Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Namangan viloyati Pop tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda, “P.Z.” MChJ rahbari S.X. aholi iste’moli uchun ajratilgan 54,9 tonna 1-navli un mahsulotini boshqa shaxslarga qimmat narxlarda sotib yuborgani aniqlangan.
Xuddi shunday, Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “A.U.” XK rahbari A.A. hamda “A.R.” va “T.M.” XKning norasmiy rahbari M.O. uzoq va chekka hududda istiqomat qilayotgan aholi uchun ajratilgan 10,1 tonna un mahsulotini Marg‘ilon shahri hududida boshqa shaxslarga bozor narxida sotib yuborgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan A.A., M.O. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksi 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Departament xabarida aytilishicha, hozirgi vaqtda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.