DXX tezkor xodimlari tadbirkordan 10 000 dollar talab qilgan «Yangiobod» bozori xodimini qo‘lga oldi

Jamiyat 07:41 / 08.06.2022 8063

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan «Yangiobod ixtisoslashgan bozori» MChJ mas’ul xodimlaridan biri tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga bozor xaridorlar gavjum bo‘ladigan hududidan savdo do‘koni olib berish evaziga 10 000 AQSh dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti shahar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u oldindan 8 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksi 168- va 28,211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Aprel oyida esa «Farhod dehqon bozori» AJ direktori, uning xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari hamda AT «Xalq banki» Uchtepa tuman filiali «Farhod dehqon bozori»ga xizmat ko‘rsatuvchi kassiri bilan bog‘liq noqonuniy holat aniqlangandi.

Toshkent shahar hokimining 2021 yil 19 fevraldagi 203-sonli «Elga xizmat» va «Arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari» savdo nuqtalaridan bir martalik yig‘imlar va ijara to‘lovlari olinmasligi haqidagi qaroriga zid ravishda, mahalliy tadbirkorni bozordan chiqarib yuborish bilan qo‘rqitib, 2021 yil oktabr oyi oxirlaridan 2022 yil fevral oyiga qadar undan bozorda savdo faoliyati olib borishi evaziga har kuni 66 ming so‘mdan pul mablag‘i olib kelishgan.

Ular tadbirkordan joriy yil fevral-mart oylari uchun 3 mln 400 ming so‘m to‘lov qilishini talab qilgan.

DXX Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va shahar IIBB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Xalq banki» Uchtepa tuman filiali «Farhod dehqon bozori»ga xizmat ko‘rsatuvchi kassiri o‘z xizmat xonasida so‘ralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Uning yonida kunlik tushumdan inkassatsiya qilingan 8 mln 300 ming so‘m va inkassatsiya qilinmagan 9 mln 150 ming so‘m pul mablag‘lari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Tezkor tadbir davomida «Farhod dehqon bozori» AJ direktori hamda uning xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari ham ushlanib, direktor o‘rinbosari avtomashinasida bo‘lgan 24 mln 967 ming so‘m pul mablag‘i o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksi 165-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ko‘proq yangiliklar: