Reklama prodakshn: Katta biznesning qimmat “vizitka”si

Business class 21:14 / 23.05.2022 264229

Ta’sirchan va effektiv reklama ishlab chiqarish bugun alohida faoliyat sohasiga aylangan. Biz bu soha bilan “Borisov & Irisov” kompaniyasi misolida tanishdik.

Kompaniya ta’sischilaridan biri Maksim Borisov bu biznesga kirib kelish tarixi haqida shunday hikoya qiladi:

“Xo‘sh, bu sohaga qanday kelib qoldim? Men o‘yinlar yaratishni xohlardim, doimo kompyuter o‘yinlariga qiziqardim. Bir kuni disk sotib olib, uning yordamida o‘yin yarata olaman deb o‘yladim. Ammo ma’lum bo‘lishicha, bu 3D Max dasturi ekan. Hammasi o‘sha paytda boshlangan. Men o‘zim uchun 3D olamini kashf qildim va u bilan astoydil shug‘ullana boshladim. O‘zbekistonda birinchi bo‘lmasa ham, lekin birinchilardan bo‘lib grafika bilan shug‘ullana boshlaganman.

Dadam ikkimiz bolalar, maktab o‘quvchilari va asosan koreys auditoriyasi bilan ishlardik, ular uchun videolar tayyorlardik. Shunday tadbirlar orqali hozirda rejissyor va operatorimiz hisoblanmish Bahodir Yo‘ldoshev bilan uchrashib qolganman va u bilan birgalikda ishlay boshladim”.

“G‘oya uchun pul to‘lash – O‘zbekiston uchun hali yangilik”

Suhbatdoshimizning aytishicha, reklamani olishda eng muhimi va qimmatlisi bu – g‘oyadir.

“O‘zbekistonda biz hali g‘oya uchun pul to‘lashga o‘rganmaganmiz. Reklama tayyorlashda eng qiyini bu yaxshi g‘oya va uni to‘g‘ri tasvirga olish bo‘lsa kerak deb o‘ylayman.

Biz suratga olgan barcha reklama roliklarining 99,9 foizini men yozganman va rejissyor ham o‘zim. Zavodda yoki biror ofisda 9 dan 6 gacha ishlansa, men esa 24/7 ishlayman, ya’ni miyam umuman dam olmaydi. G‘oyalarni har doim o‘ylab yurishga harakat qilganim sababli, qiziqarli roliklar paydo bo‘ladi”.

“O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘raman…”

“Mamlakatni tark etish uchun juda ko‘p imkoniyatlar bo‘lgan. Misol uchun, xonanda Nyushaning klipini suratga olganimizdan so‘ng, Rossiyaga ko‘chib o‘tish taklifi kelib tushgan. O‘shanda men bu taklifni rad etdim. O‘zbekona mehmondo‘stlik, o‘zbekcha muloqot, har doimgi hurmatni boshqa mamlakatlarda ko‘rmaganman. Men vatanparvar insonman. Bu yurtni juda yaxshi ko‘raman. Men uni hukumat uchun emas, bu yerdagi ba’zi odamlarning yaxshi va yomon ishlari uchun emas, shunchaki yaxshi ko‘raman. O‘zbekiston – juda ajoyib millat, ajoyib tarix, urf-odatlar va an’analardir”.

Chillachi, Havas va Ocard: mashhur kompaniyalar uchun tayyorlangan reklama roliklari

Artel kompaniyasi uchun konditsionerlar haqida reklama kampaniyasini o‘tkazdik. Konditsionerni nomlash masalasi ko‘ndalang turardi. Shunda men chillani, sovuqni o‘ldiruvchi, yo‘q qiluvchi ma’nolarida konditsionerni “Chillachi” deb atashga qaror qildim. Odamlar konditsionerning o‘zbekcha tarjimasi “Chillachi” bo‘lsa kerak deb o‘ylay boshladi.

Havas kompaniyasini hamma bilsa kerak, brend rangi yashil bo‘lgan supermarketlar tarmog‘i. O‘sha yili “Matritsa”ning yangi qismi chiqqan, Havas'ga esa reklama roligi kerak. Ana nasiba, yulduzlar bir-biriga tutashdi: “Matritsa” va Havas birga bo‘lishi kerak deb o‘yladim. Rolik yaxshi chiqishi uchun Aziz aka bilan ssenariyni 5 ming marta qayta-qayta ko‘rib chiqdik. Biz har bitta detalga e’tibor berishga uringandik.

Tanilib ulgurganimiz uchun bizga juda ajoyib loyihani topshirishdi – “Ocard”. Unda Murodxon Nazarov bosh rolni ijro etdi. Murodxon aka reklamamizda rol o‘ynashga qanday rozi bo‘lganini hamma so‘raydi. Biz u bilan gaplashganimizda u: “Men reklamalarda rol o‘ynamayman, bu menga kerak emas. Lekin menga g‘oya yoqdi”, – deb aytdi. Suratga olish ishlari deyarli ikki kun davom etgan. Katta muammolarga duch keldik: tryuklarni bajarishda ulkan to‘siqlar turardi. O‘zbekistonda bunaqangi darajadagi kaskadyorlar yo‘qligini hamma bilsa kerak.

Yana takror aytaman, hamma ishlar ichki kuchlar yordamida qilingan, hech kim hech qayerdan taklif qilinmagan. Loyiha juda qiziq bo‘lib chiqdi. Shuning uchun ko‘proq ishonch, ko‘proq pozitiv, mahalliy ishchilar, mutaxassislar ko‘proq bo‘lishi kerak. Nega bu yerda imkoniyat berilmaydi, tushunmayman. Zo‘r ish qilish uchun birovni taklif qilish kerak emas. Shu yerda o‘rgating, ta’lim bering, buni qanday qilishni ko‘rsating va ular buni bajarishadi. Odamlar bu loyihalar O‘zbekistonda mahalliy mutaxassislar tomonidan amalga oshirilayotgani va hech qanday “autsors” bo‘lmaganini tushunishi kerak”.

Business Class loyihasining asosiy e’tibor qaratadigan jihatlari – bu biznesdagi raqamlardir. Boshlab olish uchun qancha sarmoya ketadi, xarajatlar va albatta, bu biznesdan qancha daromad ko‘rish mumkin degan barcha savollarga javob olishga urindik. YouTube'da videoni to‘liq tomosha qiling va izoh qoldiring. Eng qiziqarli va kreativ izoh egasi deb topilgan 1 kishiga dji Osmo Mobile 3 (stabilizer) taqdim etiladi. Konkursda 2022 yilning 3 iyuniga qadar yozilgan izohlar ishtirok etadi.

Business Class biznesni ichkaridan ko‘rsatishda davom etadi. Bizni kuzatib boring, bir-biridan qiziq kompaniyalar hali oldinda.

Ijodiy jamoa:
Eldor Abdulvohid
Nuriddin Nursaidov
Ibrohim Samatov
Afzalbek Muhammadjonov

“Borisov & Irisov” bilan aloqa:

Telegram: +998 90 320 00 31, +998 90 990 32 23

Ko‘proq yangiliklar: