Aholining ayrim toifalariga pul tarqatiladi. Uni kimlar qanday olishi mumkin?

Iqtisodiyot 10:50 / 27.05.2022 61844

Kambag‘allikni qisqartirish xalqaro forumida moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Abruyev Kun.uz'ga pul tarqatiladigan aholi qatlami mablag‘larni qanday olishi haqida gapirib berdi. Shuningdek, vazir o‘rinbosari jurnalistlarning aholiga pullar yetib borishi qanday nazorat qilinishi hamda pul tarqatilgach budjet o‘rni qanday qoplanishi haqidagi savollariga javob berdi.

— Kimlarga qanchadan pul tarqatiladi?

— Kuni kecha prezidentimizning aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlashga doir qarori qabul qilindi va unda quyidagi aholi qatlamlarini bir martalik moddiy yordam shaklida qo‘llab-quvvatlash belgilandi. Bu pullarni oladiganlar kimlar? Bilamizki, hozirgi kunda Yagona ijtimoiy reyestr orqali kam ta’minlangan aholi nafaqa olib kelmoqda. Ya’ni mahallalar orqali olinadigan arizalarga asosan kam ta’minlangan aholiga moddiy yordam beriladi. Shunaqa kam ta’minlangan oilalarning hozirgi kunda 4,5 million nafar 18 yoshgacha bo‘lgan bolalari bor. Mana shu 4,5 million bolaga, ya’ni har bir oilaning har bir 18ga kirmagan bolasi uchun 200 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam berilishi belgilandi. Bundan tashqari, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalari bo‘lmagan, ammo kam ta’minlangan oilalar ham Yagona ijtimoiy reyestr orqali moddiy yordam olib kelmoqda. Shu oilalarga ham bir martalik yordam beriladi. Bundan tashqari, pensiya jamg‘armasi orqali pensiya oluvchi qariyalar, boquvchisini yo‘qotganlik va nogironligi pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi shaxslarga ham bir martalik moddiy yordam beriladi, buning miqdori har bir odam uchun 300 ming so‘mdan, Toshkent shahrida 400 ming so‘mdan.

Misol uchun, boquvchisini yo‘qotgan oila onasi va 2 farzandi uchun bugungi kunda nafaqa olib kelayotgan bo‘lsa, bu oilaga 3 kishi uchun 900 ming so‘m beriladi. Yoki oilada 2 nafar pensioner qariya bo‘lsa, ularning har biri uchun 300 ming so‘mdan 600 ming so‘m beriladi.

Xabaringiz bor, yaqinda parvarishga muhtoj nogiron bolani tarbiyalayotgan onalarga parvarishlash nafaqasi berilishi yangidan joriy etilgan edi. Bir martalik moddiy yordam pullari shu toifadagi onalarga ham beriladi.  

Moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Abruyev
Foto: Kun.uz

— Pullar qay tartibda to‘lanadi?

— To‘lovlar prezident qarori chiqqan kundan boshlab amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Bugungi kunda pensiya va nafaqalar amalga oshirilgan tartib qanday bo‘lgan bo‘lsa, yordam pullari ham shunday to‘lanadi. Ya’ni fuqarolardan hech qanday ariza yoki murojaat qilish talab etilmaydi. Kimki may oyida pensiya yoki nafaqa olish huquqiga ega bo‘lgan bo‘lsa, bularning hammasiga dastur orqali pullar to‘lab beriladi. Kam ta’minlangan oilalarning 70 foiziga bank kartalari orqali nafaqalar to‘lab kelinmoqda, ularga kartalar ochilgan va bugun, ertaning o‘zida (intervyu 26 may kuni yozilgan – tahr.) ushbu mablag‘lar tushadi. 30 foiz qismi qoladi, ular har doim naqd pul ko‘rinishida olinadi; ikki hafta ichida xalq banki filiallari orqali naqd pullarni tarqatib chiqish vazifasi belgilangan. Ya’ni kim shu vaqtgacha nafaqani plastik karta orqali olayotgan bo‘lsa, ularga 2 kun ichida pullar tushirib beriladi, naqd ko‘rinishda oladiganlarga esa joylarda qishloqma-qishloq, mahallama-mahalla yurib tarqatiladi.

— 2022 yilda yana bir martalik yordam berilishi kutilmoqda?

— 2020 yil pandemiya bo‘lib ilk marta aholiga pul tarqatildi. Bu davrda aholining daromadlari qisqardi, mana shu davrda – 2020 va 2021 yilda ham bir martalik yordam pullari berilgandi. 2020 yilda Qurbon hayiti arafasida pul tarqatilgandi. Maktabga o‘quvchilar chiqishidan oldin, kam ta’minlangan oila farzandlariga ham bir martalik yordam puli – 500 ming so‘mdan berilgandi. O‘tgan yilda ham “Temir daftar”, boquvchisini yo‘qotgan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga mana shunday yordam puli berilgan. Umuman, butun dunyoda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash instrumentlari bor. Qachonki, iqtisodiy vaziyat murakkablashganda aholini kerakli vaqtda davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir martalik yordam beriladi. Hozir bu bir martalik yordam puli to‘lab beriladi, undan keyin uchun bir narsa deyolmayman. Bu, albatta, davlatimizdagi iqtisodiy ahvoldan va aholi ehtiyojmandligidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Oldindan hech narsa deya olmaymiz: iqtisodiy ahvol aholiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan paytlarda davlat tomonidan bir martalik yordam beriladi. Keyin ham bu joriy etiladi, lekin qachonligini hozir ayta olmayman.

— Pullar o‘z manziliga yetib borishi nazorat qilinadimi?

— Pullarni joyiga manzilli yetkazib berish bo‘yicha nazorat yo‘lga qo‘yilgan. Oldingi amaliyotdan kelib chiqqan holda joylarda quyidagicha nazoratni amalga oshiramiz:

Kam ta’minlangan aholi sifatida moddiy yordam oluvchilar ham, nafaqa oluvchilar ham bizda ro‘yxati va telefon raqamlari bilan bor. Demak, nafaqa yoki pensiya oluvchilarga bir martalik moddiy yordam tayinlangani haqida sms xabar boradi. Deylik, 200 ming so‘mdan 4 nafar bolasiga jami 800 ming so‘mdan bir martalik yordam puli tayinlandi, degan sms boradi. Bundan tashqari, 70 foiz aholida plastik karta borligi haqida aytdim, bu tomondan ularda muammo yo‘q, to‘liq tushirib beriladi. Lekin naqd oluvchilarga pul tarqatilayotganda qanaqadir sabab bilan, masalan uyda bo‘lmagan holatlarda Xalq banki tomonidan keyingi oyda to‘lab berilishi mumkin. Bundan tashqari, pul tarqatishga Xalq banki va sektor rahbari mas’ul, ammo orqasida moliya, g‘azna va nazorat-taftish boshqarmalaridan nazorat guruhlari shakllantiriladi. Ular odamlardan tanlanma usulda  so‘rab chiqadi: olindimi, olinmadimi? Misol uchun, 600 ming so‘m berilishi kerak bo‘lsa, shuncha berildimi yoki kamroqmi. 2021 yilda bunaqa holatlar aniqlanmadi, bu safar ham hammaga so‘m-so‘migacha joyiga yetkazib beriladi.

— Nima uchun yordam puli viloyatlarga 300 ming, Toshkentga 400 ming so‘m degan ma’noda e’tirozlar bo‘ldi, shunga ham izoh bersangiz?

— Narx o‘sishi doim o‘rganib boriladi. Misol uchun, bilasiz, qayerda qanaqa mahsulotlar ko‘proq iste’mol qilinadi. Shundan kelib chiqib narxlar Toshkent shahrida eng yuqori bo‘ladi. Narx o‘zgarishi ham birinchi Toshkent shahriga ta’sir qiladi. Hozir bizda g‘alla narxini erkinlashtirish masalasi turibdi. Mana shu jihatdan ham eng katta ta’sir Toshkent shahriga bo‘lishi mumkin. Shu ma’noda poytaxtga ko‘proq pul ajratilyapti.

— Bir martalik to‘lovlarni to‘lash uchun 2,2 trln so‘m mablag‘ budjetdan ajratilyapti. Adashmasam, bu yil boshida budjet xarajatlariga kiritilmagandi. Bu xarajatlar qanday qoplanadi?

— To‘g‘ri savol. Joriy yilda 6 oy davomida qo‘shimcha davlat budjetiga rejalashtirilgandan ko‘ra ko‘proq tushumlar amalga oshirilishi kutilmoqda. Bu xarajatlar shu tushumlar hisobiga qoplanishi ko‘zda tutilgan. 600 mlrd so‘m Pensiya jamg‘armasining ortgan mablag‘lari hisobidan, qolgan 1 trln 600 ming so‘m bu respublika budjetiga qo‘shimcha daromadlar hisobidan amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, ayrim xarajatlarni keyingi yilga o‘tkazish, samarasiz xarajatlarni optimallashtirish yoki keyinga surish borasida ham ishlayapmiz. Buning natijasida davlat budjetini yil boshidan o‘ylangan maqsad – parametrlarda ushlab qolamiz.

Madina Ochilova, Kun.uz muxbiri
Operator va montaj ustasi — Muhiddin Qurbonov.

Ko‘proq yangiliklar: