SSSR davrida GAI deb atalgan bo‘lim nomi avvaliga DAN, so‘ng YHXX deb o‘zgartirildi. Lekin odamlar, hatto ichki ishlar xodimlarining o‘zi ham bu sohani hanuz eskicha atashda davom etishmoqda. Biz ham maqolamiz sovet davriga oid bo‘lgani uchun o‘sha vaqtdagi atamani ishlatamiz.
Unga uchraganlar pora taklif qilishni xayoliga ham keltirmagan
Sodiq Qosimov Toshkentda hunarmand oilasida tug‘iladi. U Ikkinchi jahon urushida munosib qatnashib, “Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba” medaliga sazovor bo‘ladi. Tinchlik davrlarida butun umrini ichki ishlarda xizmatga bag‘ishlaydi va militsiya starshinasi unvonida 25 yildan ortiq faoliyat yuritadi.
U GAIga ishga o‘tgunga qadar, militsiyadagi faoliyatiga bir yil bo‘lmasdan 4 nafar jinoyatchini qo‘lga olishda ko‘rsatgan jasorati uchun rag‘batlantirish sifatida velosiped bilan taqdirlanadi. Umuman, o‘z faoliyati davomida Sodiq Qosimov “Qizil bayroq”, “Qizil yulduz” ordenlari, “Sharafli mehnati uchun” medali va “5 yillik zarbdori” mukofotlari qatorida jami 83 marta rag‘batlantirilgan hamda tantanalar bilan pensiyaga kuzatilgan.
Lekin Sodiq Qosimovga haqiqiy shuhrat GAIdagi faoliyati ortidan keladi. Uning juda uzun va gajakdor mo‘ylovi, tayog‘ini mohirlik va san’atkorona o‘ynatishi, harakatni nazorat qilishda hushtagini ustalik bilan chalishini odamlar maroq bilan tomosha qilib turishgan. Bu harakatlari uchun Sodiq Qosimovni “artist” deb ataganlar.
U vaqtlari hali svetoforlar ko‘p joyda bo‘lmagan, xodimlar maxsus forma va issiq bo‘lishiga qaramay etik va furajkada yo‘llardagi harakatni chorrahalar o‘rtalariga turib olib nazorat qilishgan.
Sodiq Qosimov har bir qoidabuzarlikni erinmay tushuntirgan, jarimani adolatli qo‘llagan va hech qachon pora olmagan. Uning bu boradagi qat’iyatini bilgan va yaxshi tanigan haydovchilar pora taklif qilishni xayollariga ham keltirishmagan.
Xushchaqchaq bu insonning fotosurati 1966 yilda ittifoqning mashhur “Ogonyok” jurnali muqovasida bosilgan. Suratkash Lev Sherstennikov Sodiq Qosimovning kayfiyatini, odamlarga va o‘z kasbiga bo‘lgan munosabatini surat orqali aks ettira olgan.
“Sodiq Qosimov kabi insonlar ichki ishlar tizimining faxri hisoblanadi va ularning faoliyati xodimlarimizga o‘rnak qilib ko‘rsatiladi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida tashkil qilingan “Shon-sharaf” muzeyida ham Sodiq Qosimovga alohida bo‘lim ajratilgani bejiz emas. Bu xodim haligacha tizimga sadoqat va halollik ramzi bo‘lib kelmoqda. Muzeyimizga tashrif buyurganlar uning hayot yo‘li bilan kengroq tanishsalar maqsadga muvofiq bo‘ladi”, deydi Toshkent shahar IIBB katta inspektori Jamoliddin Nasimov.
Dushanbedagi mo‘ylovdor GAI
Tojikistonning ham aynan shunday GAI xodimi borligi va har ikkisi deyarli bir davrda hamda bir xil uslubda ishlab o‘tganlari qiziq.
1936 yilda oddiy qishloq oilasida tug‘ilgan bolaga Yormahmad deb ism qo‘yishadi. Yoshligidan Qur’onni yaxshi o‘rgangan bolakayning ismi yoshi o‘smirlikka yetganida Mulla deb o‘zgartiriladi.
Maktabni tugatgan Mulla Nurov haydovchi bo‘lib ishlaydi, harbiy xizmatni Boyqo‘ng‘ir kosmodromida o‘taydi. Shaxsan Sergey Korolyovning haydovchisi bo‘lgani, Valentina Tereshkova va boshqa ko‘plab kosmonavtlarni ko‘rganini faxrlanib eslaydi.
Xizmatdan qaytib haydovchilik qilayotganida uni GAI xodimi to‘xtatadi va biror qoidabuzarlik qilmagan bo‘lsa-da jarimaga tortadi. Shundan keyin Mulla avtoinspektor bo‘lishga ahd qiladi va ko‘p sinovlardan o‘tib GAIga ishga kiradi.
Nurovning 33 yillik faoliyatiga oid juda qiziqarli ma’lumotlar saqlanib qolgan. U spirtli ichimliklar ichgan haydovchilarni uzoqdan payqashi bilan shuhrat qozongan. Bir kuni u hamkasblari bilan bahs boylashib, uchta haydovchini to‘xtatadi va ularning uchovi ham ichgan bo‘lib chiqadi.
Umuman, faoliyati davomida Mulla Nurov 14 mingdan ortiq mast haydovchilarni tutib, chora ko‘rgani bilan tarixda qolgan.
Mo‘ylovdor GAI umuman pora olmasligi, tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ymasligi bilan ham tilga tushgan. Uning hatto o‘z xotiniga nisbatan ham jarima qo‘llaganiga oid gap-so‘zlar yuradi va uning halolligini yaxshi biladigan ko‘pchilik bunga ishonadi ham. Uning o‘g‘li Anvar bu ma’lumotni tasdiqlagan. Onasi belgilanmagan joydan o‘tayotgani uchun otasi kelib o‘zini tanishtirgan va o‘z xotiniga jarima yozib bergan. Xotini bir necha kun arazlab yursa-da, baribir erining fe’lini bilgan holda kechirgan.
1990-yillarda Tojikistonda fuqarolik urushi boshlanib ketadi. Nurov alanga ichida qolgan Dushanbeda ham xizmatini davom ettiraveradi. Ammo unga ham qasd qilganlar bor edi – 1992 yilning 2 dekabrida u xizmat mashinasida otib ketiladi. Shahar bedarvoza holga kelib turgani uchun aytarli tergov ham olib borilmaydi, Mulla Nurovning 7 farzandi chirqirab qolaveradi.
1994 yildan boshlab Tojikiston IIV Mulla Nurov nomidagi mukofotni ta’sis etgan.
Abror Zohidov