash bosqichining uchinchi o‘rinni egallagan «Million ilinjida» jamoasi raqiblarini birin-ketin yengib, hal qiluvchi bahslargacha yetib keldi («Liderlar» 9:6, O‘zbekiston NMIU 8:4, Intel-B 5:4). VPN’ni chiqarib yuborgan Kelajak liderlari jamoasi esa Fiesta jamoasini yarimfinalga kuzatdi (3:4).

Yarimfinalda Fiesta Energy bilan, «Million ilinjida» Creative Team bilan bellashdi. 

Bloger Sarvar Qurbonov yetakchiligidagi Energy jamoasi Fiesta’ni uch o‘yin natijasiga ko‘ra 2:1 hisobida mag‘lub etdi (3:4, 5:1, 3:1). O‘z navbatida, bloger Alimoff boshchiligidagi «Million ilinjida» Creative Team’ga qarshi dramatik bahsda kambek qayd etib (2-4, 4:0, 4:3), finalga yo‘l oldi.

1 haftadan so‘ng — 26 iyun kuni jurnalist va blogerlar o‘rtasidagi «Zakovat» turnirida quyidagi juftliklar g‘oliblarni aniqlab berishadi:

Chempionlik bahsi:
Energy — «Million ilinjida»

3-o‘rin uchun:
Fiesta— Creative team.

Ma’lumot uchun, Mass-media fondi hamda «Zakovat» intellektual klubi tomonidan 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bag‘ishlab «Zakovat» turniri tashkil etilgan.

Turnirda O‘zbekiston Respublikasida rasman faoliyat ko‘rsatayotgan barcha ommaviy axborot vositalari jamoasi, shuningdek blogerlardan tarkib topgan erkin jamoalar ishtirok etmoqda.

Turnirning umumiy sovrin jamg‘armasi 200 million so‘m. Bunda:

1-o‘rin — 100 million so‘m;
2-o‘rin — 60 million so‘m;
3-o‘rin — 30 million so‘m;
4-o‘rin — 10 million so‘m bilan mukofotlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: