To‘rt bolam bilan sarsonmiz
Aynur bilan gaplashish, uning hayoti haqida eshitishning o‘zi mushkul. Endigina 25 yoshni qoralagan ayol 4 farzandning onasi va shu bolalarning biri oqqon bilan kasallangan. Ayni shu kasallik oilaning buzilishiga sabab bo‘ldi. Bolada kasallik aniqlanganda er-xotin yaqin qarindosh bo‘lishgani uchun boladagi kasallikka shu sabab bo‘lishi mumkin degan taxmin aytilgan.
“To‘rtinchi bolamga homiladorligimda turmush o‘rtog‘im bizni tashlab ketgan. Hozir shu kenjam ham bir yoshdan oshdi. Shundan so‘ng bolalarim bilan ota uyimga keldim. Lekin u yerga ham sig‘madik, ijaraga chiqib ketdik”, – deydi Aynur Chinnibekova.
U hozir bolalar parvarishi bilan bandligi uchun hech qayerda ishlamaydi. Turmush o‘rtog‘i tomonidan biror ta’minot ham olmayapti. Butun oila 500-600 ming atrofida beriladigan nafaqa evaziga yashashadi. Bolakayning davolanishi uchun shifoxonada yotishga ham ba’zida imkoni bo‘lmaydi.
Miras Jumabekovga oid ma’lumotlar:
Uzcard: 8600 0604 3356 1694 onasi Aynur Chinnibekova nomida
Manzil: Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani, “Sholikor” MFY 5-uy.
Bir bolam tuzalganda, ikkinchisi bemor
Bahriniso befarzandlik tufayli turmushi buzilgan. Baxti kulib keyingi turmushidan ikki nafar farzandli bo‘ldi.
Lekin ikkala bolasi ham og‘ir xastaliklar bilan kurashib yashashga majbur bo‘layotganidan iztirobda: “Qizim yurak porogi bilan tug‘ildi. Yuragini operatsiya qildirganimizga bir yil bo‘lyapti. Endi ikkinchi bolamda oqqon aniqlandi.
Inson uchun farzandining sog‘ligidan ham aziz narsa yo‘q ekan. Uning dardi bedavoligi haqida eshitish og‘ir. Faqat shundan qo‘rqib yashayapman”.
Muhammad Hasanovga oid ma’lumotlar:
Uzcard: 8600 1129 7480 9709 onasi Bahriniso Mardonova nomida
Humo: 9860 0303 2652 6081 onasi Bahriniso Mardonova nomida
Manzil: Samarqand viloyati, Paxtachi tumani, Ziyovuddin shaharchasi, 28-uy.
Ota-onamga yordam beradigan paytda o‘zim yordamga muhtojman
Chinozlik Islombek ayni navqiron yoshida ota-onasiga tirgak bo‘lish o‘rniga parvarishtalab holga tushib qolganidan xijolat qiladi. Otasi Zokirjon Karimovning aytishicha, oilada yana bir bemor bor. Bemorning onasi ham qandli diabet bilan xastalangani tufayli to‘shakka mixlangan, 2-guruh nogironi. Ota-onasining boquvchisi bo‘lgan yigitning dardga chalinishi ularning qayg‘usiga qayg‘u qo‘shgan.
“Ijarada yashayotgan edik. Yer sotib olib uy ko‘tarish niyatida edik. Hozir shu yerimizniyam sotuvga qo‘yganmiz.
Bu holga tushish erkak kishi uchun og‘ir bo‘larkan. Oila tebratib turgan odam uchun bir joyda yotish qiyin. Hozir otam ijaraga mashina olib meni davolatish uchun harakat qilyapti. Buni ko‘rishning o‘zi og‘ir, ularga yordam beradigan vaqtimda o‘zim yordamga muhtoj bo‘lib qoldim”, – deya o‘ksinadi bemor yigit.
Islomjon Karimovga oid ma’lumotlar:
Uzcard: 8600 0610 3065 7604 onasi Guljahon Xidirova nomida
Bemor manzili: Toshkent viloyati, Chinoz tumani, Gulzorobod – 8.
Shu bolamdan boshqa hech kimim yo‘q
Bu ayol boshqalarga o‘xshab dardini bo‘lishib, ko‘mak so‘rashdan ham mahrum. Ammo u yordamga muhtoj. Chunki yolg‘iz farzandi oqqonning og‘ir turi bilan kasallanib, bir necha oydirki, kasalxonama-kasalxona sargardon. Qizaloqning xastaligi bu oilaning buzilishiga sabab bo‘lmoqda.
“Yuzimni ko‘rsatmayotganimning sababi – turmush o‘rtog‘im va oilasidagilar bolamning tuzalishiga ishonishmaydi, bolamni baribir yashamaydi deb o‘ylashdi. Shuning uchun davolatishga ham harakat qilishmadi. Erim bilan hozir ajrim yoqasidamiz, qat’iy qarorga kelgan. Bolam ota-ona bag‘rida ulg‘ayishini istayman, lekin ahvoliga befarq qarab tura olmayman”, – deya yig‘laydi ismi sir qolishini iltimos qilgan murojaatchi.
Uning bor umidi yolg‘iz farzandining salomatligida. Bir bolasini tuproqqa topshirib yurak oldirgan ona tun-u kun xavotirda yashaydi.
Anonim bemorga pul o‘tkazish uchun:
Uzcard: 8600 3036 4368 5584 tanishi Nasiba Yo‘ldosheva nomida
Uzcard: 8600 0610 9395 7826 tanishi Mardonova Bahriniso nomida
Siz ham biz kabi ularning hasratidan o‘rtangan bo‘lsangiz, o‘z ehsoningiz bilan bu dardning arishida hissa qo‘shing. Zarra qadar yaxshilik uchun ulkan mukofotlar egalaridan bo‘laylik.
Gulmira Toshniyozova tayyorladi.
Tasvirchi: Azimjon Vohidov.