“Ko‘proq suv ishlatgan ko‘proq to‘lashi kerak”. Amerikadagi vatandosh – O‘zbekistondagi suv muammolari va tejamkorlik haqida

Jamiyat 20:01 / 04.06.2022 54055

“Qilayotgan ishlarimni yurt oldidagi burchim deb bilaman”, deydi u. Biz Asqarali Karimov bilan Amerikadagi faoliyati, O‘zbekistondagi suv muammosi, infratuzilma, yomg‘irlardan keyin toshqinda qoladigan Toshkent kabi mavzularda suhbatlashdik.

“Facebook kompaniyasining serverlarini quradigan inshootni loyihalashtiryapmiz”

— Bugungi kunda “Kasberg, Patrick & Associates” injyenerlik loyihalash kompaniyasida gidrologiya loyihalarini boshqaraman. Texnik direktorman. Hozir asosiy mijozlarimiz – shaharlar. Shaharlarda toza ichimlik suvi, oqova suvlar, yo‘l infratuzilmasi, drenaj (yomg‘ir yog‘ganda shaharlardagi suvni olib chiqib ketish) – hammasini kompaniyamiz loyihalaydi.

Loyihalarimiz ko‘p. Yana biri – o‘zimizning Tempos shahrida Meta (Facebook, Instagram tarmoqlariga egalik qiluvchi kompaniya) serverlarini saqlaydigan inshootning kanalizatsiyasi, suvi kabilarni loyihalayapmiz, 1 mlrd dollarlik loyiha.

Bundan tashqari, shahardagi suv tozalash inshootimizni kengaytiryapmiz, bu 50 mln dollarlik loyiha, keyingi yili ishga tushirishimiz kerak. Dunyodagi eng oxirgi texnologiyalar – membrana, ultrabinafsha dezinfeksiya tizimlaridan foydalanib quryapmiz. Suv tozalash inshootini kengaytirishimiz sababi – aholi ko‘paymoqda. Biz keyingi 20-30 yilni kutib o‘tirmasdan, hozirdan quryapmiz.

“O‘zbekistonda qishloq va shaharlar kengayishiga oid volontyorlik loyihasini qilyapmiz”

— Toshkentda ishlab yurgan paytlarim Oklahoma universiteti olimlari bilan hamkorlikda grant tashkil qilingan. O‘zbekistonda ilmiy ish qilmoqchimiz, qaysi shaharlarni tanlab olsak bo‘ladi deb o‘yladik. Ilmiy ishdan maqsad – O‘zbekistonda oxirgi 30-40 yilda shaharlar va qishloqlarning kengayishi bo‘yicha qanaqa o‘zgarishlar bo‘layotganini o‘rganish.

Kosmik s’yomkalar berilgandan keyin “remote sensing” texnologiyasi orqali buning ustida ishlanadi. To‘rtta shahar tanlab olganmiz: Buxoro, Samarqand, Qarshi va Toshkent. Hozir “dala ishlari” uchun, ya’ni shaharlarga borib, ularning chekkalaridagi drenaj tizimlari, yangi paydo bo‘lgan ko‘cha va mahallalarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish uchun keldik.

Oklaxoma universitetidan ikkita ilmiy xodimim bor. Biri talaba, ikkinchisi ilmiy xodim. Bu hammasi – volontyorlik loyihasi. Yurtimdagi muammolarni ko‘rib turib, ko‘z yummasdan qo‘limdan kelgancha bu muammolarni yechishni maqsad qilganman. Shu narsalarni Amerikada ham qilaman va O‘zbekistonda ham amalga oshirishni burchim deb bilaman.

“Toshkentning oqova va drenaj tizimi bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqyapman”

— Toshkent shahridagi muammolardan biri – barcha turdagi oqova suvlar uchun quvurlar bitta: sanoat korxonalari ishlatgan suvlar ham, drenaj suvlari ham bitta joyga boradi, sovet paytida shunday qilib qo‘yilgan. Amerikada esa ular alohida, turli suvlar bir-biriga qo‘shilmaydi.

Ikkinchi muammo, kuchli yomg‘ir payti suv lyuklardan yoki tuproqdan sizib o‘tib tagidagi sopol (50 yil oldin qurilgan) quvurlarga o‘tadi, natijada yomg‘ir suvlari ham borib oqova suv tozalash inshootiga tushadi. Inshoot esa, aytaylik, kuniga 1 million kub metr suvni tozalash quvvatiga ega. Ko‘p yomg‘ir yog‘ganda esa suv tozalash inshootiga shunchalik ko‘p suv kelganidan ayrim hollarda suvni oxirigacha tozalamasdan daryoga tashlab yuborishga majbur bo‘linadi.

Hozirda yog‘ingarchilik miqdorlari, suv tozalash inshootlaridan chiqqan suvlarning tozalanish darajasi bo‘yicha oxirgi bir yildagi laboratoriya ma’lumotlarini olib o‘rganyapman.

Bundan tashqari, drenaj tizimda lotoklar muammosi ham bor. Amerikada lotoklar yo‘q, yo‘lning ikki chetiga quvurlar qo‘yiladi va pastga tushgan suv shu orqali olib chiqib ketiladi; yo‘llar ham o‘rtasi balandroq, ikki cheti nishablik qilib quriladi – suv yo‘l yuzida turib qolmasligi kerak.

[Shahar hokimi] Jahongir Abidovich o‘zlari iltimos qilgan, yaxshilab o‘rganaylik, shoshilmasdan, keyin tavsiyalar bering deb. Ishni qayerdan boshlashim kerak, qanaqa qilib yomg‘ir suvlarini olib chiqib ketish kerak, nima ishlar qilishimiz kerak – hozir shuning ustida ishlayapman. Xudo xohlasa, hamma o‘zimga kerakli ma’lumotlarni yig‘ib olganimdan keyin o‘z tavsiyalarimni beraman.

[...] Toshkent 70-yillar oxirida ma’lum bir sondagi aholiga mo‘ljallab qurilgan, aytaylik, 2 mln odamga (taxminan). Shuncha paytdan beri poytaxt aholisi qanchaga ko‘paydi: 2 barobarga deylik. Lekin pastdagi quvur o‘zgargani yo‘q-ku. Quvurlar eskirgan, hajmi kamaygan: 1500 mmlik diametrdagi quvur bo‘lsa, hozir biz o‘sha quvurdan ikki barobar ko‘proq suv o‘tkazishimiz kerak. Bu – nasoslarga bosim, ko‘proq suv yo‘qotilishi, agregatlar ishdan chiqishi, ko‘p elektr sarf bo‘lishi degani.

Buni hali chuqur o‘rganganim yo‘q. Har bir shaharning o‘z dasturi bo‘lishi kerak, bitta nasos 70-50 yil ishlamaydi, 10-15 yilda nasosni almashtirish, ta’mirlash kerak. Demak, shahardagi suv muammolari infrastruktura juda eskirgani bilan ham bog‘liq.

“Ko‘proq suv ishlatgan ko‘proq to‘lashi kerak”

— Qurg‘oqchilik bo‘lgandan keyin migratsiya ko‘payadi, qurg‘oq joylardan xalq ko‘chib ketadi. Ko‘pchilik Toshkentga ko‘chib keladi, chunki bu yerda sharoit, suv bor. O‘zbekistonni qaraydigan bo‘lsak, biz sharqdan g‘arbga qarab cho‘zilganmiz. Foydalanadigan suvimizning taxminan 75-90 foizi boshqa mamlakatda – Tojikiston, Qirg‘izistonda to‘planadi.

Suv tanqis ekan, hisoblagichlar hamma joyga qo‘yilishi kerak. Hozir O‘zbekistonda ham tabaqalashtirilgan tarif yo‘lga qo‘yilishi ustida ishlanyapti. Masalan, men Texasdagi uyimda muayyan kubometrgacha miqdordagi suv uchun har bir kub metrga 1 dollardan to‘layman, agar oylik iste’molim undan oshib ketsa, 1,5 dollardan, yana ham oshsa, 2 dollardan to‘layman. Chunki men ko‘pchilik odamlarga nisbatan ko‘p suv ishlatyapman, shu sabab ko‘proq to‘lashim kerak.

Hammasi kelib odamlarning fundamental bilimlariga, ilmga borib taqaladi. Suv qayerdan kelyapti deb hammamiz o‘ylashimiz, ishlatilgan suv qayerga boradi degan narsani o‘zimiz izlanib boshlashimiz kerak. Qars ikki qo‘ldan chiqadi: harakat qilinsa-yu, xalqdan reaksiya bo‘lmasa, natija bo‘lmaydi.

“Men pulini to‘layapman, davlat qilishi kerak” deyishi mumkin kimdir. To‘g‘ri, uni ham qoralab bo‘lmaydi, siz – soliq to‘lovchisiz. Demak, sizni suv bilan ta’minlash davlatning vazifasi. Lekin agar biz qanchalik ko‘nikmamizni oshirib borsak, masalaga kollektiv yondashgan bo‘lamiz. Rivojlangan davlatlarga qarasak, xalqda bilim bor: suv qayerdan kelyapti, konsentratsiyasi qancha va hokazo. Chunki ularga doim o‘rgatiladi: turli tashviqotlar qilinadi, mahallalarda yig‘inlar bo‘ladi, maktablarda o‘rgatiladi.

Qurg‘oqchilikka moslashish uchun suv tejash texnologiyalarini qo‘llash va suvni tejashni o‘rgatish juda muhim. Chunki suv bo‘lmasa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtira olmaymiz, natijada iqtisodiy muammolar boshlanadi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov.

Ko‘proq yangiliklar: