O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish uchun nimalar qilish kerak – Jahon banki ekspertlari tavsiyalari

Iqtisodiyot 15:10 / 20.05.2022 34475

Jahon banki O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yo‘lidagi asosiy muammolar va imkoniyatlar tahlil qilingan yangi tadqiqotini e’lon qildi. Unda xususiy sektor o‘sishi yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini cheklash, inson kapitalini rivojlantirish va mamlakatning yashil iqtisodiyotga o‘tishi bo‘yicha tavsiyalar mavjud.

«Rasmiylar ulkan maqsadlarni ko‘zlab, islohotlarning keyingi bosqichiga hozirlik ko‘rmoqda. Xususan, 2026 yilgacha aholi o‘rtasida kambag‘allikni ikki baravar kamaytirish, shuningdek, 2030 yilga borib daromad darajasi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga qo‘shilish ko‘zda tutilgan. Bunga erishish uchun YaIMning o‘sish sur’atlari hozirgi darajadan ancha yuqori bo‘lishi talab qilinadi. Ushbu maqsadlarga ish o‘rinlarini yanada ko‘proq yaratish hamda fuqarolarning, jumladan, yoshlar, ayollar va nogironligi bor shaxslarning iqtisodiy jarayonlarda ishtirok etish imkoniyatlarini oshirish orqali erishish mumkin», deyiladi hisobotda.

O‘zbekistonga yuqoridagi maqsadlarga erishish uchun quyidagi to‘rtta yo‘nalishda rivojlanish yordam berishi mumkin:

1) xususiy sektor o‘sishini rag‘batlantirish va barqaror ish o‘rinlarini yaratish;

2) davlatning iqtisodiyotdagi rolini isloh qilish;

3) fuqarolar manfaatlariga va inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qiladigan dasturlarga investitsiya qilish;

4) ekologik barqaror kelajakni barpo etish.

Shuningdek, hisobotda rasmiylar uchun tavsiyalar berilgan va yuqorida keltirilgan yo‘nalishlarda quyidagi ustuvor islohotlarga e’tibor qaratish zarurligi qayd etilgan:

Mamlakatda xususiy sektor o‘sishini rag‘batlantirish uchun:

  • yer, mehnat va moliyaviy resurslarni taqsimlash mexanizmlarini takomillashtirish;
  • xususiy sektorda raqobatni rivojlantirishga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy bazani isloh qilish;
  • xususiy sektorning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashishiga ko‘maklashuvchi tashqi savdo va investitsiya siyosatini olib borish;
  • xususiy sektor korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali xizmatlarni rivojlantirish;
  • qishloq xo‘jaligi bozorlaridagi islohotlarni jadallashtirish, bu esa davlatning ularning faoliyatiga aralashishiga chek qo‘yadi.

Davlat ko‘magi bilan mamlakatda bozor iqtisodiyotini rivojlantirish uchun:

  • davlatning tovar va xizmatlarning asosiy ishlab chiqaruvchisi funksiyalaridan bozorni rivojlantirishni rag‘batlantiradigan funksiyalariga o‘tkazib, uning rolini transformatsiya qilishni jadallashtirish;
  • davlat korxonalarining iqtisodiyotdagi ulushini kamaytirish va ularning samaradorligini oshirish;
  • zarur ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani rivojlantirish;
  • korrupsiyaga qarshi kurashish va turli hokimiyat organlarining boshqaruv faoliyatini takomillashtirish;
  • davlat funksiyalarini markazsizlashtirishni davom ettirish;
  • davlat organlarining fuqarolar oldidagi hisobdorligini oshirish zarur.

Mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish uchun:

ta’lim tizimi faoliyatidagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish orqali uning sifatini oshirish;

maktabgacha ta’lim va oliy ta’lim muassasalariga kirish imkoniyatini yaxshilash;

sog‘liqni saqlash tizimining samaradorligini va fuqarolar uchun undan foydalanish imkoniyatini oshirish;

butun mamlakat bo‘ylab suv ta’minoti va sanitariya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;

kambag‘allikni o‘lchash tizimini, unga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturlarini va ularning maqsadliligini takomillashtirish;

aholi zaif qatlamlarining mehnat bozorida keng ishtirokini rag‘batlantiruvchi davlat siyosatini ishlab chiqish;

ijtimoiy himoya tizimi samaradorligini oshirish va u bilan aholining muhtoj qatlamlarini qamrab olish kerak.

Mamlakatning ekologik barqaror kelajagini barpo etish uchun:

  • tabiiy resurslarni, jumladan, suv va yer resurslarini samaraliroq boshqarish;
  • atmosferaga issiqxona gazlari chiqindilarini yanada kamaytirish, energiya samaradorligini oshirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarini, shu jumladan energetika sohasini modernizatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;
  • tabiiy ofatlar xavfini boshqarish tizimini takomillashtirish lozim.

«Hukumatdagi hamkorlarimizga yaqin hamkorlik va MTDni tayyorlashda zarur bo‘lgan ma’lumotlar uchun o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Hisobot JBning O‘zbekiston bilan yangi hamkorlik dasturi doirasidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Unda kelgusi besh yil ichida muhim islohotlarni amalga oshirish uchun rasmiylarga biz tomonimizdan ko‘rsatiladigan moliyaviy va tahliliy yordam hajmi belgilanadi. Dastur may oyi oxirida Jahon banki Ijrochi direktorlari kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi», — deya qayd etdi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.

Ko‘proq yangiliklar: