«Bolamning bolasini ham o‘zimiz boqyapmiz» – taqdir sinovlarida yengilmagan ko‘zi ojiz insonning iztiroblari

Jamiyat 13:26 / 24.01.2024 11087

Tuman markazlaridan biriga safarga borib, tushlikda oshxonalardan biriga kirdim. Qarasam odam ko‘p, bo‘sh joy yo‘q ekan. Shunda zalning chetrog‘idagi stol atrofida keksaroq yoshdagi ayol va erkakka ko‘zim tushdi. Ruxsat so‘rab ularning yoniga joylashdim.

Ovqatlanib o‘tirar ekanman, bir payt ikki nafar yosh bola kelib davramizga qo‘shildi. Bolalar chug‘urlashib, o‘sha atrofda muzqaymoq sotiladigan joy borligini aytib pul so‘ray boshlashdi.

Chol ularga «shovqin qilmanglar» deb po‘pisa qildi va pul berdi. Bolalarga muzqaymoqni yeb bo‘lgach, to‘g‘ri ortga qaytishlarini ta’kidladi.

Chol hamyonidan pul olar ekan, bolalarga berishdan avval uni yuziga yaqinlashtirib ko‘rdi va keyin berdi. Shunda uning ko‘zi ojizligini sezib qoldim. Xayolimga balki ayolning ham ko‘zi yaxshi ko‘rmas degan o‘y keldi. Gumonim tasdiqlandi.

Men ular bilan suhbatlashishni xohlardim. Ko‘zi ojiz qariyalar nega bolalarni ergashtirib yurishibdi? Yoki bolalar ularni yetaklab yurishibdimi?

«Qo‘yavering, hozir bularning o‘ynab, kuladigan payti. Men ham bolaligimda shunday sho‘x bo‘lganman», deb gap boshladim.

Shundan so‘ng gapimiz qovushdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu ikki bola ularning nabirasi ekan. «Nabiralarimni har hafta maktab yo‘q kuni (yakshanba kunini nazarda tutdi) tuman markaziga olib chiqib aylantirib ketaman. Bugun kampirim ham ergashdi», deb qoldi.

Bolalarning ota-onasi haqida so‘rayman deb endi og‘iz juftlagan edim o‘zi gapirib qoldi: «Nabiralarimning onasi uyda, otasi esa daydib ketgan».

Cholning gapi meni hayron qoldirdi. Bolalarning otasi nega daydib ketadi, onasi qayerda? Bu savollarning javobi men uchun qiziq edi.

Ko‘nglimdan o‘tganlarni bilib turganday u gap qotdi: «Agar vaqtingiz bemalol bo‘lsa nabiralarim kelguncha boshimdan o‘tganlarni aytib beraman».

Cholga roziligimni bildirgandim, u hikoyasini boshladi:

«Ko‘zi ojiz holda tug‘ilganimni bilganimda 5 yoshlarda edim. Atrofimda hech narsa ko‘rinmas, narsalarni ko‘zimga yaqin tutsam nimaligini xiraroq ko‘rardim. Oyoq osti ham g‘ira-shira ko‘rinardi.

Bir ikki yoshga ulg‘ayganimdan so‘ng onamning ham ko‘zi ojizligini, otam esa sog‘lomligini bilganman. Mendan ikki yosh kichik ukam esa sog‘lom tug‘ilgandi.

Onam ko‘zi ojiz tug‘ilish avvalo qismatligini, biroq otasining ham ko‘zi ojiz bo‘lganini va bu avlodlaridan o‘tib kelayotgan bo‘lishi mumkinligini aytardi.

Onamning ko‘zi yaxshi ko‘rmasada juda harakatchan ayol edi. U 7 yoshimda meni viloyat markazidagi ko‘zi ojizlar maktab-internatiga joylashtirdi. O‘zi esa tuman markazidagi ko‘zi ojizlarning korxonasiga ishga kirdi.

Men uyga bir-ikki oyda bir marta borardim. Yozgi ta’tilni ham uyda o‘tkazardim. Otam odamlarning qo‘ylarini boqar, ishlab topgan arzimagan pulini uyga olib kelmasdi.

Nogironligi uchun beriladigan arzimagan nafaqa puli ro‘zg‘orga yetmas, onam shu sababli ishga kirishga majbur bo‘lgandi. Uyimiz bor-yo‘g‘i ikki xonadan iborat bo‘lib, tomi loysuvoq edi. Keyinchalik kolxoz amal-taqal qilib tepasini chordoq qilib bergan edi.

Uyimizda na hammom, na oshxona bo‘lmagan. Onam xonaning ikkinchisidan oshxona sifatida foydalanardi. O‘sha yerda katta tog‘orada yuvinib olardik.

Men maktabda hunar o‘rgandim. Keyin maktab qoshidagi ustaxonada ishladim. Bo‘lajak xotinim bilan bitta maktabda o‘qiganmiz. Buning «zreniyasi» menikidan sal yaxshiroq.

Maktabni bitirgandan so‘ng men bir necha yil maktab qoshidagi ustaxonada ishlab qolib ketdim. Bo‘lajak xotinim bilan oila qurdik, so‘ng qishloqqa qaytdik. Oshxona vazifasini bajarib turgan xonani ta’mirlab, o‘sha yerda yashay boshladik. Bu paytda otam ham qaytib kelgan va biz bilan yashardi.

Mustaqillikning ilk yillari edi va davlat berayotgan nafaqa pullari oilamizga urvoq ham bo‘lmasdi. Shundan so‘ng men uyda kichik ustaxona ochdim va maktabda o‘rgangan buyumlarini yasay boshladim.

O‘sha paytlarda tadbirkorlikka yo‘l ochilib, odamlar bozorlarda bemalol savdo qilishni boshlagandi. Yasagan narsalarim xaridorgir bo‘lib, ularni bozorchilarning o‘zi kelib uydan olib ketardi.

Keyinroq ukamni ham yonimga oldim va bir necha yil ishlab yaxshi pul topdik. Hovli chetidan yangi uy qurdik. Bu orada birin-ketin ota-onam vafot etishdi. Ikkita o‘g‘il farzandli bo‘ldim. O‘g‘illarimning ikkalasi ham sog‘lom tug‘ilgan edi.

Ko‘p o‘tmay ukamni ham uylantirdik va hovlini ikkiga bo‘lib, unga ham uy tikladik. So‘ng maslahatlashib ro‘zg‘orimizni alohida qildik.

O‘g‘illarim ulg‘ayar ekan er-xotin ikkalamiz ularni yer-u ko‘kka ishonmas edik. Juda erka bo‘lishgani uchun aytganlarini muhayyo qilardik.

Ayniqsa to‘ng‘ich o‘g‘lim juda erka bo‘lib o‘sdi. Tengqurlari oldida ko‘ngli o‘ksimasin deb nima desa o‘shani muhayyo qilishga harakat qildik. Bu ishning oxiri yaxshilik bilan tugamasligini, bolani haddan ortiq erkalatish yomon oqibatlarga olib kelishini o‘shanda o‘ylamabmiz ham.

O‘g‘lim maktabning yuqori sinflarda o‘qib yurgan paytlarida nazoratni yo‘qota boshladik. Avvaliga sigaret chekishni, so‘ng aroq ichishni o‘rgandi.

Kunlarning birida qo‘shnilarnikidan tilla taqinchoqlar yo‘qoldi. Ular yaqinda tushirgan kelininiki ekan. Kelinni ko‘rish uchun uning oldiga qo‘shni qizchalar kirishgan ekan. Qaynonasi hammadan so‘rab chiqdi.

Shu orada kimdir to‘ng‘ich o‘g‘limning ham tilla taqinchoqlar yo‘qolmasidan avval qo‘shninikiga kirganini ko‘rgan ekan, biznikiga ham kelishdi. O‘g‘lim “men tegmadim” dedi.

Shu paytda qo‘shni ayol o‘g‘lingizning xonasini ko‘raylik deb qoldi. Bir tomondan uning o‘g‘limdan gumon qilganiga jahlim chiqyapti. Ikkinchi tomondan qo‘shni kelinning tilla taqinchoqlari yo‘qolgani yaxshi ish bo‘lmabdi deb o‘ylayapman.

O‘g‘limning xonasiga kirib karavotidagi yostiq ostiga qarasak yo‘qolgan taqinchoqlar turibdi. O‘sha paytda yer yorilmadi, kirib ketsam.

Qo‘shni xotin taqinchoqlarni oldi va o‘g‘limga qarab, “Sen bizning hovliga umuman kirma. Qo‘shnilar, bu gapimning sizlarga aloqasi yo‘q. Faqat shu o‘g‘lingizni ko‘rmasam bo‘ldi. O‘zi melisaga berib qamatishim kerak edi. Mayli yoshlik qilgandir, qolaversa qo‘shnilarmiz, sizlarga rahmim keldi” dedi va chiqib ketdi.

Bu gaplarni eshitish juda og‘ir edi. Biroq chidashga majbur edim. O‘g‘limning tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanmasam bo‘lmaydi deb o‘yladim. Biroq bu paytga kelib u gap uqmas bo‘lib bo‘lgandi. Taxminimcha qo‘li egriligi o‘shandan keyin ham davom etdi.

Maktabni bitirganidan so‘ng 1-2 yil o‘tib, uni uylantirish taraddudiga tushdik. Zora oilali bo‘lsa aqli kirar deb o‘yladik. Biroq uylangandan keyin ham u aqlini yig‘madi.

Rossiyada ishlab kelaman deb ketib, birinchi yil quruq qo‘l bilan qaytdi. Shunda ham eson-omon topilib kelgani uchun xursand bo‘ldik. Ikkinchi yil ham kuzda yo‘lkirani o‘zimiz qilib jo‘natdik, amallab uyga yetib keldi.

Har yil bahorda Rossiyaga ketish uchun qimmat narxga poyezdga bilet oladi, pulini biz to‘laymiz. Uyga bir so‘m yubormagani yetmaganday yo‘lkirasini ham jo‘natamiz. Shu tariqa uylangandan so‘ng 5-6 yil umri shu tariqa o‘tib ketdi. Yoshligidan erka bo‘lib o‘sgani uchunmi, hecham mehnat qilgisi kelmaydi.

Boya siz ko‘rgan bolachalar to‘ng‘ich o‘g‘limning farzandlari. Kelin biz bilan yashayapti. Baraka topsin, malollanmay xizmatimizni qilyapti. Biroq o‘g‘lim uyda yo‘q. Uning qayerdalarda daydib yurganini hatto bilmaymiz ham.

Aytishlaricha, hozir viloyat markazida bir ayolga ilakishib qolib, o‘sha bilan yashab yurgan emish. Uni topib, majburan uyga olib kelishimiz ham mumkin. Biroq aqlini yig‘masa yana ketib qolishi mumkin. Shu uchun Xudo insofini bersin deb duo qilib o‘tiribmiz.

Esimda, uning sog‘lom tug‘ilganini ko‘rib “Xudo xohlasa bir kun kelib o‘g‘limiz ulg‘aysa bizga suyanchiq bo‘ladi, og‘irimizni yengil qiladi”, deb o‘ylab xursand bo‘lganmiz.

Biroq uni tarbiyalashda yo‘l qo‘ygan xatolarimiz tufayli u bizga emas, biz uning xotiniga va bolalariga suyanchiq bo‘lyapmiz. Endi qarigan chog‘imizda bolamizning bolasini ham o‘zimiz boqyapmiz».

Chol hikoyasini tugatgandan so‘ng yaxshi gaplar bilan uning ko‘nglini ko‘tardim. Ot aylanib qozig‘ini topib kelishini aytdim va keyin ular bilan xayrlashdim.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: