Isroil va Shveytsariyada ham maymun chechagi aniqlandi. Bunday davlatlar soni 14 taga yetdi

Jahon 18:37 / 22.05.2022 22459

Bu ikki mamlakatda ham dastlabki bemorlar yaqin kunlarda xorijdan qaytgan odamlardir. Isroilda bir necha kasallanish holatlari tekshirilmoqda.

Maymun chechagi ko‘pincha Markaziy va G‘arbiy Afrika hududida uchraydi. Ushbu mintaqadan tashqarida uning tashuvchisi ushbu hududdan borgan odamlar va jonivorlar bo‘ladi.

JSST ilk bor 7 may kuni Buyuk Britaniyada ushbu kasallikni qayd etdi - Nigeriyadan qaytgan sayyohda kasallik aniqlangan. 29 aprel kuni uning terisida toshmalar paydo bo‘lgan, 4 may kuni u Britaniyaga qaytganida shifoxonaga yotqizilib, ihotalangan. 12 may kuni Londonda yana ikki yangi kasallanish holatlari aniqlandi - ular bir uyda yashashgan. Ularning biri shifoxonaga yotqizilgan, boshqasida kasallik yengil kechmoqda va karantin sharoitida davolanmoqda. 17 may kuni yana to‘rt holat ro‘yxatga olindi: Londonda uchta va Angliya shimoli-sharqida bitta.

Yakunlangan hafta davomida AQSh, Kanada, Ispaniya, Portugaliya, Fransiya, Italiya, Shvetsiya, Belgiya, Niderlandiya, Gretsiya va Avstraliya mamlakatlari o‘z hududida ushbu kasallik tarqalayotgani haqida xabar bergandi.

Foto: Getty Images 

Butun dunyoda 80 ga yaqin zararlanish holati tasdiqlangan, ammo Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yana 50 nafar patsiyent ushbu kasallikka chalinishda gumonlanayotganini ma’lum qilgan, ammo bu holatlar qaysi mamlakatlarda ekaniga aniqlik kiritilmagan.

Tashkilot kasallanish holatlari soni o‘sishda davom etishidan ogohlantirgan.

Olimlar bunday epidemiyani kutishmagandi, ammo maymun chechagi odamdan odamga osonlik bilan yuqmaydi. 

Britaniya sog‘liqni saqlash xizmatiga ko‘ra, kasallik odatda yengil kechadi, uni yuqtirib olgan bemorlarning ko‘pchiligi bir necha hafta ichida tuzalib ketadi.

«Biz har kuni yangi holatlarni aniqlamoqdamiz», dedi yakshanba kuni BBC efirida Britaniya hukumatining tibbiy masalalar bo‘yicha bosh maslahatchisi Syuzan Hopkins.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan maymun chechagiga qarshi vaksinalar mavjud bo‘lmasa-da, bir qancha mamlakatlar oddiy chechakka qarshi vaksinalarni g‘amlashmoqda, ikki virus o‘xshash bo‘lgani tufayli bunday vaksinalar maymun chechagining oldini olishda taxminan 85 foizga samarali.

Juma kuni JSST hozirgi kasallik tarqalishini «g‘ayrioddiy» deb atadi, chunki kasallik endemik bo‘lmagan mamlakatlarda qayd etilmoqda. Hozircha bu kutilmagan epidemiya nega aynan hozir ro‘y berayotgani noma’lum.

Virus qandaydir tarzda mutatsiyaga uchragan bo‘lishi mumkinligi haqida versiya mavjud, lekin hozircha bu yangi variant ekaniga yetarlicha dalillar yo‘q. Boshqa versiyaga ko‘ra virus qandaydir tarzda tarqalish uchun qulay sharoitga tushib qolgan.

Maymun chechagi avvalgiga qaraganda tezroq tarqalayotgani tabiiy chechakka qarshi vaksinalar avvalgi kabi keng qo‘llanmayotgani bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.

JSSTning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy direktori Hans Klyugening so‘zlariga ko‘ra, yoz oylarida virus tarqalishi tezlashishi mumkin, chunki bu pallada odamlar tez-tez ko‘pchilik bo‘lib yig‘ilishadi. U virus allaqachon Yevropadan tashqariga tarqalganini qayd etgan - Avstraliya Britaniyada bo‘lib qaytgan bir kishi virusdan zararlanganini tasdiqladi.

AQShda Massachusets shtati rasmiylari yaqinda Kanadada bo‘lib qaytgan bir kishida virusni aniqlash testi musbat natija berganini ma’lum qildi. Kanadaning o‘zida Kvebek shtatida ikki kasallanish holati qayd etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: