Ukrainadagi urush: tomonlarning bayonotlari, dunyo munosabati, yordam va sanksiyalar

Jahon 11:21 / 14.06.2022 21393

Ukraina tomoni bayonotlari

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy odatiy tungi murojaatida bosib olingan shaharlar va yerlar albatta ozod qilinajagini aytdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Foto: president.gov.ua

«Men imkoniyati bor har qanday kishidan okkupatsiya qilingan janubdagi, Donbassdagi, Xarkov oblastidagi insonlar bilan muloqot qilishda davom etishni so‘rayman. Ular bilan suhbatlashing, Ukraina haqida gaplashing. Ularga haqiqatni yetkazing. Ular albatta ozod qilinishini ayting.

Kirillovka, Henichesk, Berdyansk, Mangush bilan so‘zlashing. Horlivka, Donetsk, Luganskka qo‘ng‘iroq qiling. Hanuz ukrain zaminida rus bayrog‘ini ko‘rishga majbur bo‘layotgan Xarkov oblastidagilar bilan so‘zlashing. Ularga Ukraina armiyasi albatta kelishini yetkazing.

Albatta, biz hali Qrimimizni ham ozod qilamiz. Ukraina bayrog‘i yana Yalta va Sudak, Jankoy va Yevpatoriya uzra hilpiraydi. Qrimdagi bebaho yerlarni egallab olgan rus chinovniklarining har biri yodda tutmog‘i kerak: bu zamin ular osuda hayot kechiradigan tuproq emas», — degan Zelenskiy.

GFR kansleri Olaf Shols RFning Ukrainaga qarshi ochgan urushi borasida Berlinning pozitsiyasini aniqlashtirib olishi kerak, degan Volodimir Zelenskiy Germaniyaning ZDF telekanaliga bergan intervyusida. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Ukraina va Rossiya bilan munosabatlar o‘rtasida» shpagat qilishga urinmaslik kerak.

«Kansler Sholsdan bizga Germaniya Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi haqida kafolatlar kerak. U va uning hukumati qaror qabul qilishi kerak», — degan Zelenskiy.

Ukraina qurolli kuchlari birlashgan operatsiyasi o‘tgan sutka ichida erishilgan natijalar haqida quyidagicha ma’lumot bermoqda (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • 1 ta tank, 4 ta artilleriya tizimi, 2 ta harbiy zirhli texnika, 3 ta transport vositasi, 2 ta qurol-yarog‘ va 1 ta o‘q-dori ombori yo‘q qilingan.
  • Havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari Donbass osmonida 1 ta «Orlan-10» tipidagi pilotsiz uchar qurilmani urib tushirgan.

«Sxid» («Sharq») tezkor-taktik guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, dushman qo‘shinlarining talafoti 48 nafarni tashkil etgan.

Rossiya tomoni bayonotlari

Rossiya Mudofaa vazirligi maxsus vakili Igor Konashenkovning brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

RF Mudofaa vazirligi maxsus vakili Igor Konashenkov. Foto: RF MV
  • Yuqori aniqlikdagi raketalar bilan xorijlik yollanma jangchilarning vaqtinchalik dislokatsiya punkti, 2 ta baravar o‘t ochish reaktiv tizimi batareyasi yo‘q qilingan.
  • Tezkor-taktik aviatsiya tomonidan «BUK M-1» ZRKning radiolokatsion stansiyasi, tirik kuch va texnikalarning 63 ta nuqtasi, 120 dan ortiq askari, 2 ta tank, 7 ta dala artilleriyasi uskunalari, 11 ta maxsus avtomobil yo‘q qilingan.
  • Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi Ukrainaning 8 ta pilotsiz uchar qurilmasini, jumladan «Bayraktar TB-2» dronini yo‘q qilgan.
  • Raketa qo‘shinlari va artilleriya tomonidan Ukraina QKning 13 ta boshqaruv punkti, tirik kuchlar va harbiy texnikasi jamlangan 247 ta nuqtasi, artilleriya bo‘linmalarining 63 ta o‘t ochish pozitsiyalariga zarba berilgan. Zarbalar natijasida 7 ta baravar o‘t ochish reaktiv tizimi, radioelektron kurash tizimi yo‘q qilingan.
  • Maxsus operatsiya boshlanganidan buyon Ukraina harbiy texnikalari yo‘qotishlari: 201 ta samolyot, 130 ta vertolyot, 1196 ta pilotsiz uchar qurilma, 338 ta zenit raketa majmualari, 3525 ta tank va boshqa jangovar zirhli mashinalar, 515 ta baravar o‘t ochish reaktiv tizimi qurilmalari, 1933 ta dala artilleriyasi va minomyot qurollari, shuningdek, 3583 birlikda maxsus harbiy avtomobil texnikasi.

Ukrainaga ko‘mak

Vashington Ukraina hukumatining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun Kiyevga har oyda 1,5 mlrd dollar ajratishni rejalashtirmoqda, degan AQSh davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo‘yicha yordamchisining birinchi o‘rinbosari Derek Hogan.

AQSh va uning ittifoqchilari Ukrainaga Rossiya ustidan g‘alaba qozonishi uchun barcha zurur qurol-yarog‘larni berishga tayyor, degan Pentagon rahbari Lloyd Ostin.

AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin. Foto: thephuketnews.com

Ostinning Tailandga tashrifi chog‘ida jurnalistlardan biri AQShning Ukrainadagi urush borasidagi maqsadlari o‘zgargan-o‘zgarmagani, Ukrainaning qurol-yarog‘ bo‘yicha so‘rovlari qanoatlantirilishi borasida savol bergan.

«AQSh barcha narsani berishga va Ukrainaga muvaffaqiyat qozonishi uchun ko‘mak ko‘rsatishga tayyor... Bizning butun dunyodagi sheriklarimiz Ukrainaga real ko‘mak ko‘rsatishga tayyor. Biz ko‘plab miqdorda gaubitsalar, katta miqdorda o‘q-dorilar va boshqa narsalar yetkazib berdik. Boshqa davlatlar ham yetkazib berishdi», — degan Ostin.

Yevrokomissiya Ukrainaga Yevropa ittifoqiga a’zolikka nomzod statusini beradi, deb yozadi Politico.

«Komissiya Ukraina fuqarolari ko‘chalarda YeI bayrog‘i bilan chiqishgani uchun o‘qqa tutilgan Yevropadagi yagona davlat ekanini unutmaydi. Endi biz ularga «Uzr, yigitlar, sizlar boshqa bayroqni silkitishlaring kerak edi», deya olmaymiz», — degan nashr manbasi.

Yakuniy qarorni Yevropa kengashi qabul qilishi kerak.

Litva Ukrainaga o‘zi tomonidan ishlab chiqarilgan, umumiy bahosi 1,5 mln yevrolik dronlarga qarshi 110 ta miltiqni beradi, deb xabar tarqatgan litvalik jurnalist Andryus Tapinas.

Germaniya Ukrainaga raketaga qarshi mudofaa tizimini beradi.

«Biz Ukraina armiyasini qo‘llab-quvvatlashni ancha kengaytiramiz. Biz Ukrainaga raketaga qarshi zamonaviy mudofaa tizimi va artilleriyani aniqlab beruvchi radar yetkazib beramiz», — deya GFR kansleridan iqtibos keltirmoqda Spiegel.

Sanksiyalar, oqibatlar va ularga qarshi choralar

Amerikaning eng yirik banklaridan hisoblanadigan JPMorgan Chase va Goldman Sachs Rossiyaning davlat qarzi bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatishgan, deb xabar beradi Bloomberg agentligi.

AQSh prezidenti Jo Bayden Belarus rahbariyatiga nisbatan joriy etilgan Amerika sanksiyalarining amal qilish muddatini yana bir yilga uzaytirdi. Davlat rahbarining tegishli farmoyishini Oq uy tarqatgan.

Germaniya hukumati endilikda energetik regulyator nazorati ostida bo‘lgan Gazprom Germania GmbH’ni qutqarish uchun milliardlab dollar ajratishni rejalashtirmoqda, deb yozadi Bloomberg agentligi o‘z manbalariga tayanib.

Ukrainadagi urush tufayli Yaponiya fermerlari sholi maydonlariga g‘alla va soya ekishga o‘tishmoqda, deya xabar beradi Japan Today. Nashrning qayd etishicha, kunchiqar yurt g‘allaning 80 foizini, soyaning 90 foizini import qilib kelgan, ularning asosiy ishlab chiqaruvchilari Rossiya va Ukraina bo‘lgani sababli, bu mahsulotlarning narxi mamlakatda keskin ko‘tarilgan. Bundan tashqari ushbu mahsulotlarga talab borgan sari ortib bormoqda, guruchga bo‘lgan talab esa qisqarmoqda. Shu sababli mamlakatning 47 prefekturasidan 37 tasida sholi maydonlarining qisqarishi kutilmoqda.

Ukrainaga qarshi urush ochganidan 100 kun o‘tib, Rossiya qazib olinuvchi yonilg‘ilardan 93 mlrd yevro daromad qilgan, deb yozadi Le Figaro. Ularning katta qismi — 61 foizi Yevropa ittifoqiga eksport qilingan. Yirik xaridorlar orasida Xitoy, Germaniya va Italiya bor.

Germaniya dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan Yevropa mamlakatlariga gazni o‘zining suyultirilgan tabiiy gaz terminallaridan olishda yordam beradi, degan GFR kansleri Olaf Shols. Germaniyada ilk statsionar STG terminali 2026 yilgacha qurib bitkaziladi.

Yevrokomissiya YeIda faoliyat olib borayotgan Alphabet, Google, Facebook, Twitter korporatsiyalari va boshqa texnologik kompaniyalarni feyklarga qarshi kurashishga majburlamoqchi, aks holda ularga jarima qo‘llanilishi bilan tahdid qilinmoqda, deb yozadi Reuters.

Xalqaro hamjamiyatning munosabati

Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiyaga nisbatan siyosatda adashganini tan oldi.

Germaniya kansleri Olaf Shols. Foto: myseldon.com

«Hattoki krizis vaqtida Rossiya ishonchli iqtisodiy hamkor, degan eski formula endilikda ishlamaydi», — degan GFR kansleri va Germaniya «imkon qadar tezroq» energiya resurslari importidan mustaqil bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Italiya bosh vaziri Mario Dragi, Germaniya kansleri Olaf Shols va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Kiyevga 16 iyun kuni birgalikdagi tashrifini amalga oshirmoqchi, deb yozadi La Stampa gazetasi.

AQSh Ukrainadagi vaziyatdan chiqishi yo‘li muzokaralarda ekanidan umid qiladi, lekin bunga Rossiya tomoni tayyor ekanini ko‘rmayapti. Amerika ma’muriyati Kiyevning muzokaralardagi pozitsiyasini mustahkamlashda davom etadi.

AQSh Ukrainaning YeTga tezkorlik bilan qabul qilinishi borasidagi debatlarning borishiga aralashmaydi, chunki bu boradagi qarorni Yevropaning o‘zi qabul qilishi kerak, deb hisoblaydi, degan Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Piyer. 

Ko‘proq yangiliklar: