Qayd etilishicha, kelinni, tanlovda g‘olib bo‘lishga jur’at etgani uchun, to‘yda urgan kuyov videosi jamiyatda katta rezonans uyg‘otdi.
«Bu hodisa qayerda sodir bo‘lgani muhim emas, o‘zimizdami yoki qo‘shni yurtdami, ikki kun oldinmi yoki ikki yilmi - farqi yo‘q. Bu jirkanch vaziyatga bizning munosabat muhim», deb yozadi Saida Mirziyoyeva.
Uning ta’kidlashicha, agar bu hodisa kishini va uning atrofidagilarni g‘azablantirgan, hayratga solgan bo‘lsa, demak atrofida sog‘lom jamoa bor.
«Mabodo «ayol erkakka yon bosishi shart», «o‘zi aybdor, tili uzun bo‘lsa kerak» kabi gaplarni eshitayotgan bo‘lsangiz, mana bu haqiqiy falokatdir.
Biz hammamiz rivojlangan, madaniyatli yurtda, boy va baxtli yashashni xohlaymiz. Demak, har birimiz ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini anglashimiz va shu qarashda qat’iy turishimiz zarur.
Bunday holatlarni xotirjam kuzatish, bir-bir bo‘lib turadi-da, deb oddiy qarash mumkin emas.
Va kaltabin kuyovto‘rani qoralab, kelinga rahmimiz kelar ekan, o‘z farzandlarimizga nisbatan ham shunday munosabatda bo‘lmaslik, ya’ni maktabni bitirgach o‘qishni taqiqlamaslik, iloji boricha tezroq turmushga berishga yoki uylantirishga harakat qilmaslik, o‘z aqli bilan yashashga ruxsat berish muhimdir», deydi Saida Mirziyoyeva.
Uning aytishicha, aynan shu bois istiqbolli keng yo‘llarni ochadigan, ayollarni mustaqil va kuchli qiladigan ta’lim zarur. Ta’lim hayotni qanday o‘tkazishni tanlash imkonini beradi.
Ma’lumot uchun, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda kelin-kuyov to‘y marosimida qandaydir o‘yin o‘tkazilgani, unda yutqazib qo‘ygan kuyov mag‘lubiyatga chiday olmay kelinning boshiga urgani aks etgan video tarqalgandi.
Kun.uz hodisa tafsilotlariga oydinlik kiritish maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralar bilan bog‘landi. Mas’ul xodimlarning sa’y-harakatlari va ro‘y bergan holatga befarq bo‘lolmagani sababli kelin va kuyov topildi.
To‘y 6 iyun kuni Surxondaryo viloyati Uzun tumanida bo‘lib o‘tgan. 1997 yilda tug‘ilgan kuyov 2003 yilda tug‘ilgan kelin nikoh to‘yi marosimida qog‘ozga o‘ralgan shirinlikni kim birinchi bo‘lib ochish bo‘yicha musobaqalashgan. O‘yinda kelinning omadi kelgan va u birinchi bo‘lib shirinlikni ochgan. Bundan jahl otiga mingan kuyov kelinga bir marotaba tarsaki tushirgan.
Holat yuzasidan Uzun tumani IIB tomonidan fuqaro X.R. (kuyov)ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan. Bundan tashqari, kuyov va kelin hamda ularning ota-onalari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.