Ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini hamda qonun ustuvorligini ta’minlashdan iborat. Prokuratura organlari esa respublika hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Ushbu maqolada mustaqil O‘zbekistonning ikki viloyatida bo‘lib o‘tgan deyarli bir hil holatni yodga olamiz va tahlil qilamiz.
Namangan, 2022 yil mart
Viloyat YHXB xodimi haydovchining avtomobilini majburiy ravishda jarima maydonchasiga olib borishga urindi. Bu jarayonda uning talabini ixtiyoriy bajarmagan haydovchining tanasiga bir necha marta elektroshoker moslamasi qo‘lladi. Holbuki haydovchi inspektorga qarshilik ko‘rsatmagan edi, shunchaki mashinasini jarima maydonigacha o‘zi haydab borishini aytgandi xolos. Biroq bu taklif inspektorga yoqmaydi.
Avtomashina vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirilib, haydovchiga nisbatan xodimning qonuniy talabiga bo‘ysunmaganligi uchun MJtKning 194-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi deya rasmiy bayonot ham berildi. Ammo nimagadir, ko‘p o‘tmay viloyat YHXB tomonidan berilgan bu videobayonot o‘chirib tashlandi.
Oradan qariyb 3 oy vaqt o‘tdi. Shu bo‘yi bu hodisani hamma esdan chiqardi. Rasmiy munosabatda elektroshoker yo‘llagan xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangani aytilgandi. O‘tgan vaqt ichida na xizmat tekshiruvi natijasi ochiqlandi va na qonunbuzar inspektorga chora ko‘rildi. O‘rtada oddiy bir fuqaroning jarimaga tortilgani qoldi.
Ichki ishlar idoralarida xizmat qiluvchi bir biridan mustaqil ikki manbaning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, namanganlik bu “elektroshoker ustasi”ga nisbatan na xizmat tekshiruvi tayinlangan, na nomiga bo‘lsa ham intizomiy jazo berilgan. U hozir ham ichki ishlar tizimida xizmatini davom ettirmoqda.
Samarqand, 2022 yil may
Markaziy Osiyoning turizm markazi deya ta’riflanadigan Samarqandda tungi reydni amalga oshirayotgan post-patrul xizmati xodimlari o‘zlari bilibmi yo bilmay, xorijlik sayyohlar guruhini “otdel”ga olib borishga harakat qilib ko‘rishdi.
Bu ishlarni “planni to‘ldirish” uchun qilayotganini yashirib o‘tirmagan xodim o‘zining talabi bajarilavermagach ixtiyoridagi elektroshoker bilan sayyohlardan birining “ta’ziri”ni berib qo‘ygandi.
Buni qarangki hodisa aks etgan videotasvirlar tarqalib ketgach “osmondan oyog‘ini uzatib tushgan” bu zo‘rovon xodimlarning o‘zlari ta’zirini yedilar.
Zudlik bilan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi, ular fuqaroga nisbatan elektroshokerni noqonuniy qo‘llagan bo‘lib chiqdi, vaziyat xalqaro tus ola boshlagan ham ediki ikkovlon xizmatdan haydaldi. Shu bilan kifoyalanilmadi - patrul post xizmati va jamoat tartibini saqlash bataloni komandiri hamda uning tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari ham egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. Bevosita xizmat boshlig‘i “hayfsan” oldi. Holat bo‘yicha jinoyat ishi ham ochilgan, ayni paytda ish tergovda.
Ma’lum bo‘lishicha, xodimlar turistlar bilan muomalada qator protsessual tartiblarga xilof ish qilishgan. Xorijlik turistlar ishtirokidagi huquqbuzarlikka huquqiy baho berish uchun Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlarini jalb qilinishi kerak bo‘lgan holda o‘zboshimchalik bilan ish tutishgan. Ishga Qozog‘iston tomoni hamaralashgani uchun samarqandlik “melisa”lar zo‘r berib turistlar bilan sodir bo‘lgan ko‘ngilsizlikda qo‘shni davlat fuqarolari jabrlanmagani, elektroshoker qo‘llangan shaxs o‘zbekistonlik ekanini bot-bot takrorlashdi.
Biroq mutasaddilar o‘zlarini oqlayman deb kattaroq qovun tushirib qo‘yishganini hali anglab yetishmadiyov. Nega mas’ullar elektroshoker qo‘llangan shaxs o‘zbekiston fuqarosi bo‘lganiga urg‘u bermoqdalar? Bu bilan nimani tushuntirishmoqchi? Xorijlik bo‘lsa odam-u, o‘zimizning fuqaro odam emasmi? Qonun talabi chet el fuqarosi uchun boshqa, mahalliy aholi uchun boshqacha ishlaydimi?
Do‘ppi tor kelsa...
Samarqand viloyat IIBda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytilgan yana bir ma’lumot diqqatimizni tortdi. Boshqarma boshlig‘i elektroshoker qanday holatlarda qo‘llanilishi, xodimlarning fuqarolar bilan muloqotida muomala madaniyatini oshirishga qaratilgan maxsus yo‘riqnoma ishlab chiqilganini, fuqarolar bilan har kuni muomalada bo‘ladigan sohaviy xizmatlarning xodimlariga kitobcha ko‘rinishida ushbu qoidalar tarqatilganini ta’kidlab o‘tdi.
Qiziq, bu kabi ishlar xodimlarga elektroshoker tarqatilishidan oldin qilinishi kerak emasmidi? Turizm markazi bo‘lmish Samarqanddaki ahvol shunday bo‘lsa, qolgan hududlardagi vaziyat haqida o‘ylashga ham qo‘rqasan kishi. Agar shu voqea bahona boshqa hududlarda ham elektroshoker qanday qo‘llanishi, xodimlar bilan muomalada qonun doirasidan chetga chiqmaslik tushuntirilayotgan bo‘lsa-ku, xo‘p-xo‘p, ammo bunday bo‘lmasa-chi?! Axir Namanganda haydovchi elektroshokerni qonunga zid ravishda qo‘llagan xodim jazosiz qolib ketdi-ku.
Samarqand hamda Namangandagi voqealar va unga IIV hamda prokuraturaning reaksiyasini ko‘rib o‘ylanib qolasan kishi... Bir mamlakat, bir qonun, ammo munosabat va qarorlar har xil. Xulosani esa har kimning o‘ziga qoldiramiz.
Jamshid Niyozov, jurnalist
Montaj ustasi: Muhiddin Nido