Bundan bir necha kun oldin qarindoshlardan birinikida ma’rakada qatnashdim va xizmatda bo‘ldim. Menga keksalar o‘tirgan davralardan biriga qarab turish topshirildi. Davraga choy-non tashib turar ekanman, u yerda suhbat asosan bug‘doy narxining erkin qo‘yib yuborilishi va nonlarning narxi oshib ketishidan bo‘ldi.
Chollar non mavzusini muhokama qilishar ekan, bir holat e’tiborimni tortdi. Biroz oldin un va nonning qimmat bo‘lishi ortidan xalqqa qiyin bo‘lishi haqida gapirib turganlar dasturxonga qo‘yilgan nonlarni ayovsiz tarzda ushatib tashlashdi.
Men qarayotgan stolga sakkizta non qo‘yilgandi. Chollar dasturxonga omin qilib turayotganda nonlarning oltitasi ushatilgan va ularning ozginasi yeyilgan, qolgani burda holida qolib ketgandi.
Hayotda ko‘p qiyinchiliklarni, og‘ir-yengil kunlarni ko‘rgan odamlarning nonga bo‘lgan munosabati menga juda yomon ta’sir qildi. O‘sha paytda mezbon sifatida xizmat qilayotganim, buning ustiga davradagilarning aksariyati bobom tengilar bo‘lgani uchun men ularga isrof haqida gapira olmasdim. Qolaversa, isrof masalasida o‘zim ham «oppoq», emasman, birovga nima deb nasihat qilaman.
Hozir bizning barcha ma’rakalarimiz shunday o‘tadi – yeyilsa, yeyilmasa nonni isrof bilan ushatib tashlayveramiz. Dasturxonni to‘ldirish haqidagi «kimo‘zar»lar haqida indab o‘tirmayman, shundoq ham hamma ko‘rib yuribdi.
Nazarimda, biz g‘alati xalqmiz. O‘tmishni juda tez unutamiz, tarixdan saboq olmaymiz. Kechagina boshimizdan o‘tkazgan og‘ir kunlarni bugun hech kim eslamaydi.
Xalqimizning non topa olmay kepak va o‘t chaynaganiga, bir necha yuz gramm nonni kartochka bilan soatlab navbatda turib olib yeganiga ko‘p bo‘lmadi. Hamma yoqda bug‘doy o‘rniga makkajo‘xori ekilib, jo‘xori unidan yopilgan zog‘ora nonini yeganlar bugun ham oramizda yashayapti. Shubham yo‘q, ma’rakada nonni isrof qilib ushatib tashlagan keksalar ham o‘sha qiyin kunlarni ko‘rgan.
O‘sha og‘ir kunlar o‘tgan asrning 80-yillarida biroz farovon zamon kelganda ko‘pchilikning esidan chiqdi. Ozgina to‘qchilik bo‘lganda odamlar endi ikkinchi navli unni yoki buxanka nonlarni mollarga yedira boshlashdi.
Mustaqillikning ilk yillarida yana bir muddat un va non taqchil bo‘ldi. Do‘konlarda unni odam boshiga bir necha kilodan o‘lchab beradigan bo‘lishdi. Keyin u davrlar ham o‘tdi va unutildi.
Aksariyatimiz na yaxshi kunlarga shukr qilamiz, na og‘ir kunlardan to‘g‘ri xulosa chiqaramiz. Isrof kundalik hayotimizga singib ketgan.
Tanishim aytib bergan quyidagi hikoya ham bizning nonga munosabatimizni va uni qanday isrof qilayotganimizni ko‘rsatib beradi.
«Bu voqea bir necha yil oldin sodir bo‘lgandi. O‘sha yil yozda odatim bo‘yicha daladagi uzumzor bog‘imga ko‘chib bordim. Bog‘ning yonidan katta soy o‘tadi. Unda asosan bahorgi yog‘ingarchiliklar davrida sel oqadi. Boshqa payt soy qurib yotadi va odamlar har xil chiqindilarni olib kelib tashlaydigan chiqindixonaga aylanadi.
Kunlardan bir kun ertalab soyning bog‘imdan sal teparoq qismida bir to‘da itlar bir uyum qilib tashlab ketilgan qoplarni talashib-tortishib g‘ajiyotganini ko‘rib qoldim. Qoplar kecha yo‘q edi, demak, kechasi kimdir olib kelib tashlagan.
Bir qaraganimda, qoplar tepasida bir-ikkita it bor edi, tushga yaqin ular ko‘paydi.
Qoplar tepasida itlarning soni ortganiga yomon xayollarga boraverdim. Chunki itlar asosan go‘shtning tepasida shunaqa ko‘p bo‘lib yig‘ilishadi.
«Agar kimdir harom qotgan sigir yoki qo‘yini olib kelib tashlasa, odatda qoplarga solib yurmaydi. Olib kelib shundoq otib yuboradi-yu ketaveradi. Qoplarda nima bor ekan?!» deb o‘ylayapman.
Shu tobda mabodo birortani o‘ldirib, keyin qopga joylab tashlab ketishgan bo‘lishsa-ya, degan yomon gumonga ham borayapman.
Ikkinchi tarafdan biz tomonlarda bunaqa qotilliklar bo‘lmasligi uchun ancha xotirjamman. Ammo unda, qoplarda nima ekan?
Shu onda baribir indamay o‘tira olmasdim. Oxiri qiziqish va xavotir ustun keldi. Katta kaltakni olib itlar «ziyofati»dan xabar olish uchun jo‘nadim. Borib baqirib, tosh otib, qoplar tepasidan itlarni haydadim. Ular sal nariga borishdi va «kutilmagan mehmon»ga irillab qarab turishdi.
Qoplarning ba’zilariga teginilmagan, boshqalarini esa itlar g‘ajib, yirtib tashlagan ekan. Itlar g‘ajigan qoplarga qarasam uning ichida va atrofida kolbasa, pishloq va tovuq suyaklari ko‘rinardi.
Yana bir qopning yirtilgan joyidan har xil salatlar ko‘rinib turardi. Itlar teginmagan qoplarda esa bir cheti sindirilgan, ushatilgan non bo‘laklari edi. Demak, buni kimdir to‘y o‘tgandan so‘ng to‘yxonadan olib kelib tashlagan.
Non bo‘laklari chiqindiga tashlab ketilgani menga juda qattiq ta’sir qildi. Kimdir dunyoning boshqa bir chekkasida shu nonning kichik ushog‘iga zor bo‘lib o‘tiribdi. Qayerlardadir odamlar hatto ochlikdan o‘lib ketishyapti.
Dunyoning ikkinchi chekkasida esa kimlardir non bo‘laklarini, ortib qolgan ovqatlarni chiqindixonalarga otib ketmoqda.
Tarixni eslasak, kechagina bobolarimiz, momolarimiz ocharchilik zamonlarda shu nonning bir bo‘lagiga zor bo‘lib yashashgan, nonni o‘rniga kepakni «qani endi bir burdagina non bo‘lsa edi», deb o‘t chaynashgan.
Keksalarimizning aytishlaricha, o‘sha davrda «qani endi bir to‘ysam-u, keyin o‘lsam armonim yo‘q edi» degan odamlar ham bo‘lgan. Endi esa to‘qchilik zamonlarda o‘sha insonlarning bolalari nonni oyoqlari ostiga olib tepkilamoqda, isrof qilib chiqindixonalarga tashlab ketmoqda.
Mana shu ishni «el-yurtdan mening nima kamim bor?» deb, bor-yo‘g‘ini sarflab, yetmaganiga kimlardandir qarz yoki foizga pul olib to‘y qilgan odamlardan biri qilgan bo‘lishi ham mumkin!
Bunday holni har kun bo‘lmasa ham, kunora ko‘rib turibmiz-ku! Rossiyada ishlab kelib, boshqalardan ortda qolmaslik bahonasi bilan to‘ylarda oxirgi chaqasigacha sarflab yuborayotganlar qancha!
Non o‘rniga kepak yoki o‘t chaynagan bobolarimiz, momolarimiz vafot etib ketishdi.
Bugun o‘sha qiyinchilik zamonlarni, odamlarni non topa olmay kepak, yoki o‘t yeganlarini ko‘rganlar ham oramizda barmoq bilan sanarli qoldi. Endi hozirgi yoshlarga u voqealar ertakday tuyuladi.
Endi hozirgi kunda «qornim och»ni ham, qorni to‘qligidan kekirib yurgan boyni ham isrof batamom egallab oldi.
Isrof qilishni to‘xtatish, qilmaslik o‘rniga odamlar kimo‘zarga battar qilmoqda. Ayniqsa turli marosimlar bahonasida qilinayotgan isrofgarchiliklarni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.
O‘sha kuni qoplardagi nonlarni itlar orasidan olib chiqib ketdim. Shu ishni qilganlarga Allohdan insof so‘rab, ularni mollarimga yedirdim».
Tanishimning hikoyasini ko‘nglim buzilib eshitdim. Ammo unga, «Yo‘q, hamma ham birday isrofga yo‘l qo‘yavermaydi», deya olmadim. Ko‘rib yuribman-ku!
G‘ayrat Yo‘ldosh