Ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda ko‘krak bezi saratoni ayollarda eng keng tarqalgan saraton bo‘lib qolmoqda. Bu bir qator obektiv va sub’yektiv omillar, jumladan, nosog‘lom turmush tarzi, ayollarning reproduktiv xulq-atvori va atrof-muhitning buzilishi bilan bog‘liq. Biroq zamonaviy ilm-fanning rivojlanishi bilan bu tashxis endi muqarrar hukmga o‘xshamaydi.
O‘zbekiston va Misrda kasallikni davolashga yondashuvlar har xil. Ko‘krak bezi saratoniga qarshi kurash bo‘yicha bilimlarni chuqurlashtirish va amaliyotni kengaytirish uchun ikki maktab vakillari o‘rtasida tajriba almashish juda foydali. Misrlik mutaxassis Ayman Ali Abu Shmeylaning aytishicha, Jamila Po‘latova nomidagi onkologiya maktabi faoliyati tufayli bunday hamkorlik bir yildan ortiq davom etmoqda.
“Bizning ishimiz pandemiya davrida boshlangan. Biz onlayn tarzda bir qancha uchrashuvlar o‘tkazdik, endi hamkasblarimiz bilan O‘zbekistonga uchib keldik. Bu biz uchun ham, talabalar va tibbiyot xodimlari uchun ham turli ish tajribasiga ega bo‘lgan insonlardan yangi bilim olish uchun ajoyib imkoniyatdir”, — dedi misrlik onkolog.
Ayman Ali Abu Shmeylaning ishonchi komilki, bunday uchrashuvlar davomida yosh mutaxassislar o‘z ko‘zlari bilan professional onkologlar ishining namunasini ko‘rib, jarayonga chuqurroq kirib borish imkoniyatiga ega bo‘ladilar:
“Bu tajriba muhim va men Saraton maktabi tufayli bunga imkoniyat paydo bo‘lganidan xursandman. Jamila Po‘latova o‘z sohasining haqiqiy professionali, shuningdek, juda mehribon va e’tiborli inson. Biz Toshkentga tashrif buyurganimizdan xursandmiz va Misrda o‘zbekistonlik hamkasblarimizni kutib qolamiz”, — deya xulosa qildi u.
Jamila Po‘latovaning so‘ziga ko‘ra, o‘tgan tadbir bemorlarning hayot sifatini yaxshilash uchun zarur. Bundan tashqari, onkoplastika nafaqat sut bezlari, balki mushak-skelet tizimining o‘smalarini davolash yo‘nalishida rivojlanmoqda.
Ⓣ