Maktab o‘quvchilari yozgi ta’tilda qanday dam olishadi?

Jamiyat 20:07 / 27.05.2022 17564

Oromgohlar qabuliga tayyorgarlik

Xalq ta’limi vazirligining ma’lum qilishicha, bu yilgi ta’tilda 205 ta statsionar oromgohda jami 148 651 nafar bola hordiq chiqarishi rejalashtirilmoqda.

Shuning uchun 205 ta statsionar oromgohda faoliyat yuritadigan jami 4 683 nafar pedagog ro‘yxati shakllantirilib, pedagoglar Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda 20-25 may kunlari 36 soatlik maxsus o‘quv dasturlar asosida o‘qitilgan.

Oromgoh rahbarlari, pedagoglar hamda to‘garak rahbarlari uchun uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqilib, barcha hududlarga elektron shaklda yetkazildi hamda pedagog xodimlarning belgilangan tartib asosida ish olib borishlari uchun namunaviy ish rejasi tayyorlangan.

Bundan tashqari, 6 ta mehribonlik va 121 ta oilaviy bolalar uylarining 954 nafar tarbiyalanuvchisi mehribonlik uylari tasarrufidagi 5 ta statsionar oromgohda dam oldirilishi rejalashtirilmoqda.

Bepul loyihalar

Bolalar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yanada shakllantirish maqsadida oromgohlarga 123 ming dona bolalar adabiyotlari yetkazib beriladi va kitob.uz platformasidan adabiyotlarning elektron va audio shakllaridan foydalanish bo‘yicha sharoitlar yaratiladi.

Misol uchun, “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman”, “Bir bolaga uch kitob” aksiyalari doirasida ta’lim muassasalariga kirim qilingan 26 ming dona kitoblar ham oromgohlarga foydalanish uchun beriladi.

Statsionar oromgohlarga jalb etilmagan bolalar uchun joylarda (ta’lim muassasalarida) 926 ta sog‘lomlashtirish maydonchalari (bepul) tashkil etiladi va ularda 148 490 nafar bolalar dam oldirilishi rejalashtirilgan.

10 kun oldin maydonchalar mahalliy hokimliklar va mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda qayta ko‘rib chiqilib, ularning xulosasiga asosan to‘liq tayyor holatga keltirilgan.

Sog‘lomlashtirish maydonchalarida yozgi ta’tilni maroqli tashkil etish uchun mehnat ta’tiliga chiqmagan 9 260 nafar pedagog jalb qilinadi.

Maydonchalarda quyidagilar amalga oshiriladi:

  • turli rivojlantiruvchi kompyuter o‘yinlari, tasviriy san’at, mental arifmetika kabi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
  • videoproyektor orqali bolalarga mo‘ljallangan eng qiziqarli kino va multfilmlar namoyish etiladi;
  • 5 ta muhim tashabbus doirasida ko‘rik-tanlov, festival va tadbirlar o‘tkaziladi.

Onlayn to‘garaklar tashkillashtiriladi

Bundan tashqari, barcha o‘quvchilarning yoz mavsumida bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida ham bir qator ishlar rejalashtirilgan. Xususan:

  • “Onlayn-maktab” telekanali orqali “Onlayn-to‘garak” videodarslar tashkil etiladi

Bunda 40 nafar to‘garak rahbari tomonidan 14 nomdagi ingliz tili, AKT, texnik ijodkorlik, musiqa va boshqa ijodiy to‘garaklar bo‘yicha videodarslar o‘tiladi.

Bu telekanal orqali 3,5 mln nafarga yaqin bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga erishiladi.

  • Ko‘rik-tanlovlar va musobaqalar uchun rejalar

Yoz mavsumida respublika miqyosida ko‘rik-tanlov, festival va sport musobaqalari o‘tkaziladi va tadbirlarga 840 ming nafardan ortiq o‘quvchilarni jalb etish ko‘zda tutilgan.

217 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablari va 13 ta “Bolalar kutubxonalari”ning to‘liq faoliyat yuritishi alohida reja asosida yo‘lga qo‘yiladi.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: