«Nafsim yo‘ldan urib, ona va go‘dakning o‘limiga sababchi bo‘lganman» – shifokor ayolning nadomatlari (Hayotiy hikoya)

Jamiyat 12:06 / 03.11.2023 38316

Elektron pochtamga kelgan navbatdagi maktub ancha yillar tug‘uruqxonada vrach bo‘lib ishlagan ayoldan ekan.

U o‘z maktubida bir paytlar tug‘uruqxonalarda tarqalgan salbiy ishlar haqida hikoya qilar ekan, oqibatda bir ayol va bir go‘dakning o‘limiga, yana bir ayolning bepusht bo‘lib qolishiga sababchi bo‘lganini yozgan.

Ayolning maktubida tilga olingan tug‘uruqxonalarda suyunchi puli olish, kesarcha uchun «stavka» belgilanishi, ayrim hollarda ko‘proq pul olish uchun sog‘lom ayollarni kesarcha qilishlari hozir ham afsuski «urf»da.

Quyida ayolning hikoyasini e’tiboringizga havola qilamiz.

«Maktabni bitirgach tibbiyot institutida o‘qiganman. Keyinchalik o‘zim tug‘ilib o‘sgan tumanga qaytib, tug‘uruqxonada ishlay boshladim. U paytlarda hali SSSR tarqab ketmagan, nazorat qattiq edi. Suyunchi puli unchalik ham urfda emas, operatsiya uchun pul so‘rab bo‘lmasdi.

Ko‘p o‘tmay mustaqil bo‘ldik va iqtisodiy vaziyat ancha yomonlashdi. Pul qadrsizlanishi tufayli maoshimiz tirikchilikka yetmaydigan bo‘lib qoldi.

Shundan so‘ng nazorat izdan chiqib, vaziyat tamomila o‘zgardi. Suyunchi puli olish yozilmagan qoidaga aylandi. Operatsiya narxlari «stavka» tarzida belgilanadigan bo‘ldi.

Xalqimiz bolajon, farzand ko‘rganda hech narsani ayamaydi. Suyunchi puli berishadi. Yana shifoxona berishi kerak bo‘lgan dorilar ro‘yxatini bersangiz bironta odam bular o‘zlaringdan berilmaydimi deb savol qo‘ymaydi. Darrov topib keladi.

Ayniqsa, agar bir necha yildan buyon tirnoqqa zor yurgan odamlar farzand ko‘rsa, suyunchi pullarini ayamaydi. Yana sovg‘a-salomlar ham berishadi.

Tug‘uruqxonada maoshdan tashqari ana shu daromadlar ham borligi uchun u yerga ishga kirish juda qiyin. Ishga kirayotganda bir nechta maoshdan kechishiga to‘g‘ri keladi (taxminimcha hozir ham shunday).

Tug‘uruqxonada ayollarni kesarcha qilib tug‘dirsak, operatsiya uchun yaxshi pul olardik. Chunki davlat tomonidan bepul deyilgani bilan kesarcha hech qachon tekinga qilinmaydi.

Soddaroq qilib tushuntiraman, agar homilador ayol o‘zi tug‘sa uning yaqinlari vrach va hamshiralarga arzimas miqdorda suyunchi puli berishadi. Suyunchi pulining belgilangan «stavka»si yo‘q. Tug‘ayotgan ayolning holatiga qaraladi. Agar boy bo‘lsa tuzukroq pul olinadi. Puli kamroq odamning bergani olinaveradi.

Biroq kesarchada bunday emas. Operatsiyaning belgilangan narxi bor. Boymi, kambag‘almi o‘sha «stavka»da belgilangan pulni topib kelishi kerak. Aks holda homilador ayol va uning bolasining hayotini xavfga qo‘yib, operatsiya ortga surilishi ham mumkin.

Biroq «yeb o‘rgangan» nafsga bular ham kamlik qilib, yanada ko‘prog‘ini talab qilaverarkan. Garchi daromad yaxshi bo‘lsa-da, biz ham bora-bora nafsimizga ko‘proq qul bo‘lib, qing‘ir ishlarni qilishga o‘tdik. O‘zi tug‘a oladigan ayrim ayollarni ham kesarcha qila boshladik.

Homilador ayol kelganda uni tekshirib, o‘zi tug‘ishi mumkinligini bilardik. Biroq ayolga o‘zi tug‘a olmasligini, shu uchun bolasini kesarcha yo‘li bilan olish kerakligini aytardik.

Bunday holatda bolasini eson-omon qo‘liga olishni xohlagan ayol nima desak ishonishga majbur edi. Biz bu qing‘ir ishni hammaga ham qilmasdik. Bolani operatsiya qilib olish kerak deganimizda eri yoki boshqa yaqinlari pul topib kela oladiganlarga qilardik.

Eng yomoni, o‘zi tug‘a oladigan ayollarning bolasini kesarcha yo‘li bilan olish paytida turli ko‘ngilsizliklar va fojialar ham sodir bo‘lib turardi. Kimningdir bachadoniga zarar yetkazilar va o‘sha ayol boshqa tug‘a olmaydigan bo‘lib qolardi.

Boshqasida ehtiyotsizlik qilib bolani yoki onani o‘ldirib qo‘yish holatlari uchrardi. Bunday paytlarda biz hujjatlarni ustalik bilan to‘ldirib qo‘yardik va organ bizni ayblay olmasdi. Shu tarzda ishlar ekanmiz, bir necha yilda ancha sog‘lom ayollarni ham kesarcha qilib yubordik.

Bu ishimizni sezib qolgan ayrimlar tug‘uruqxonaga o‘zining tanish vrachlarini qo‘shib olib kela boshladi. O‘sha vrach tekshiruvlar paytida ayolning yonida bo‘lar va uning o‘zi tug‘a olishini bilardi. Bunday paytlarda biz chorasiz qolardik.

Sog‘lom ayollarni kesarcha qilar ekanmiz, kamida 15 yillik ish faoliyatim davomida aynan mening aybim bilan bir ayol vafot etdi. Boshqa ayol bolasidan ayrildi, o‘zi boshqa tug‘a olmaydigan bo‘ldi.

Kunlarning birida 35 yoshlarda bo‘lgan bir ayolni olib kelishdi. Uchinchi bolasiga homilador ekan. Ayolni tekshirdik, sog‘lom. O‘zi tug‘a oladi. Nafs qo‘ymadi, eriga bolani kesarcha bilan olish kerakligini aytdim. U nima ham derdi.

Operatsiya qilib ayolning bolasini oldik, hammasi yaxshi edi. Bir necha kundan so‘ng ayolga javob berib yubordik. Biroq ertasi kuni to‘satdan ayolning mazasi qochgan va shifoxonaga olib kelishda yo‘lda vafot etgan.

Tekshirib ko‘rishganda kesarcha paytida ayolning siydik chiqarish kanali qo‘shib tikib yuborilgani aniqlangan. Darhol surishtiruv boshlandi. Tanish-bilishlarni aralashtirib, ayolning o‘limiga doir ma’lumotlarni o‘zgartirdik va ishni bosdi-bosdi qildik. Men javobgarlikdan qutulib qoldim.

O‘sha paytlarda shunchalik ham nafsimning quliga aylangan edimki, sog‘lom bir ayolning o‘limiga sabab bo‘lganim ham mening ko‘zimni ochmadi. Kesarcha operatsiyasini davom ettiraverdim.

Ko‘p o‘tmay bir yosh ayolni olib kelishdi. Birinchi bolasiga homilador ekan. Tekshirib ko‘rdik, sog‘lom, o‘zi tug‘a oladi. Biroq yana nafs qo‘ymadi.

Eri Rossiyaga ishlagani ketgani uchun ayolni onasi olib kelgandi. Unga qizining bolasini kesarcha qilib olish kerakligini, o‘zi tug‘a olmasligini aytdim. U boshqa chorasi yo‘qmi degandi, urishib berdim.

Ayolni kesarcha qildik. Bolani chiqarib olishda e’tiborsizlik qilganman, u jarohatlangan ekan, vafot etdi. Eng yomoni, onaning bachadoniga zarar yetkazib qo‘ygan ekanman, ko‘p qon ketdi. Uning hayotini zo‘rg‘a saqlab qoldik.

O‘shanda ayolning onasiga bu haqda indamadik. O‘zi kesarcha paytida behush edi, ikkalasiga ham bola ona qornida vafot etgan deb aytdik, ishonishdi.

Ayol ancha kun davolandi, so‘ng onasi olib ketdi. Har ehtimolga qarshi ayolning bachadoniga homiladorlik paytida zarar yetgani haqida qayd qilib qo‘ydik.

Oradan olti oy vaqt o‘tdi, bir kun tug‘uruqxona qabulxonasi oldida ayol kishining baland ovozda baqirganini eshitib qoldim. Derazadan qarasam bir ayol mening nomimni aytib chaqiryapti.

- ... tush buyoqqa. Seni ishdan haydatib, qamatmasam, otimni boshqa qo‘yaman. Qizimning hayotini barbod qilding...

Ayol meni tinimsiz qarg‘ar va «qizimning hayotini barbod qilding» deb baqirardi. Avvaliga uni tanimadim. Biroz o‘tib esladim. Bu o‘sha men bolasining o‘limiga sabab bo‘lgan va bachadonini ishdan chiqargan ayolning onasi edi.

Ayolning oldiga bosh vrachimiz tushdi va uni xonasiga olib kirdi. Meni ham chiqarishdi. Ayol gap boshladi:

«Bundan olti oy oldin to‘lg‘oq tutgan qizimni olib keldim. U homiladorlik paytida biron marta sog‘ligidan shikoyat qilmagandi. Mana bu (meni ko‘rsatdi) bolani kesarcha bilan olamiz dedi. Men shunday qilish kerak deb o‘yladim va qizim bilan rozi bo‘ldik. Bu bolachani o‘ldirib berdi. Kamiga qizimning bachadoniga ham zarar yetkazgan ekan. Qizim qayta homilador bo‘lavermadi, viloyat markazidagi shifokorlarga olib bordim. Ular tekshirib, qizimning bachadoniga zarar yetganini, boshqa homilador bo‘lolmasligini aytishdi. Endi u boshqa farzand ko‘rolmaydi. Qizim tekshiruvlarda yaxshi chiqqandi. Hoziroq uning tekshiruv qog‘ozlarini topib kelishsin, shu yerda birga ko‘ramiz».

Bosh vrach hamshiralardan birini tekshiruv qog‘ozlarini olib kelishga jo‘natdi. Ayol esa gapida davom etdi:

«Viloyat markazidan qaytgach surishtirsam, bular ko‘proq pul olish uchun sog‘lom kelgan va o‘zi bemalol tug‘a oladigan ayollarni qo‘rqitib, kesarcha qilar ekan. Noinsof, senga pul kerak ekan, bir insonning hayotini barbod qilib, murg‘ak go‘dakni o‘ldirguncha o‘zimga aytsang berardim-ku!»

Hamshira tekshiruv qog‘ozlarini olib keldi. Ularda ayolning bachadonga ayol homiladorlik paytida zarar yetgani yozilgandi.

Vrach ayolga «Bu yerda qizingizning bachadoniga homiladorlik paytida zarar yetgani haqida yozilgan. Bilib-bilmay nega tuhmat qilyapsiz?» dedi.

Shunda ayol qo‘lidagi yelim paketdan bir taxlam qog‘ozlarni chiqardi va vrachga berdi.

«Mana bu qog‘ozlarga ham qarang. Qizimni bu yerga olib kelishdan sal oldin ikkita joyda zamonaviy uskunalarda tekshirtirganman, hamma joyini sog‘lom chiqarishgan. Bu yerga kelgach bachadoni o‘zidan o‘zi ishdan chiqib qolmaydi-ku. Qolaversa, kecha qizimni yana tekshirtirganimda bachadonga kesarcha paytida zarar yetkazishgani aniqlandi», dedi u.

Shunda bosh vrach qog‘ozlarni ko‘zdan kechirdi va menga qarab «Nega sog‘lom kelgan ayolni kesarcha qildingiz?» dedi.

Tayinli javobim yo‘q edi. Darrov rol o‘ynashga o‘tdim, «Tekshiruvlardan keyin dard tutgan paytda ayolning holati yomon edi. Shoshilinch qaror qabul qilishga majbur bo‘lgan edik».

O‘sha paytda bir narsadan ko‘nglim xotirjam edi. Bosh vrach ayolning oldida meni rol o‘ynab urishardi. Chunki ishlab topgan pulimizdan u haqini olardi. Biroq u sog‘lom ayollarni ham qo‘rqitib kesarcha qilishimizni bilmasdi.

O‘sha kuni bosh vrachimiz menga chora ko‘rishini aytib, ayolni jo‘natib yubordi. Ayol ketar ekan, nima qilib bo‘lsa ham meni ishdan bo‘shattirib, qamatishini yana takrorladi.

Ayol viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘iga borib shikoyat qilgan ekan, bu orada viloyatdan shu ishni taftish qilishga kelishdi.

Tekshiruv qog‘ozlarini to‘g‘rilab qo‘yganimiz uchun bu safar ham hayfsan bilan qutulib qoldim. Biroq mashmasha tugamadi. Ko‘p o‘tmay ayol vazirlikka borib shikoyat qilibdi, Toshkentdan tekshiruvchilar kelishdi.

Bu safar meni ishdan bo‘shatishdi. Ayol esa ichki ishlarga menga nisbatan ish ochishni so‘rab ariza beribdi. Hartugul javobgarlikka tortilmadim.

Men ikki yil sohadan uzoqda yurdim va loyqalangan suvlar tinib ketgach tanishlarni ishga solib yana tuman markazidagi tug‘uruqxonaga, eski ishimga qaytdim.

Tinchgina ishlab yurgandim. Bir kuni to‘satdan yana o‘sha ayolga duch kelib qoldim. Bu safar boshqa qizini olib kelgan ekan. Meni ko‘rdi-yu, yana baland ovozda baqira boshladi. Oldida turmay qochib ketdim.

Bu safar u tuman tibbiyot birlashmasi rahbarining oldiga kiribdi. O‘sha yoqqa chaqirishdi, bordim. Rahbar yangi kelgan, eski ishlardan xabari yo‘q edi. Ayol unga bo‘lgan voqealarni aytib berdi.

So‘ng rahbarga meni ishdan bo‘shatishni, aks holda yana vazirlikka borib shikoyat qilishini aytdi. Rahbar uni, xo‘p, shunday qilaman, deb chiqarib yubordi.

Ayol ketgandan so‘ng rahbar menga «Opa, vaziyatni ko‘rib turibsiz. Men yangiman, o‘shanda nima bo‘lganini bilmayman. Lekin bu onaxon qasd qilgan ekan, sizni bu yerda ishlashga qo‘ymaydi. Menga mojaro kerak emas. Shu uchun arizangizni yozing, iltimos», dedi.

O‘sha kuni yana ishdan bo‘shatishdi. Shundan so‘ng tibbiyot sohasida umuman ishlay olmadim. Boshqa joyga borib ishlay desam uzoqlik qiladi, uyimni tashlab ko‘chib keta olmasdim. Majbur bo‘lib ishimni o‘zgartirdim.

Shu gaplarga ham ancha yilllar bo‘ldi. Endi o‘ylab ko‘rsam, men qilgan ishlar xato emas, og‘ir gunoh bo‘lgan ekan. Mening qing‘ir ishlarim tufayli ikki tirik jon o‘ldi, yana biri bepusht bo‘lib qoldi. Balki bundaylar yana bo‘lgan-u, shikoyat qilib kelmagandir.

Keyinchalik tavba qildim, nafsimni ham jilovlab oldim. Biroq men tufayli o‘lganlar va jabrlanganlar uchun oxiratda qanday javob beraman, bilmayman».

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: