Mazkur tashrif davomida zavod ehtiyojlari uchun zarur bo‘ladigan mahsulotlar, butlovchi buyum, materiallar hamda sanoat xizmatlarini mahalliylashtirish, korxonalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi aloqalarini o‘rnatish masalasi ko‘rib chiqildi va hamkorlik borasida aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Tashrif davomida tadbirkorlarga zavodning barcha ishlab chiqarish uskunalari va reaktorlari, ularning ishlash faoliyati va mohiyati, zamonaviy laboratoriya, boshqaruv pulti bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi. Alohida tashkil etilgan “shou-rum”da ekspluatatsiya jarayonida zavod ehtiyojlari uchun zarur bo‘ladigan va hozirda importdan yetkazib berilayotgan mahsulotlar namunalari ko‘rsatib berildi.
Tadbir doirasida zavodga tashrif buyurgan mahalliy ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar respublikaning deyarli barcha hududlaridan tashrif buyurishgan bo‘lib, ular bilan zavod uchun mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish va yangi turlarini o‘zlashtirish bo‘yicha 20 ga yaqin o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Aytish joizki, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning tashabbus va topshiriqlari asosida jamiyat va mahalliy ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi aloqalarini amalga oshirish ishlariga doimiy ravishda ustuvor ahamiyat berib kelinmoqda.
2022 yilda yagona kooperatsiya portali orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilardan 1,5 trln so‘mdan ortiq shartnomalar tuzilishi, mahalliy korxonalar bilan kooperatsiya asosida 350 dan ortiq mahsulot va xizmatlarni o‘zlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” imzolanishi, shuningdek 10 mln AQSh dollaridan ortiq miqdordagi mahsulotlarni o‘zlashtirish va ular importini qisqartirishga erishish reja qilingan.
Aynan, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ular bilan hamkorlikni kengaytirish doirasida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan 2021 yil davomida yagona elektron kooperatsiya portali orqali jami 137 ta mahalliy korxonalar bilan umumiy qiymati 32,0 mlrd so‘mga teng bo‘lgan 490 ta shartnomalar imzolagan.
Bundan tashqari mahalliy tadbirkorlik sub’yektlari va ilmiy tadqiqot institutlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni zavodda tajriba sinovlaridan o‘tkazish orqali, sifat va narx ko‘rsatkichlari bilan bog‘liq masalalar borasidagi hamkorlik ishlari rejalashtirilgan.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ