Barcha fasl o‘z husn-u tarovati, bir-birini takrorlamasligi bilan go‘zaldir. Bolalikning sehrli olamida yashayotgan, hayot tashvishlaridan uzoqda, o‘zlarining mo‘jizakor dunyolarida bolalik gashtini surayotgan samimiy va quvnoq bolajonlar uchun yoz faslining gashti o‘zgacha. Yozgi ta’til davomida bolalarning yangicha bilim va ko‘nikmalarni egallashlari, yangi do‘stlar orttirishlari, maroqli dam olishlarini tashkillashtirish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi va O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi ijroiya qo‘mitasining 2022 yil 12 apreldagi “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi boshqarma va korxonalar tasarrufidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarini 2022 yil yozgi mavsumga tayyorlash, dam oldirish va mavsumni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaroriga asosan, jamiyat tasarrufidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida yozgi mavsum davomida bolalarni salomatliklarini mustahkamlashlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishi, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarini muntazam o‘tkazilishi hamda bolalarni maroqli dam olishlarini tashkil etilishi belgilangan.
Joriy yil yozgi mavsum davomida jamiyat tasarrufidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida 10 mingga yaqin bolalarni dam olishlari rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda birinchi smenaga 2245 nafar bola qabul qilindi.
Jumladan:
• Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Yosh alangachi” nomli bolalar sog‘lomlashtirish oromgohiga 503 nafar,
• Muborak gazni qayta ishlash zavodiga qarashli “Nihol” nomli bolalar sog‘lomlashtirish oromgohiga 401 nafar,
• Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Beruniy” nomli bolalar sog‘lomlashtirish oromgohiga 226 nafar,
• Sho‘rtan gaz kimyo majmuasiga qarashli “Lochin” nomli bolalar sog‘lomlashtirish oromgohiga 902 nafar,
• Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga qarashli “Neftchi” nomli bolalar sog‘lomlashtirish oromgohiga 213 nafar bola qabul qilingan.
Shu bilan birga, joriy yilning 14 iyun kunidan “O‘zbekneftgaz” AJ markaziy apparati va Ustyurtgaz qazib chiqarish boshqarmasi xodimlarining 260 nafar farzandlari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga qarashli “Quyoshli” nomli bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida dam olishlari rejalashtirilgan.
Barcha oromgohlar sanitariya-gigiyena hamda xavfsizlik talablariga to‘liq javob berishi va qulay sharoitda bolalarning belgilangan kundalik hayot tarziga rioya etishi, sifatli ovqatlanishi, ijodiy salohiyatini rivojlanishi, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllanishi, maroqli dam olishi, salomatliklarini tiklashi va mustahkamlashi, jismoniy tarbiya, sport va turizm bilan shug‘ullanishlari uchun to‘liq sharoitlar yaratilgan.
Oromgohlarga sifatli oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarni uzluksiz yetkazib berish, malakali kadrlarni jalb etish va dam olish maskanlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlarini, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini imtiyozli ravishda dam oldirib, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda.
Bundan tashqari, oromgohlarning tinchlik va osoyishtaligini, xavfsizligini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar boshqarmalari, Milliy gvardiya, Yong‘in xavfsizligi boshqarmalari, Favqulotda vaziyatlar boshqarmalari, Tibbiyot xodimlaridan malakali mutaxassislari xizmat ko‘rsatmoqdalar.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ