«O‘zgidromet» mas’uli: Sog‘lom ekologiya va qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlar kafolatlari Konstitutsiyada o‘z aksini topishi kerak

Jamiyat 14:45 / 09.06.2022 3180

Gidrometeorologiya xizmati markazi mas’ul xodimi Ibratjon Karimov iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari global xususiyatga ega bo‘lib borayotgan bir sharoitda O‘zbekistonda barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida Konstitutsiyada atrof-muhit muhofazasi hamda har kimning sog‘lom ekologiya va qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqi davlat tomonidan kafolatlanishi to‘g‘risidagi fikrlarini bildirib o‘tdi:

  • iqlim o‘zgarishi va uning salbiy oqibatlari dunyoda bo‘layotgan urush harakatlaridan keyingi 2-o‘rinda turgan asosiy muammoga aylandi;
  • amaldagi Konstitutsiyamizda davlat ekologik siyosatining umumiy normalari belgilangan, biroq ularning asosiy qismida fuqarolarning ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasidagi majburiyatlariga ko‘proq urg‘u berilgan. Lekin bugungi kundagi voqelik davlat va turli bo‘g‘indagi davlat organlarining bu sohadagi vazifalari ham batafsil ifodalanishini talab etmoqda;
  • ekspertning fikriga ko‘ra, har bir insonning sog‘lom va qulay atrof-muhitga, uning holati haqidagi haqqoniy axborotga ega bo‘lish hamda o‘z sog‘lig‘iga yoki mulkiga ekologik huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi huquqlari davlat tomonidan kafolatlanishi to‘g‘risidagi normalar asosiy Qomusimizning tegishli moddalarida o‘z aksini topishi kerak.

Bugungi kunda yer yuzasida kechayotgan iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish jarayonlari, biologik xilma-xillik qisqarib borishi, atmosfera havosi va suv manbalari ifloslanishi, chiqindilar bilan bog‘liq muammolar yechimini topish xalqaro hamjamiyatning hamda dunyodagi barcha davlatlar oldida turgan o‘ta muhim dolzarb masalalardan biriga aylandi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ta’kidlaganidek, «iqlim o‘zgarishi va uning salbiy oqibatlari dunyoda bo‘layotgan urushlardan keyingi 2-o‘rinda turgan asosiy muammo»ga aylangan bo‘lib, oxirgi 20 yilda tabiiy ofatlar natijasida 1,2 mln kishi hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa, iqtisodiyotga yetkazilgan zarar miqdori 3 trln dollarni tashkil etgan.

Jahon meteorologiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi va ekstremal tabiat hodisalari kuchayishi natijasida so‘nggi 20 yilda yuz bergan tabiiy ofatlar 5 baravarga ortgan bo‘lsa, 1971 yildan buyon dunyoda 11 mingdan ortiq yirik tabiiy ofatlarni yuzaga keltirgan, yaqin 30 yilda iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlarini bartaraf etishga jahonda 8 trln dollar sarflanishi va 2050 yilgacha dunyo yalpi ichki mahsuloti 3 foizga kamayishi prognoz qilinmoqda.

Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari bizning hududimizda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Masalan, Orol dengizi falokati natijasida Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan 2 barobar jadalroq rivojlanmoqda. Respublika hududlarida chang bo‘ronlari davriyligi va ularning ortib borishi, yerlar degradatsiyaga uchrashi, suv resurslari qisqarishi kabi salbiy ko‘rinishlarda nomayon bo‘lmoqda.

O‘rganishlar va tahlillar natijasi shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda dunyodagi ko‘plab davlatlarda (Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada, Janubiy Koreya, XXR, Yaponiyada va boshqa) iqlim o‘zgarishiga oid 2500 ga yaqin qonun va siyosiy maqomga ega hujjatlar qabul qilingan.

«Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyiliga asosan qabul qilingan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar doirasida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan samarali foydalanish hamda davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan mintaqada global tus olayotgan ekologik muammolarni xalqaro hamjamiyat hamkorligida hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar so‘zsiz o‘z samarasini bermoqda.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat ekologik siyosati umumiy konstitutsiyaviy normalari mustahkamlanganligi, mamlakatimizda barqaror rivojlanishni ta’minlash, atrof-muhit musaffoligini ta’minlash va muhofaza qilish hamda aholi salomatligini himoya qilishning kafolati ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Asosiy Qomusimizning bir necha moddalarida tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bilan bog‘liq ekologik-huquqiy normalar mustahkamlangan. Jumladan, 50-moddaga muvofiq, fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar. Ushbu konstitutsiyaviy norma fuqarolarning nafaqat tabiatni muhofaza qilish, balki tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi majburiyatini ham anglatadi.

Konstitutsiyaning 54-moddasida mulkdor o‘z mulkiga o‘z xohishicha egalik qilishi, undan foydalanishi va tasarruf etishi ta’kidlanib, shu bilan birga, mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart ekani belgilab qo‘yilgan. Shundan kelib chiqib, mulkdor o‘z mulkiga o‘z xohishicha egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf etish huquqi bilan birgalikda har qanday faoliyatni amalga oshirishi atrof-muhit ifloslanishiga, o‘zlariga foydalanishga berilgan tabiiy resurslardan nooqilona foydalanilishiga olib kelishi, fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga tahdid solmaslik majburiyati ham yuzaga keladi.

Davlat ekologik siyosatining asosiy tamoyillari Konstitutsiyaning 55-moddasida o‘z aksini topgan bo‘lib, unga ko‘ra, yer, yerosti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylik, ulardan oqilona foydalanish zarurligi va ular davlat muhofazasida ekanligi belgilangan.

Ushbu konstitutsiyaviy normaga asosan respublika tabiiy resurslari umummilliy boylik sifatida xalq mulki hisoblanadi va xalq nomidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari qonunchilikda belgilangan vakolatlari doirasida tasarruf etadi. Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik normativlarni ishlab chiqish va ularga rioya etgan holda foydalanishni nazarda tutadi.

Konstitutsiyaning 100-moddasida esa, mahalliy hokimiyat organlari asosiy vakolatlari doirasida o‘z hududida atrof-muhitni muhofaza qilish vazifalarini ham amalga oshirishi kerakligi ko‘rsatilgan.

Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishda, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan atrof-muhitga yetkazilgan zararni qoplash va uni bartaraf etish, atrof-muhitni zarar yetkazilgunga qadargi dastlabki holatigacha qayta tiklash, shuningdek fuqarolarning o‘z sog‘lig‘iga yoki mulkiga ekologik huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zarar qoplanishi to‘g‘risidagi normalarni kiritish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Amaldagi ekologik qonunchilikka ko‘ra, barcha darajadagi mahalliy davlat hokimiyati organlari davlat ekologik dasturlari va boshqa ekologik dasturlarning amalga oshirilishida ishtirok etishi, hududiy ekologik dasturlarni tasdiqlashi va ularning amalga oshirilishini ta’minlashi hamda tegishli hududda davlat ekologik nazoratini amalga oshirishlari belgilangan. Shundan kelib chiqib, asosiy Qomusimizning 100-moddasi normalarini ixtiyoriylik tamoyilidan majburiylik tamoyiliga o‘tkazish zarur.

Iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlarini bartaraf etish hamda unga moslashish tamoyili Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lishi kerak.

Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiya normalarini takomillashtirish mamlakatimizda demokratik-huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, ekologik huquq-tartibotni mustahkamlash, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faolligini va mas’uliyatini oshirishning asosiy prinsiplarini belgilashda, fuqarolar manfaatlari, ekologik huquq va erkinliklarini kafolatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ibratjon Karimov,

O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi

Bosh direktori o‘rinbosari

Ko‘proq yangiliklar: