Qarshi shahridagi xonadonlardan birida bosqinchilik va qotillik sodir etildi

Jamiyat 17:05 / 31.05.2022 15639

Bosqinchilar oila boshlig‘ini vahshiylarcha o‘ldirishgan. Oilaning boshqa a’zolariga ham og‘ir tan jarohatlari yetkazilgan. Jinoyatni sodir etganlar hozircha ma’lum emas.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahridagi xonadonlaridan birida bosqinchilik holati yuz bergani, oqibatda oila boshlig‘i vahshiylarcha o‘ldirilgani, oila a’zolariga ham og‘ir tan jarohatlari yetkazilgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Qashqadaryo viloyati prokuraturasi axborot xizmati Kun.uz’ga qotillik sodir etilganini tasdiqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Qarshi shahridagi Komilon mahallasidagi xonadonlardan biriga bosqinchilik uyushtirilgan va oila boshlig‘i qotillik qurboni bo‘lgan. Oilaning boshqa a’zolariga ham turli darajada og‘ir tan jarohatlari yetkazilgan.

Viloyat prokuraturasi axborot xizmati hozirda hodisa yuzasidan tezkor tergov harakatlari olib borilayotganini, tez orada jamoatchilikka hodisa tafsilotlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etilishini ma’lum qildi.

 

Ko‘proq yangiliklar: