Qashqadaryodan ish izlab kelgan 4 bolali oila Toshkentda ko‘chada qolib ketdi

Jamiyat 13:58 / 07.06.2022 15575

Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilgan, ayollarga oid 2 ta muammoli holatni o‘rgandi. Bu haqda Senat matbuot xizmati Kun.uz'ga xabar berdi.

5 iyun kuni Facebook'dagi Maslahat.uz guruhida qoldirilgan postda surxondaryolik er-xotin Toshkentga ishlash uchun kelib, chorasiz holda qolgani haqida ma’lum qilingan.

“Dahshatlisi, ayol kesarcha bilan tug‘ishi kerak, avvalgi uch farzandini ham kesarcha yo‘li bilan tuqqan chunki. Xullas, ularni shu ahvolda tashlab keta olmadim, ishxonamizning sexiga joylashtirdim. Qo‘limizdan kelguncha, yotoq va oziq-ovqat bilan ta’minladik.

Sizlardan iltimos, hozir bu ayolga tibbiy ko‘rik, hujjat, kiyim (bolalar va o‘ziga, chaqaloqqa kiyilgani bo‘lsa ham) judayam zarur. Ayolning bugun-erta ko‘zi yoriydigan. Davlat tomonidan mobodo biron yordam ololsak, unga ham vositachi bo‘linglar, iltimos”, deya yozgan Go‘zal Nazarqosimova ismli foydalanuvchi.

Senat qo‘mitasining o‘rganishicha, shar’iy nikoh bilan yashayotgan er-xotin R.Abrayev va F.Shoto‘rayeva ijtimoiy og‘ir ahvolda, rasmiy hech qayerda ishlamaydi, uch nafar farzandi bor. Toshkent shahriga ish izlab kelishgan. 5 iyun kuni Toshkent tibbiyot instituti huzuridagi tug‘uruqxonada kesarcha usulda to‘rtinchi farzandi tug‘ilgan.

Yuqoridagi post muallifi oilani o‘zi ishlaydigan sexga joylashtirgan va ularning nomiga xayriya asosida pul yig‘ilib, ayol uchun kerakli dori-darmonlar sotib olingan.

Senat qo‘mitasi tomonidan ona-bola holidan xabar olinib, kerakli muolajalar uchun dori-darmon, oziq-ovqat va moddiy yordam ko‘rsatilgan. Shuningdek, F.Shoto‘rayevani “Ayollar daftari”ga kiritish, rasmiy nikoh bilan bog‘liq masalalar yuzasidan tegishli mutasaddilar bilan ko‘rib chiqish uchun Qashqadaryo viloyati, Dehqonobod tumani hokimligiga topshiriqlar berilgan.

Qo‘mita tomonidan vaziyati o‘rganilgan yana bir ayol – Z.R. Toshkent shahar Bektemir tumanidagi xonadonlarning birida ijara shartnomasiz yashaydi. O‘rganish davomida ayol fuqarolik pasportini yo‘qotib qo‘ygani, rasmiy hech qayerda ishlamasligi, qaramog‘ida otasi boshqa bo‘lgan 2 nafar voyaga yetmagan 6 yosh va 2 yoshli qiz farzandlari borligi, farzandlariga otalik belgilangani bilan nafaqa to‘lanmasligi aniqlangan.

Qo‘mita tavsiyasi bilan Z.R.ning bandligini ta’minlash uchun Nurafshon mahallasida jamoatchilik ishiga jalb qilingan. Shuningdek, mahalla binosining bo‘sh turgan ikki xonasini ta’mirlab, yashash uchun sharoit qilib berishga, fuqarolik pasportini tiklagunga qadar vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yish, zudlik bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish , qiziqishiga ko‘ra monomarkazda qandolatchilik yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitish va o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish uchun subsidiya ajratish rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: