Bugun, 20 may kuni, Toshkent shahrida «Davlat-xususiy sherikligi bo‘yicha xalqaro davra suhbati» bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda so‘zga chiqqan bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov xususiy investitsiyalarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri haqida to‘xtalib o‘tdi.
«DXSh dasturi O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishdagi drayver yo‘nalish hisoblanadi. Iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va reformalar davrida bu juda ham muhim. Birinchi navbatda, investitsiyalar, ayniqsa xususiy investitsiyalar biz uchun juda ham kerak. Xususan, yalpi ichki mahsulotimizni 100 mlrd dollarga yetkazish investitsiyalar, jumladan xususiy sarmoyalarni talab qiladi. 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida DXSh dasturi doirasida 14 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan», deya ta’kidladi u.
Jamshid Qo‘chqorovning qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi besh yil davomida kechiktirib kelingan bir qancha islohotlar amalga oshirildi. Shu bilan birga, global vaziyat murakkab bo‘lgan hozirgi vaziyatda ham O‘zbekiston investitsiyalar jalb etishda boshqa davlatlar bilan raqobat qila oladi.
«O‘zbekistonning kelajagi investorlar uchun yaxshi imkoniyatlar taqdim qiladi. Bizning prognozlarimizga ko‘ra, 2030 yilga borib O‘zbekistonda aholi soni 40 mln kishiga, YaIM esa 160 mlrd dollarga yetadi. Aholi jon boshiga hisoblanganda YaIM miqdori 4 ming dollarni tashkil qilishi kutilmoqda. Davlatimiz rahbari bu natijaga erishishni bizning oldimizga maqsad qilib qo‘ydi», dedi iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri.
Ta’kidlanishicha, hozirda barcha potensial hamkorlar bilan ochiq tarzda muloqot jarayoni amalga oshirilmoqda.
Avvalroq, Jahon banki ekspertlari tomonidan e’lon qilingan hisobotda O‘zbekiston 2030 yilga borib daromad darajasi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga qo‘shilishi uchun YaIMning o‘sish sur’atlari hozirgi darajadan ancha yuqori bo‘lishi kerakligi qayd etilgandi.
2021 yilda O‘zbekiston YaIM 734,4 trln so‘mni tashkil etgan – bu o‘rtacha almashuv kurs bo‘yicha hisoblaganda nominal YaIM 69,23 mlrd dollar bo‘lganini ko‘rsatadi. Aholi jon boshiga YaIM ko‘rsatkichi 1983 dollarga yetgan.