Yevropa Rossiya energiya resurslaridan voz kechmoqchi. Bu qanday amalga oshiriladi?

Iqtisodiyot 17:27 / 19.05.2022 34011

Rossiya-Ukraina urushi Yevropa mamlakatlarini qazib olinadigan yoqilg‘i resurslaridan voz kechishni tezlashtirishga va ayniqsa, Rossiya neft va gazidan uzoqlashishga jiddiy e’tibor qaratishga majbur qildi. Yevrokomissiya Rossiya tomoni gaz eksport qilishni to‘xtatgan taqdirda, amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini e’lon qildi.

YeI va Rossiya o‘rtasidagi o‘n yillik «Drujba» nihoyasiga yetdi. Foto: AFP

Yangilangan rejaga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi 2027 yilgacha Rossiyadan import qilinuvchi qazib olinadigan energiya resurslaridan butunlay voz kechmoqchi. Bu maqsadni amalga oshirish uchun qo‘shimcha 200 milliard yevro ajratiladi.

Urushdan oldin 2050 yildan keyingina «Gazprom» bilan imzolangan uzoq muddatli shartnomalarni to‘xtatish bo‘yicha rejalar bor edi, ammo Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari boshlanganidan ikki hafta o‘tgach, Yevrokomissiya 2030 yilgacha rus neft va gazidan butunlay voz kechish dasturini ishlab chiqdi. Endilikda bu reja konkretlashtirildi va muddat yana uch yilga qisqartiriladi.

«Putin boshlagan urush jahon energetika bozorini beqarorlashtirib yubordi. Rossiyaga qazib olinadigan yoqilg‘i yetkazib beruvchi sifatida tayanishimiz esa qanchalik zaif ekanimizni ko‘rsatib qo‘ydi. Imkon qadar tezroq Rossiyaga qaramlikni kamaytirishimiz kerak va buni uddalay olamiz», - dedi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen.

Shu nuqtayi nazardan Yevrokomissiya 2050 yilgacha mo‘ljallangan Yevropa yashil iqtisodiyotini qayta qurish dasturini tezlashtiradi. Yevropa Ittifoqi 2030 yilga borib gaz iste’molini hozirgiga nisbatan 30 foizga kamaytirishni rejalashtirmoqda.

Yevropa Ittifoqi nima qilmoqchi?

Yevropa Ittifoqi Rossiya neft va gaziga qisman muqobil tanlov sifatida, birinchi navbatda, AQSh va Yaqin Sharq mamlakatlaridan importni oshirishni reja qilgan. Bu borada terminallar, quvurlar va boshqa infratuzilmalarni tayyorlash uchun 12 milliard yevro kerak bo‘ladi.

Ammo rejaning asosiy va ancha qimmat qismi qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish va tejamkorlikni oshirishga qaratilgan.

YeI qayta tiklanadigan manbalardan olinadigan energiyaning ulushini ikki baravar oshirib, uni 45 foizga yetkazmoqchi (urushgacha bo‘lgan rejada bu 40 foiz edi), shuningdek, energiya sarfini oldin reja qilinganidek yiliga 1,5 foizga emas, balki 2 foizga kamaytirib boradi. Bu esa 2030 yilga borib energiya sarfining 13 foizga kamayishiga imkon beradi.

Yashil manbalarga o‘tishni tezlashtirish uchun Yevrokomissiya 2025 yildan boshlab barcha ofis va jamoat binolari uchun, 2029 yildan esa yangi turar joy binolari uchun quyosh panellari o‘rnatishni majburiy qilishni taklif qilmoqda. Gaz qozonlari issiqlik nasoslariga almashtiriladi, quruqlikda va dengizda shamol tegirmonlari qurishni jadallashtiruvchi dastur ham tasdiqlandi.

Qayd etilishicha, yangilangan reja nafaqat siyosiy jihatdan sharqiy qo‘shniga nisbatan qaramlikni kamaytirishi, balki moliyaviy jihatdan ham o‘zini oqlashi kerak. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030 yilga borib Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlat har yili gaz importidan 80 milliard, neft importidan 12 milliard va ko‘mir importidan deyarli 2 milliard yevro tejaydi.

Biroq buning uchun ularning barchasi Yevrokomissiya tavsiyalariga rioya etishlari va barcha zarur qarorlar va qonunlarni qabul qilishlari kerak. Hozirda YeI mamlakatlari Rossiya tajovuzi sababli oldingidan ko‘ra ham ko‘proq darajada birlashgan bo‘lsa-da, Yevrokomissiyaning barcha takliflari ma’qullanmagan. Xususan, Vengriya oltinchi sanksiyalar paketini blokirovka qilishda davom etmoqda va neft embargosi sabab yuzaga keladigan yo‘qotishlarini qoplash uchun subsidiyalar talab qilmoqda. Yangi e’lon qilingan rejadan tushgan pulning bir qismi xuddi shu kabi xarajatlarni qoplash va Vengriyaga «Drujba» quvuri orqali import qilinadigan Rossiya mahsulotlaridan voz kechishga yordam berish uchun ishlatilishi mumkin.

Neft va gaz urushi

Yangi chora-tadbirlar va rejalar Rossiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida energiya urushini keltirib chiqarmasligi imkonsiz edi. O‘tgan yili kuzda Yevropada gaz narxi misli ko‘rilmagan darajada qimmatlashdi, bu esa dunyodagi ikkinchi eng yirik iqtisodiyotning sekinlashishiga va Yevropa Ittifoqi aholisining noroziligiga olib keldi. Ular rekord darajadagi inflatsiya va koronavirus pandemiyasi sabab turmush darajasining pasayishidan aziyat chekishmoqda.

Germaniyadagi ushbu neftni qayta ishlash zavodi «Rosneft» tomonidan nazorat qilinadi va 100 foiz neftni «Drujba» quvuri orqali Rossiyadan oladi. Foto: Getty Images

Rossiya-Ukraina o‘rtasida harbiy harakatlar boshlanganidan keyin esa energetika urushi sovuq bosqichdan issiq bosqichga o‘tdi. Yevropa Ittifoqi sanksiyalar kiritdi, rus ko‘miridan voz kechdi, yil oxirigacha Rossiyadan gaz sotib olishni uchdan ikki qismga qisqartirishni maqsad qilgan va Rossiya neftiga embargo qo‘yish bo‘yicha deyarli kelishib oldi. Bunga javoban Putin gaz uchun to‘lovni rublda qabul qilish bo‘yicha farmon imzoladi, «Gazprom» bu talabni bajarmagan Polsha va Bolgariyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi.

YeI umumiy iste’mol qilinadigan energiyasining 57,5 ​​foizini import qiladi va Rossiya asosiy yetkazib beruvchi hisoblanadi. Xususan, Yevropa Ittifoqi gazning qariyb 40 foizini va neft va neft mahsulotlarining 30 foizini Rossiyadan sotib oladi.

O‘z navbatida Rossiya ham Yevropa Ittifoqi bozoriga qattiq bog‘langan. Neft va gaz sektori mamlakat budjet daromadlarining yarmini va eksportining yarmidan ko‘proq qismini tashkil qiladi. Gazining 70 foizini, neft va neft mahsulotlarining 60 foizini aynan Yevropa mamlakatlariga eksport qiladi. Birgina urush boshlanganidan keyingi davrda YeI Rossiyaga neft va gaz uchun 50 milliard yevrodan ortiq pul to‘lagan.

Agar Rossiya gaz eksportini to‘xtatsa…

Rossiya neftdan katta daromad oladi, Yevropa Ittifoqi esa ayni vaziyatda rus gazidan kecha olmaydi. Shu bois Rossiyaga qarshi neft embargosini tayyorlayotgan Yevropa Ittifoqi, Rossiya tomonining gaz eksport qilishni to‘xtatib, javob qaytarishidan qo‘rqadi.

Yevrokomissiya chorshanba kuni Rossiya energiya manbalariga qaramlikni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘plamini e’lon qildi. Unda bir nechta tadbirlar ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, asosan ikkita umumiy nuqtadan iborat.

Birinchidan, birdamlik: sanoatni Yevropa Ittifoqi darajasida muvofiqlashtirish. Shunda Rossiya ta’minotiga boshqalarga qaraganda ko‘proq bog‘liq bo‘lganlar emas, balki barcha mamlakatlar teng darajada zarar ko‘radi.

Ikkinchidan, agar narxlar haddan tashqari oshsa, ularni subsidiyalash. Bu taqiqlangan, ammo so‘nggi paytlarda Yevropa Ittifoqining ko‘plab mamlakatlari bu ishni faol ravishda amalga oshirmoqda.

«2021 yil sentabr oyidan beri Germaniya, Fransiya, Italiya va Ispaniya gaz, elektr energiyasi va benzin narxini sun’iy ravishda cheklash uchun 20 milliarddan 30 milliard yevrogacha mablag‘ sarfladi. Bunday katta hajmdagi subsidiyalar soliq to‘lovchilarni qo‘llab-quvvatlash, geosiyosat va energetika xavfsizligi nuqtai nazaridan zararli, atrof-muhitga yetkaziladigan ziyon haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Aslini olganda Yevropa Ittifoqi davlatlari rasmiylari prezident Putinni subsidiya qilmoqda», deydi Bruegel tahlil markazi iqtisodchisi Simon Talyapetra.

Ko‘proq yangiliklar: