Kun.uz holatni o‘rganish maqsadida ushbu massivda bo‘lib, voqea joyidan reportaj tayyorladi.
Qorasuvdagi ko‘p qavatli uylarning aksariyatida xuddi shunday balkon bor. Avvalboshdanoq aytishni istardik, to‘g‘ridan to‘g‘ri pod’yezd orqali ushbu balkonlarga chiqish mumkin. Bu yosh bolalar uchun istalgan daqiqada xavf tug‘diradi.
Ko‘p qavatli uylarda yashovchi Mavjuda Kattayeva holatga bevosita guvoh bo‘lib qolganini aytmoqda. U pod’yezdga kirish qismini yopib turuvchi plastik qoplama ustiga qattiq zarb bilan nimadir tushganini eshitgan. Yaqinroq borib qizaloqni ko‘rgan. Qizchaning otasi ham shu atrofda bo‘lganini bildirdi. Tezda odamlar yig‘ilgan, tez tibbiy yordam yetib kelgan, biroq go‘dakning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
Mahalla nuroniylaridan biri Shavkat Jalilov ko‘p marta o‘zlari tashabbus qilib, balkonlar oldini yopishni taklif qilganini aytmoqda. Biroq hududga xizmat ko‘rsatuvchi shirkat – «NUR SHARQ TESS» boshqaruv servis tashkiloti bunga ruxsat bermagan. Agar balkonlar oldi balandroq qilib yopilsa, fasad ko‘rinishini buzishi aytilgan.
Bu birinchi marta kuzatilayotgan holat emasligini aytmoqda “domkom” Gavhar Abduvohidova. Qorasuvliklarni bu holat doim tashvishlantirib kelgan. “Bir necha marta murojaat qilishimizga qaramay, balkonlarni yopib berishmadi. Orqaga surishdi, natija fojia bilan tugadi. Qo‘shni uylarda yashovchilar o‘zlari balkonga balandroq qilib panjara o‘rnatishgandi. Ikki-uch kunga qolmay oldirib tashlandi”, – deydi Gavhar opa.
Ma’lum bo‘lishicha, uylarning tashqi ko‘rinishi buziladi, degan vaj bilan balkonga nimadir chiqarishga yo‘l qo‘yilmas ekan. Uylar ichkarisida sharoit bo‘lmagani sababli, ayrimlar yuvilgan kirni chiqarib qo‘yishga odatlangan. Biroq bunga ham ruxsat berilmasligi ma’lum qilindi.
Go‘zal Ravshanovaning ham yosh farzandlari bor. Aytishicha, o‘sha fojia bo‘lgan kuni uning ham qizchasi bir muddat qarovsiz qolib, balkonga chiqib ketgan. Panjaraga yaqin qolganda zo‘rg‘a farzandini ushlab qolganini aytmoqda.
9 iyunda sodir bo‘lgan fojia Qorasuvda birinchi marta kuzatilmayapti. Aholining aytishicha, bir yilcha avval yuqori qavatdan tushib ketgan ayol ham nobud bo‘lgan. Bundan tashqari, 80-uyda ijarada yashab kelgan oilaning farzandi uchinchi qavatdan tushib ketib, joni omon qolgan. Shundan so‘ng ular ko‘chib ketishga majbur bo‘lgan.
Vaziyatni kuzata turib, bizda bir savol tug‘ildi. Nega bu uylarda istiqomat qilayotgan insonlar uchun o‘ziga qulay sharoit yaratib berilmasligi kerak? Fasadning chiroyli turishi muhimmi, inson hayoti? Fasad KATTAlarga kerakdir, biroq odamlarning o‘zi ochiq balkondan xavfsirab, uni yopishga harakat qilayotgan vaqtda nega qarshilik qilinyapti? Umuman, odam belidan keladigan balkonlarni ochiq qoldirishdan maqsad nima? Bularning qaysi biri inson hayotiga arziydi?
Biz ayrim savollarga javob olish maqsadida «NUR SHARQ TESS» boshqaruv servis tashkiloti rahbari Jasur Sharipovga telefon qilib, bog‘lana olmadik.
Eslatib o‘tamiz, aynan mana shu massivda «NUR SHARQ TESS» boshqaruv servis tashkiloti kommunal to‘lovlarda qarzdorlik bo‘lsa, chip bilan ishlaydigan liftlardan foydalanish imkoniyatini cheklab qo‘yishi haqida xabar bergandik. Pulingiz yo‘qmi, qarzdormisiz, zinalardan ko‘tarilasiz!
Aslida bu ko‘p qavatli uylarning balkon bilan bog‘liq muammosini shirkat hal qila olmaydi. Chunki Qorasuvdagi uylar “Agromir Buildings” MChJ tomonidan qurilgan. Demak, balkon bilan bog‘liq muammoni avvalo shu tashkilot bartaraf etib berishi lozim.
Qorasuvda ayni vaqtda ham yana o‘nlab ko‘p qavatli uylar qurilmoqda. Biroq ularning hammasida yuqoridagi fojiaga sabab bo‘lgan balkonlar bor, loyiha-dizayn deyarli o‘zgarmagan.
Xulosa qilish mumkinki, uylar nafaqat chiroyli, balki aholi yashashi uchun qulay va xavfsiz bo‘lishi lozim. Qorasuvliklar gunohsiz qizaloqning nobud bo‘lgani mas’ullarga saboq bo‘lishiga umid bildirmoqda.
Kun.uz mavzuga yana qaytadi.
Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov