Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Misrdagi vatandoshlar bilan uchrashdi

Jamiyat 23:21 / 09.06.2022 19206

O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi tashkilotchiligida o‘tkazilgan uchrashuvda muftiy vatandoshlar qarshisida nutq so‘zlab, ularga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab bergan.

Nuriddin Xoliqnazarov O‘zbekiston musulmonlar idorasi xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan doimiy muloqot o‘rnatish, hamkorlik qilish shuningdek, mehnat muhojirlarining huquq va manfaatlari, e’tiqodlarini himoyalash borasida juda katta ishlar qilinayotganini ta’kidlab o‘tgan.

Jumladan:

  • o‘tgan Ramazon oyida 12 nafar o‘zbekistonlik ulamo AQShdagi vatandoshlar bilan muborak ibodatlarni birga ado etish barobarida ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar orqali ularning ruhiy olamini boyitishgani;
  • Yevropa, Rossiya, MDH va qo‘shni davlatlardagi vatandoshlar bilan o‘zbekistonlik imom-domlalar doimiy uchrashuvlar tashkil etib kelinayotgani
  • Misrda o‘tkazilayotgan xalqaro anjumanda e’tirof etilgan, Suriya va Afg‘onistondagi urush o‘choqlaridan 500 dan ziyod O‘zbekiston fuqarolarining vatanga qaytarilishi;
  • Ukrainadagi qaltis voqealardan so‘ng 6 mingdan ziyod O‘zbeksiton fuqarolarining vatanga qaytarilgani va ularning ishlashlari hamda o‘qishni davom ettirishlari uchun barcha shart-sharoitlar berilganini aytib o‘tgan.
Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Muftiy, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda din sohasida juda katta xayrli ishlar bo‘layotgani, xususan mo‘min-musulmonlarning shar’iy ehtiyojlarini to‘la qondirishga katta sa’y-harakat qilinayotganini aytib, Misrda tahsil olayotgan ahli ilmlar yurtimizda faoliyat olib borayotgan Qur’oni karim va tajvid kurslariga kerak bo‘lishini ta’kidlagan.

Nuriddin Xoliqnazarov o‘zga yurtda yashash, ishlash va o‘qish oson emasligini ta’kidlab, vatandoshlarga o‘zlari yashab turgan davlat qonunlari va tartiblariga jiddiy rioya qilish lozimligini, aks holda turli tashvishli oqibatlar kelib chiqishi mumkinligini aytgan.

Shuningdek, vatandoshlar musofir yurtlarda tug‘ilib o‘sayotgan farzandlarini vatanga muhabbatli qilib tarbiyalashlari lozimligini uqtirgan.

Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

So‘zining yakunida, muftiy Haq taolodan, barcha vatandoshlarga, ish yoki o‘qish bilan Misrda yurganlarga sihat-salomatlik, omad va muvaffaqiyatlar tilab, xayrli duolar qilgan.

Bundan tashqari, bugun, 9 iyun kuni Qohirada o‘tkazilayotgan xalqaro anjuman doirasida muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Misr Arab Respublikasi muftiysi Shavqiy Ibrohim Allom bilan uchrashuv o‘tkazgan.. Unda O‘zbekistonning Misrdagi elchisi Mansur Qilichev, Misr Arab Respublikasi muftiyligi vakillari va boshqa mutasaddilar ham ishtirok etgan.

Ko‘proq yangiliklar: