Samarqandda texnikum xo‘jalik mudiri talabaga pichoq otib jarohat yetkazdi

Jamiyat 22:09 / 04.06.2022 15285

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand axborot texnologiyalari texnikumida ishlovchi shaxs talabaga pichoq otib jarohat yetkazgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat IIB axborot xizmati rahbari Jahongir Sa’dullayev hodisa yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 3 iyun kuni soat 20:50 lar atrofida Samarqand axborot texnologiyalari texnikumida xo‘jalik mudiri lavozimida ishlovchi J.A. talabalar yotoqxonasida yashovchi, shu texnikumning birinchi bosqichida tahsil olayotgan Z.Z.ning xonasiga kirgan vaqtida talaba o‘rnidan turmay joyida yotgani sababli ular o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan.

Shundan so‘ng J.A. stol ustida turgan oshxona pichog‘ini talabaga qarata otgan. Oqibatda oshxona pichog‘i talabaning o‘ng oyog‘i pastki qismiga tekkan va u tan jarohati olgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada talaba shifoxonaga murojaat qilmaganini, jarohatini talabalar bog‘lab qo‘yganini aytgan.

Qayd etilishicha, hozirda talabaning ahvoli yaxshi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: