Hayotiy hikoya: Moskvada o‘g‘irlangan tufli

Jamiyat 20:26 / 22.05.2022 35439

Quyidagi hikoyani ancha yillar avval bir insondan eshitgan edim. Aytishicha, voqea aynan uning o‘zi bilan sodir bo‘lgan va u ancha paytgacha ta’sirlanib yurgan ekan.

«Ancha yillar oldin ish yuzasidan Moskva shahriga bordim. U yerda bir necha kun yurar ekanman, bo‘sh paytimda shaharning diqqatga sazovor joylarini borib ko‘rishga harakat qildim. Shu jumladan Moskvadagi masjidlarni ham.

Masjidlarga asosan namoz paytida borishga harakat qilardim. U yerda turfa millatlarning bir safda turib ibodat qilishini kuzatish yoqimli edi. Namozdan so‘ng masjidni tomosha qilardim.

Shunday kunlarning birida peshin namozi vaqtini mo‘ljallab, shahardagi masjidlardan biriga jo‘nadim. Namoz o‘qilishidan biroz oldin manzilga yetib bordim.

Masjid eshigi oldida yo‘limni bug‘doyrang, ko‘rinishidan o‘zimizning yurtdoshlarimizga o‘xshab ketadigan, o‘rta yoshlardagi bir yigit to‘sdi. Yigitning qo‘lida rus tilida moddiy yordam so‘rab yozilgan qog‘oz ham bor edi.

Yigit meni kavkazlik yoki arabga o‘xshatdi shekilli rus tilida gap boshladi:

«Men falon davlatdan kelganman. Ko‘rinishingdan savobtalab odamga o‘xshayapsan. Yurtimda, men yashaydigan viloyatda katta masjid qurilyapti. Davlatimiz va saxiy odamlar yordam berishyapti, ammo masjid judayam katta qilib qurilayotgani tufayli baribir mablag‘ yetmayapti. Shunga sen ham baholi qudrat hissangni qo‘shsang savob bo‘lardi. Mablag‘ qancha tez yig‘ilsa, masjid qurilishi shuncha tez bitadi».

Yigitning talaffuzi juda yomon, rus tilini buzib, zo‘rg‘a gapirardi. Uning tutilib-tutilib gapirgan gapini oxirigacha sabr bilan eshitdim. U yolg‘on gapirayotgan edi.

Yigit tilga olgan viloyat markazida avvalroq katta masjid qurib bitkazilgan, namozxonlar u yerda allaqachon ibodat qilishayotgandi. Demak, u Moskvadagi masjidlar oldida turib, yolg‘on gaplar bilan yurtimiz obro‘sini to‘kib, shu bahona har kimlardan tilanib pul so‘rab yuribdi.

Taxminimcha, u bu ishni birinchi marta ham, oxirgi marta ham qilayotgani yo‘q. Katta ehtimol bilan u oson pul topishning shu yo‘lini o‘ziga kasb qilib olgan va «masjid qurilishi»ni bahona qilib, Moskva masjidlariga keluvchilardan pul so‘rab yurgan.

Yigitning yuziga birpas qarab turdimda, cho‘ntagimdan pul chiqarib qo‘liga tutqazdim. So‘ng o‘zbekchalab «Nega yolg‘on gapirasan, sen aytayotgan joyda qurilayotgan masjid avvalroq bitib bo‘lgan. Boshqasi qurilayotgani yo‘q. Sen tilanchisan. Mana bu pulni ol, ammo tilanib yurgan paytingda yurtimiz nomini tilga olma. Masjid qurilishiga pul yetmayotgani haqidagi gapni umuman gapirma. Aks holda, shu yolg‘on gaplaringni yana aytib, odamlardan pul so‘rayotganingni ko‘rsam, politsiyaga topshirib yuboraman», dedim.

Yigit o‘zbekcha gapirganimni ko‘rib avvaliga angrayib qoldi. Politsiyani eshitib yuzi qizardi va atrofga alanglab qarab qo‘ydi. U gapini yo‘qotib qo‘ygandi.

Men unga e’tibor bermay masjid eshigiga qarab yurdim. Shu payt yigit ham meni hayron qoldirib ortimdan ergashdi.

Shu payt xayolimda «qara-ya, yigitning insofi va vijdoni bor ekan. Nasihatim unga kor qildi. Mana endi tavba qilib, gunohlariga Yaratgandan mag‘firat so‘rash uchun masjidga kirmoqchi», deb o‘yladim. Hatto biroz avval unga qattiq gapirganim uchun xijolat bo‘la boshladim.

Yigit orqamdan kelar ekan, men dahlizda tuflimni yechib bir chetga qo‘ydim va masjidga kirish uchun ichkaridagi eshik tomon yurdim. Eshikni ochar ekanman, yigitga qarash uchun ortimga burildim. Shu payt ortimdan dahlizga kirgan yigit o‘zining eski, kiyilaverganidan osti yedirilib ketgan tuflisini yechdi. So‘ng chaqqonlik bilan mening tuflimni kiyib, ko‘chaga o‘qday otilib chiqib ketdi.

Bir zum nima qilarimni bilmay qarab qoldim. Xayolim o‘ziga kelganda esa yigit allaqachon masjiddan uzoqlashib, ko‘rinmay ketib bo‘lgan edi. Shu onda men qimmatbaho tuflimdan ayrilganim uchun emas, balki yurtdoshimning masjiddan oshkora o‘g‘rilik qilgani uchun g‘azablanardim. Ammo endi yigitni quvib yetib yoki qidirib topishning iloji yo‘q edi.

Taqdirga tan berib, namozni o‘qidim. Masjiddan chiqib yigit qoldirib ketgan eski tuflini kiydim. Qarasam tagi teshikligi tufayli yomg‘irli havoda ichi suvga to‘lgan ekan, paypog‘im va oyog‘im ho‘l bo‘ldi.

Shu holda masjid yaqinidagi do‘konga borib, yangi tufli va paypoq sotib oldim. Qaytib masjidga keldim va tahoratxonada oyog‘imni obdon yuvib, yangi tufli hamda paypoqni kiyib masjiddan chiqib ketdim. Bir necha kun deganda ishlarim bitdi va yurtimizga qaytib keldim. Keyinchalik ishlarim bilan bo‘lib, u voqea esimdan ham chiqib ketdi.

Kunlardan bir kun ish yuzasidan qo‘shni viloyatga borishga to‘g‘ri kelib qoldi. Yonimga bir do‘stimni olib, mashinamda jo‘nadik. Ikki viloyatni o‘rtasida joylashgan tog‘dagi dovon yo‘lidan ketib borar ekanmiz, manzara juda chiroyli edi. Do‘stim bilan birpas oyoqlarning chigilini yozish va tabiatni tomosha qilish uchun to‘xtadik.

Atrofning go‘zalligiga mahliyo bo‘lib shu yerda biroz qolib ketdik. Shu payt dovonning tepasidan bir mashina tutunni burqsitib tushib kelaverdi. Yaqinlashganda qarasak, hammayog‘i chirigan, pachoqlanaverganidan bo‘yoqlari ko‘chib tushib ketgan eski bir «Moskvich» mashinasi ekan. U biz turgan joyga yetib kelganda paq-paq etib ovoz chiqardi va o‘chib qoldi. Bu mashinani boshqarib kelayotgan odam dovonning tepasigacha qanday chiqqaniga hayron bo‘ldik.

Mashina to‘xtagandan keyin, undan bir yigit tushdi. U oldimizga kelib, mashinasini tuzatish uchun kalitlarni berib turishimizni so‘radi. Kalitlarni olib berish uchun mashinam tomon yurar ekanman yigitning yuzi va ovozi menga tanish tuyulardi. Ammo uni qayerda, qachon ko‘rganimni harchand urinsam ham eslay olmasdim.

Mashinam yukxonasidan egilib kalitlarni olar ekanman yonimda turgani uchun ko‘zim yigitning oyog‘idagi befarosatlarcha kiyilaverganidan pachog‘i chiqib ketgan tuflisiga tushdi. Shu zahoti uning kimligini esladim. Bu o‘sha Moskvadagi masjidda o‘g‘rilik qilgan yigit, oyog‘ida o‘sha o‘g‘irlangan tuflim edi.

Kalitlarni qo‘liga berar ekanman, yigitning basharasiga beo‘xshovroq tarzda kulimsirab qaradim. U g‘alati qarayotganimdan hayron bo‘ldi, ammo oshiqcha savol so‘ramadi. Kalitlarni oldi-yu, «tanka»si tomon ketdi.

Yigit mashinasiga unnar ekan, do‘stimning oldiga borib, unga kula-kula Moskvadaga voqeani aytib berdim. Shunda do‘stimning avzoi buzildi.

«Hozir borib unga o‘sha voqeani eslataman va oyog‘idan eski bo‘lsa-da tuflingni yechib olaman. Yigitni oyoqyalang holda qoldirsak bu unga saboq bo‘ladi, qaytib boshqalarning narsasini o‘g‘irlamaydigan, yurtimizning nomi sotmaydigan bo‘ladi», dedi.

Men bunga rozi bo‘lmadim. «Qo‘y do‘stim, o‘zi shundoq ham uning ahvoli tang. Aks holda shu «metallolom»da yurmasdi. Qolaversa, umrning mazmunini oson pul topishdan iborat deb biladigan va yolg‘on gapirib, birovlarning hisobidan yashashga odatlangan odamga nima ham derding?! Unga shu jazoning o‘ziyam yetadi», deb uni bu ishdan qaytardim.

Shu tariqa do‘stimning «yigitning esini kiritish» rejasi amalga oshmadi. Hatto yigitga gapirishiga ham ruxsat bermadim. Birpasdan keyin yigit amallab mashinasini o‘t oldirdi. So‘ng rahmat aytib kalitlarni qaytarib berdi va yo‘lida ketdi. Birozdan keyin biz ham yo‘lda davom etdik.

Hayotda turfa xil insonlar juda ko‘p. Kimdir to‘g‘ri va halol yashashga urinsa, yana kimdir shu yigit kabi noto‘g‘ri yo‘llarga kiradi va oson pul topishni o‘ziga odat qiladi. Jazolash har doim ham insonni yaxshi tomonga o‘zgartira olmaydi. Gohida kechirimli bo‘lish kimlarningdir insofga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. O‘shanda yigitga Moskvada bo‘lgan ishni eslatmay to‘g‘ri qildik, deb o‘ylayman».

G‘ayrat Yo‘ldosh

Ko‘proq yangiliklar: