Natijada, 40 turdagi 4 530 dona uyali aloqa vositalari bojxona yuk deklaratsiyasida va yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagani fosh bo‘ldi. Bojxona to‘lovlaridan qochish maqsadida hujjatlarda qayd etilmagan telefonlar umumiy qiymati 829 mln 500 ming so‘mni tashkil qilmoqda.
Bojxona qo‘mitasi xabariga ko‘ra, telefonlar qonuniy tartibda respublikaga import qilinganida, davlat budjetiga 220 mln so‘m bojxona to‘lovlari undirilgan bo‘lardi.
Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan Qarshi shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda avvaldan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi avtomashina to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.
Natijada, avtomashina yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan, ammo sifati va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan salkam 100 dona uyali aloqa vositalari borligi aniqlandi, ular qiymati 49 mln so‘mni tashkil qilmoqda.
Joriy yil o‘tgan 5 oyi davomida respublika bojxonachilari tomonidan to‘xtatib qolingan uyali aloqa vositalari soni o‘tgan yil mos davriga nisbatan 1,3 barobarga ortgan. Aniqlangan 142 ta qonunbuzarlik holatida qiymati salkam 7,7 mlrd so‘mlik 7 200 dona uyali aloqa vositalari noqonuniy olib chiqilishi oldi olindi.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.