O‘qishni ko‘chirish o‘rniga akademik mobillik. Bu qanday bo‘ladi?

Jamiyat 12:02 / 11.06.2022 38275

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov o‘qishni ko‘chirish uchun ruxsat beriladigan toifalar qisqarishini, o‘qish joyini ko‘chirish faqatgina 2 ta holatda: turmush qurganda va davlat xizmatchilarining xizmat joyi o‘zgarganda mumkin bo‘lishini ma’lum qildi.

“Buning o‘rniga akademik mobillikni qo‘llash mumkin. Masalan, rektorlar o‘zaro kelishib, Surxondaryodagi va Toshkentdagi talabalar almashib, 1-2 semestr o‘qiydi. Lekin diplom bir joydan olinishi kerak”, dedi vazir.

Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, viloyat OTMida o‘qiyotgan talaba o‘qishini ko‘chirmasa ham, kelishuv asosida poytaxtdagi universitetda ma’lum muddat o‘qib qaytishi mumkin bo‘ladi. Bu borada batafsilroq ma’lumot olish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘landik. Biroq vazirlik hozir bu tartibga oid tegishli hujjatlar ishlab chiqilayotgani, tasdiqlangach, ma’lumotlar e’lon qilinishi bildirdi.

Ungacha o‘zaro talaba almashuv imkonini beradigan akademik mobillik haqida ochiq manbalarda mavjud ma’lumotlarni taqdim etamiz.

Mobillik haqida

Akademik mobillik – talaba yoki o‘qituvchilarning mamlakatidagi yoki xorijdagi OTMlarda kelishuv asosida ma’lum muddat o‘qish yoki dars berishini anglatadi.

Mobil talabalar, asosan, 2 guruhga bo‘linadi:

  • erkin harakatlanuvchilar – bunday turdagi talabalar o‘z xohish va tashabbuslari bilan ta’lim olish uchun boshqa hududlarga borishadi;
  • dastur doirasidagi talabalar – bunda OTMning o‘zi yoki uning biror fakulteti boshqa OTM bilan kelishgan holda talabalar uchun o‘zaro almashinuv dasturlarini amalga oshiradi. Dasturlar milliy va xalqaro darajada ham bo‘lishi mumkin. Masalan, Erasmus dasturi talaba almashinuvi imkonini beradigan mashhur dasturlardan biri.

Ta’lim migratsiyasi

Aslida, ta’lim olish uchun bir hududdan ikkinchi hududga ko‘chib o‘tish juda uzoq tarixga ega jarayon hisoblanadi. Odamlar qishloqdan shaharga, shahardan poytaxtga, poytaxtdan ta’limi va iqtisodi rivojlangan davlatlarga ilm olish uchun migratsiya qilishadi.

O‘qish uchun boshqa davlatlarga borayotgan talabalar soni ham yildan yilga oshib bormoqda. 2017 yilda dunyo bo‘yicha xalqaro talaba soni 5,7 millionga yetgan. Bu ko‘rsatkich 2000 yilda 2 mln atrofida bo‘lgan.

2021 yilda eng ko‘p xorijlik talabani jalb qilgan davlatlar:

  • AQSh – 1 mlndan oshiq xorijlik talaba;
  • Buyuk Britaniya – 496,5 ming talaba;
  • Xitoy – 492 ming talaba;
  • Kanada – 435 ming talaba.

Yaqinda e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda 5,1 ming xorijlik talaba tahsil oladi.

Qisqacha xulosa shuki, talabalar ta’lim yaxshi bo‘lgan davlatlarga o‘qish uchun borishga harakat qilishadi. Aslida, o‘qishni ko‘chirish ham xuddi shunday mazmundagi narsa: talaba o‘zi o‘qishga kirgan OTM berayotgan ta’limdan qoniqmasdan yaxshiroq universitetda o‘qish uchun (asosan, hududlardagi OTMdan poytaxtga) harakat qiladi.

Talabalar almashinuv dasturlari

Talabalar ma’lum muddat boshqa bir OTMda o‘qishi uchun eng katta imkoniyat – talaba almashinuv dasturlari hisoblanadi. Bunda talaba o‘zi o‘qiyotgan OTM bilan hamkor bo‘lgan xorij OTMlaridan birida ma’lum muddat o‘qib qaytishi mumkin. Bunday OTM xoh xorijda, xoh o‘z davlatida bo‘lsin talabaga yangi muhitda o‘qish imkonini beradi.

Almashinuv dasturlari qisqa – 1 haftadan 3 oygacha, uzoq – 6 oydan bir yilgacha bo‘lishi mumkin.

Eng mashhur talabalar almashinuv dasturlaridan biri – Erasmus loyihasi orqali dasturga a’zo bo‘lgan Yevropa universitetlaridan birida 3 oydan bir yilgacha o‘qish imkonini qo‘lga kiritish mumkin. Bu dasturga bakalavr, magistratura va amaliyot uchun hujjat topshirish mumkin.

Bunday dasturlarni ta’lim olayotgan sohaga qarab istalgancha topish mumkin: dunyo talabalar almashinuvi dasturlaridan faol foydalanmoqda. Faqat talabalar dastur doirasida o‘qish uchun belgilangan talablarni bajara olishlari kerak.

Foydali tomonlari

Almashinuv dasturlari orqali talabalar o‘zga davlatlar madaniyati, turmush tarzi bilan tanishishi, til bilish darajasini yaxshilashi mumkin. Dunyoqarashni kengaytirish imkoni ham paydo bo‘ladi. Masalan, qaysidir viloyatdan Toshkentga kelib 2 semestr o‘qigan talaba o‘z ustida ko‘proq ishlashni boshlashi, yangiliklarga chanqoqligi oshishi mumkin.

Yangi atmosferani ko‘rgan talabalarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi va o‘z-o‘zini mustaqil boshqarish qobiliyatlari ham oshadi.

Qolaversa, talabalar almashinuv dasturlari orqali ichki migratsiya amalga oshsa, hududlarda ham xizmat ko‘rsatish qamrovi oshishi mumkin. Albatta, buning uchun faqat hududlardan poytaxtga emas, balki poytaxtdan hududlarga, bir viloyatdan boshqa biriga borib o‘qishni xohlovchi talabalar soni ham oshishi lozim.

Cheklovchi omillar

Talabalar imkoniyatlari moliyaviy muammolar, o‘zi o‘qishni xohlagan OTM bilan o‘quv soatlarida to‘la muvofiqlik bo‘lmasligi sababli cheklanishi mumkin. Agar chet dasturi bo‘lsa, til bilmaslik ham almashinuv dasturlarida ishtirok eta olmaslikka sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, almashinuv dasturlari darsdan tashqari ishlaydigan va o‘zini moddiy jihatdan o‘zi ta’minlaydigan talabalarga ham qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Sababi 6 oylik o‘qish talabani ish joyidan ajratib qo‘yishi mumkin.

O‘zbekistonda akademik mobillik qanday bo‘ladi?

Akademik mobillik tajribasi bor-yo‘qligi haqida respublikadagi ba’zi OTMlar saytlarini ko‘zdan kechirish asnosida Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Toshkent davlat yuridik universiteti saytida ayni shu yo‘nalishda ma’lumotlar berib borilayotganiga, O‘zbekiston milliy universiteti saytida esa xalqaro hamkor tashkilotlar ro‘yxati keltirilganiga guvoh bo‘ldik. Lekin bu OTMlarning almashinuv dasturlari, asosan, xorijiy OTMlar bilan birgalikda. Mahalliy OTMlarning qanchasida o‘zaro talaba almashinuv dasturlari bor-yo‘qligi qiziq.

Aslida, OTMlar saytlarini rivojlantirish va ular orqali OTMning imkoniyatlari haqida ko‘proq ma’lumot berish bilan talabalarni jalb qilish imkoniyatlari ham oshishi mumkin. Bu haqda QS reyting agentligi rasmiysi Sergey Xristolyubov ham aytib o‘tib, o‘zbek OTMlarida ayni shu jihatdan oqsash borligini tanqid qilgandi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi akademik mobillikka oid tegishli tartib-qoidalarni ishlab chiqqach, akademik mobillik dasturlari orqali talabalarda qanday imkoniyatlar bo‘lishi to‘la aniq bo‘ladi.

Hozircha esa bizda faqat bir nechta savol bor:

— Almashinuv dasturlarida qatnashishni xohlaydigan talabalar soni hisoblanganmi? Ular o‘qishni ko‘chirish uchun da’vogar bo‘lishi kutilayotgan 150 ming talabgorning qancha foizini tashkil qilishi mumkin?

— Respublika OTMlarida o‘zaro talaba almashinuvi dasturlari amalga oshira boshlansa, poytaxtdagi talabalar ham viloyatlardagi OTMlarga borib o‘qishni xohlashadimi?

— Talabalar boshqa OTMga o‘qish uchun borishganda ular vaqtincha yotoqxona bilan ta’minlanadimi?

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: