“O‘z uyingni o‘zing asra!” - Guruchariqliklarga va’da qilingan yerga tadbirkor “chang solmoqda”

Jamiyat 11:37 / 10.06.2022 13062

Olmazor tumani Guruchariq mahallasi fuqarolaridan Kun.uz’ga yo‘llangan murojaatda hududdagi qurilish va yer uchastkalari o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlaridan norozilik ifodalanadi.

Ta’kidlanishicha, mazkur hududdagi yangi turar joy majmualarining davlat rahbariga taqdim etilgan loyihasida ayni damda o‘rab olinib, sotuvga chiqarib yuborilayotgan yer uchastkalari o‘rni ko‘kalamzorlashtirilgan hudud sifatida ko‘rsatilgan bo‘lgan.

 “Hozirda tadbirkor kelib, qurilishni boshlagan, lekin hududning topos’yomkasi qarorda ham, unga kiritilgan ilovada ham aks ettirilmagan”, – deydi o‘sha yerda yashovchi fuqarolardan biri. 

Aholining aytishicha, bu muammo yuzasidan tuman hokimiyati mutasaddilari bir necha marotaba kelib suhbatlashishgan, ammo aksariyat holatda xalqning dardini tinglashmagan. Muammo boshlangandan buyon shu kunga qadar tumanda bir necha marta hokim almashgan. Ulardan faqatgina Mullajonov hokimligi davrida hudud yashovchilari bilan hech qanday qurilish bo‘lmasligi va ular bilan maslahatlashilgan holda kerakli obektlarni barpo etish kelishib olingan.

Ammo Mullajonovning vafotidan so‘ng, u va’dalar unutilib, muammo yana bo‘y ko‘rsata boshlagan.

Joriy yil boshiga kelib, ko‘kalamzorlashtirish uchun ajratilgan yer noma’lum kimsalar tomonidan tunuka bilan o‘rab olinib, qurilish qilishga tayyorgarlik boshlab yuborilgan. Yengil konstruksiya bilan qurilgan do‘kon-inshoot esa sotuvga chiqarilgan.

Olx.uz saytiga chiqarilgan e’londa 5 sotix deya ko‘rsatilgan ushbu yer uchastkasining bahosi 150 ming AQSh dollari qilib belgilangan.

Kun.uz muxbiri fuqarolarning murojaatini tinglarkan, ayni shu hududda Olmazor tuman hokimi Azizxon Umarxonov ko‘rinish berdi. Unga o‘zining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurasul Vahobov hamda tuman prokurori hamrohlik qilardi.

Azizxon Umarxonov fuqarolarning dardiga quloq tutib, so‘ng bu masala yuzasidan o‘zining fikrlarini bildirdi.  

“Chiqqan qarorning qonuniyligiga baho beriladi, qonuniylik masalasiga shubha yo‘q. Bir-ikkita masala bor. Bu yerdagi aholining noroziligini bilmasdan turib, yer sal surib berilgan. Bu “korrektirovka” deyiladi, yaxshi bilasizlar. Shuningdek, mana bu yerdagi obekt qanchalik qonuniy qurilayotganini aniqlashtiramiz, tadbirkorning hujjatlari bor, shubhasiz. Bu jarayonda biz ham tadbirkorning, ham mahalliy aholining manfaatlarini ko‘zlab ish tutamiz. Hujjatni o‘rganamiz. O‘rab olingan devorlar olib tashlanadi, bitta ham g‘isht qo‘yilmaydi. Qurilish fuqarolar bilan maslahatlashilgan holda boshlanadi”, – dedi hokim.

Yoshi kattalarning duosi bilan yakuniga yetgan uchrashuv aholiga biroz bo‘lsa-da taskin berganday bo‘ldi. Shundan so‘ng tadbirkor o‘rab olib, sotuvga tayyorlayotgan hududdagi to‘siqlar olib tashlandi. Bu joyni axolining o‘zi daraxt ko‘chatlari o‘tqazib, ko‘kalamzorlashtirdi.

Ammo qonuniy ekani shubha ostida qolayotgan hokim qarori hamon o‘z kuchida. O‘sha qarordan manfaatdor tadbirkor esa istalgan vaqtda yerni egallab olishi ehtimoli yo‘q emas.

Xavotir shuki, fuqarolar va tadbirkor o‘rtasidagi yer uchun kurash hali davom etishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: