Avvalroq, Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida eshak suyish bilan shug‘ullangan oila aniqlangani haqida xabar berilgandi. Viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, holat yuzasidan qonunbuzarlarga sud qarori e’lon qilingan.
Eshonquduq mahallasi Abduhamid qishlog‘idagi xonadonlardan birida eshak so‘yib kelingani haqida xabarlar tarqalgach, mas’ullar holatni o‘z nazoratiga olgani aytilgandi.
G‘uzor tumanidagi maktab internatda o‘tkazilgan sayyor sud majlisida o‘z xonadonida eshak so‘yishni kasb qilib olgan fuqaro N.R. va uning turmush o‘rtog‘i S.A.ning xatti-harakatlari ko‘rib chiqilgan va holat yuzasidan qaror chiqarilgan.
Unga ko‘ra, fuqaro N.R.ga nisbatan MJtKning 111-moddasi (hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) 2-qismi va 161-moddasi (shaharlarni va boshqa aholi punktlarini obodonlashtirish qoidalarini buzish) bilan 10 sutka qamoq jazosi tayinlangan.
Bundan tashqari, N.R.ga eng kam ish haqining uch barobari, uning xotini S.A.ga nisbatan esa MJtKning 111-moddasiga asosan eng kam ish haqining 2 barobari miqdorida jarima belgilangan.