AQSh prezidentining yadro urushi holatidagi vakolatlari: NYT hatto Kongressga oshkor qilinmagan hujjatlarning uchini chiqardi

Jahon 11:12 / 31.05.2022 40224

New York Times'ning aniqlashicha, rejalar qatorida prezidentga favqulodda holatda qo‘shimcha vakolat berish bandi ham bor. Ma’lum bo‘lishicha, yadro urushi vaqtida harakatlar rejasini ishlab chiqish 1950-yillarda boshlangan va Kongress bu haqda hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmagani barobarida ularni nazorat ham qila olmaydi. Sovuq urush davridan buyon bu ma’lumotlar maxfiy hujjatlar yordamida yashirib kelinadi.

Boshida yadro urushi vaqtida harbiy holat e’lon qilish, ishonchsiz odamlarni qo‘lga olish va hatto xorijdagi ma’lumotlarga nisbatan senzura e’lon qilish ko‘zda tutilgan. Ammo oxirgi yillarda bunday holatda nima qilinishi, ya’ni favqulodda harakatlar bo‘yicha prezident direktivalarida nima deyilgani noma’lum.

Jurnalistlar baribir bu sirli jumboqqa yo‘l topishga urinib ko‘rishdi. Ular kichik Jorj Bush administratsiyasi vaqtidagi hujjatlarni ko‘zdan kechirishga muvaffaq bo‘lgan. Bush ma’muriyatining 2001 yil 11 sentabrdagi teraktlardan keyingi harakatlariga aloqador bo‘lgan o‘sha hujjatlarda yuqoridagi maxfiy harakat rejasiga ishoralar bor.

Brennan adolat markazi tomonidan NYT'ga taqdim etilgan hujjatlardan ko‘rinadiki, Bush administratsiyasi qonunchilik orqali prezidentga harbiy holatda favqulodda vakolat berishga harakat qiladi. Bu vakolatga ko‘ra prezident favqulodda holatda internetni nazorat qila olishi, hatto mamlakatda aloqani uzib qo‘yish vakolatiga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan. O‘sha vaqtda internet katta tezlikda ommalashayotgani sabab shunday qarorga kelinganini taxmin qilish mumkin.

2008 yilga oid ekani aytilgan yana bir hujjatda AQSh Adliya vazirligi Oliy sudning yaqinda chiqargan qarori munosabati bilan yangi prezident farmoni loyihasini ko‘rib chiqayotgani aytilgan. Gap Oliy sudning qaysi ishi haqida ketayotgani aytilmagan, ammo jurnalistlarning qo‘liga borib tushgan hujjat sanasidan bilsa bo‘ladiki, biroz avval AQSh Oliy sudi favqulodda holatda hukumatni o‘ylantirishi mumkin bo‘lgan ikki qaror chiqargan: birinchisi AQShdagi qurol huquqi to‘g‘risida, ikkinchisi Guantanamodagi mahbuslarning sud majlislaridagi huquqlari to‘g‘risida.

«11 sentabr voqealaridan keyingi harakatlar rejasini ifodalagan hujjatlar amerikaliklar huquq va erkinliklariga bevosita ta’sir qilgan bo‘lardi. Qo‘shimchasiga Kongress ular ustidan nazorat o‘rnata olmaydi. Bunga esa yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», deydi NYT'ga hujjatlarni taqdim etgan Brennan adolat markazi vakili Elizabet Goyteyn.

Ekspertning fikricha, yillar davomida yadro urushi vaqtidagi harakatlar rejasiga yadroviy hujum qilishdan tashqari yana ko‘plab narsalar qo‘shilgan. Oxirgi yillarda bu borada hujjatlar soni kengayib, yettita farqli kategoriyalarga bo‘lingan. Ammo ularning mazmuni maxfiy.

Yaqinda oshkor bo‘lgan hujjatlardan bilish mumkinki, Jorj Bush prezidentlikka kelgan vaqtda bunday mazmundagi buyruqlar 48 ta bo‘lgan. 2008 yilga kelib esa ularning soni 56 taga yetgan. Hujjatlarda Kongress bilan muhokama haqida bir og‘iz ham gapirilmagan.

O‘sha vaqtda maxfiy buyruqlar tayyorlash va qayta ishlash masalasi bilan vitse-prezident Dik Cheyni ofisi vakillari shug‘ullangan. OAVda tarqalgan hujjatda nomlari keltirilgan Bush administratsiyasi mansabdorlarining aytishicha, favqulodda holatdagi ushbu direktivalar (tegishli idoralarga beriladigan buyruqlar jamlanmasi) 11 sentabrdan keyin qabul qilinishi mantiqan to‘g‘ridek ko‘ringan. Ular bu buyruqlarni AQSh byurokratiyasidagi «yoppa tozalash» deb atagan. Ya’ni o‘shanda hukumat o‘z ichki xavfsizligi haqida o‘ylay boshlagan.

11 sentabr voqealaridan keyin prezidentga favqulodda vakolat beradigan direktivalar (yo‘l-yo‘riq) ko‘rib chiqilgan va katta ehtimol bilan kengaytirilgan.

NYT'ga ma’lumotlarni taqdim etgan Brennan adolat markazi vakillari prezidentning favqulodda holatdagi vakolatlari to‘g‘risida hujjatlarni to‘plagan. Ular axborot erkinligi to‘g‘risidagi qonunga asosan Jorj Bushning prezidentlik kutubxonasidan 500 sahifa hujjatlarni olishadi.

Yana 6000 sahifa ma’lumotni markazga berishmaydi va bunga sabab sifatida hujjatlarda davlat sirlari borligi keltiriladi. Ammo markaz o‘tgan yil dekabrda Vakillar palatasi qabul qilgan ijro hukumatining vakolatlarini sezilarli tushirishga qaratilgan qonun loyihasiga asoslanib bu hujjatlarni berishlarini talab qiladi. Bu qonun loyihasi Tramp ishdan ketganidan keyin tayyor bo‘ladi. «Demokratiyani himoya qilish to‘g‘risida» deb ataluvchi qonun loyihasida favqulodda holatlardagi rejalarni Kongressga oshkor qilish talabi ham ilgari surilgan. Ammo qonun Senat tomonidan tasdiqlanmagan, uning qabul qilinishiga respublikachilar qarshi chiqmoqda (Tramp ham respublikachi edi). Tabiiyki, qabul qilinmagan qonun bilan qilingan da’vo Bushning prezidentlik kutubxonasi vakillari tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan.

Favqulodda holatda prezidentning vakolatlarini cheklash tarafdori bo‘lgan ikki partiyadagi qonunchilar esa «Demokratiyani himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunni o‘tkazish uchun qonunda cheklanmagan hiyla ishlatishmoqchi. Ularning fikricha, qonundagi talablarni har yili e’lon qilinadigan AQSh harbiy budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasiga kiritish kerak. Odatda bu qonun ikki palata tasdig‘idan tezgina o‘tib ketadi.

Favqulodda holatdagi prezident vakolatlari borasida talablar biror qonun loyihasiga kirishi aniq bo‘lmay turgan bir vaqtda bu borada maxsus qonun loyihasini ishlab chiqqan demokrat-senator Edvard Marki endilikda Kongressda favqulodda holatlardagi harakatlarda ishtirok etish huquqi paydo bo‘lganini aytmoqda.

«Ijro hokimiyati favqulodda holatda prezident qanday favqulodda vakolatlarga egalik qilishi to‘g‘risidagi hujjatni bizga yuborishi va biz uning konstitutsiyaga qanchalik mos ekanini ko‘rib chiqishimiz kerak. Bu qonunchi sifatida bizning oldimizda turgan qarz, chunki Kongress AQSh xalqining vakili», degan Massachusetsdan saylangan senator NYT'da e’lon qilingan murojaatida.

AQShning 45-prezidenti Donald Tramp koronavirus pandemiyasi boshida mutlaq vakolatga egaligini aytganidan keyin demokrat Edvard Marki yuqoridagi qonun loyihasini ishlab chiqishga kirishgan. Ammo Tramp o‘shanda xato gapirgandi, chunki AQShda prezident vakolatlari keskin cheklangan, asosiy qarorlar Kongress roziligidan keyin amalga oshiriladi.

1950-, 60-yillardagi prezidentga qo‘shimcha vakolat beruvchi direktivalar haqida ko‘proq narsalar aniqlash mumkin, ular haqida keyinchalik ishchi hujjatlarda ham ta’kidlangan. O‘sha qaydlarda turlicha ko‘rinishda harbiy holat e’lon qilish, xorijdan keladigan ma’lumotlarga senzura e’lon qilish, qo‘lga olinganlarni muddatsiz ushlab turish uchun sud eshituvlarini bekor qilish kabi cheklovlar haqida so‘z boradi.

1950-yillardagi favqulodda holatlarda amal qiladigan hujjatlarda ma’lum toifadagi odamlar kirishi taqiqlanadigan harbiy hududlar tashkil etish haqida ham gapirilgan. Ikkinchi jahon urushi vaqtida shunga o‘xshash cheklov amalda bo‘lgan: AQSh yaponlar va kelib chiqishi yaponiyalik bo‘lgan amerikaliklarga AQShning Tinch okeani bo‘yidagi ko‘p hududlariga borishni taqiqlagan. 2019 yilda oshkor bo‘lgan memorandumga ko‘ra yuqoridagi taklif 1967 yildayoq bekor qilingan.

«Yaponlarga qo‘yilgan cheklovni keskin tanqid qilishlariga asos bor. Amerikalik fuqarolarni ularning irqi, e’tiqodi va millatiga qarab qo‘lga olish, huquqlarini cheklashning yomon oqibatlari bor», deyilgan o‘sha band haqida.

1960-yillarga oid hujjatlarda Kongress majlisini xavfsiz joyga ko‘chirish va iqtisod ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish uchun maxsus nazorat organi tashkil etish haqida bandlar bor. Bu organ faqat prezidentga bo‘ysunishi va xususiy mulkni davlat ehtiyoji uchun olib qo‘yish, maoshlar, ijara narxi va umuman barcha narxlar ustidan nazorat o‘rnatish, tovarlarni taqsimlash, mehnat mojarolarini hal qilish kabi vakolatlarga ega bo‘lishi qayd etilgan.

Yana bir g‘alati jihat shundaki, Barak Obama prezidentligidagi bir necha yil davomida AQSh Adliya vazirligi Kongressga taqdim etilgan budjetga doir hujjatlarda 2012 yil favqulodda holatdagi prezident vakolatlariga oid 56 ta hujjatning qonuniyligini tahlil qilishni boshlaganini aytib kelgan. 2017 yil Tramp prezidentlik qilgan vaqtda ham vazirlik bu haqda ma’lum qilgan. Shundan keyin moliyaviy hujjatlarda bu borada so‘z bormaydi.

Ko‘proq yangiliklar: