Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 26 may kuni Samarqand shahar Farhod qo‘rg‘onida joylashgan to‘yxonada o‘tkazilgan sunnat to‘yi tadbirida qatnashganlarda ovqatdan zaharlanish holati yuz bergan. Oqibatda 2022 yil 28, 29, 30 may kunlari jami 19 nafar fuqaro ovqatdan zaharlanish tashxisi bilan shifoxonalarga yotqizilgan.
Jumladan, Jomboy tumani Olmazor mahallasida yashovchi 11 nafar fuqaro tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar bo‘limiga, shu mahallada yashovchi yana 5 nafar fuqaro tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasiga qarashli “Zarafshon” QVPga murojaat qilgan. Shuningdek, Bulung‘ur tumani Yangiobod mahallasida yashovchi 3 nafar fuqaro tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar bo‘limiga tibbiy yordam so‘rab borgan.
Dastlabki epidemiologik tekshiruv va surishtiruvlar natijasiga ko‘ra, barcha bemorlarda 2022 yil 27 may kuni ertalabdan ko‘ngil aynishi, qayt qilish, qorin sohasida og‘riq, ich ketishi va tana haroratining ko‘tarilishi kabi bir xil klinik belgilar kuzatilgan.
Bemorlar va to‘y tadbiriga qatnashganlar bilan o‘tkazilgan surishtiruvlarda zaharlanish Farhod qo‘rg‘onida o‘tkazilgan to‘yda iste’mol qilingan go‘sht mahsulotlari bilan bog‘liqligi aniqlangan.
To‘yda ishtirok etgan 350 nafarga yaqin fuqarolarni aniqlash borasida uyma-uy yurib o‘tkazilgan ko‘rik va surishtiruvlarda Jomboy tumani Olmazor qishlog‘ida yashovchi 165 nafar fuqaro, Bulung‘ur tuman Changal qishlog‘ida yashovchi 30 nafar fuqaro va Jizzax shahri “Saroyli” MFY hududida yashovchi 7 nafar fuqaro to‘yda qatnashgani aniqlangan.
Jizzax viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tomonidan o‘rganilganda to‘yda qatnashgan 7 nafar fuqaroda kasallik belgilari aniqlanmagan.
Qayd etilishicha, shifoxonalarda bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Oshqozoni yuvilgan, tozalovchi huqna qilingan hamda dezintoksikatsion hamda simptomatik davo muolajalari o‘tkazilgan. Shundan so‘ng barcha bemorlarning holati ijobiy tarafga o‘zgargan. Davolash muolajalari muvaffaqiyatli yakunlanib, barcha bemorlarga uyiga javob berildi va ularning sog‘ligi kuzatuvga olingan.
Hozirda holat yuzasidan Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
«Eslatib o‘tamiz, ayrim telekanallarning yangiliklar dasturida 196 nafar, ayrimlarida 200 nafar fuqaro zaharlangan, deya bergan ma’lumotlari bo‘rttirilib, asossiz noto‘g‘ri ko‘rsatilgan. Tegishli tashkilotlar mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi», deyiladi xabarda.