«Yevrovideniye» tanlovida mojaro: Gruziya, Ozarboyjon va Ruminiya tashkilotchilarni baholarni almashtirib qo‘yishda aybladi 

Jahon 16:15 / 16.05.2022 8045

Gruziya, Ozarboyjon va Ruminiya milliy jyurilari vakillari Italiyada o‘tkazilgan «Yevrovideniye» tanlovi tashkilotchilarini baholarni Ukraina va Buyuk Britaniya foydasiga almashtirib qo‘yishda aybladi. Texnik nosozliklar sababli bu mamlakatlar vakillari qo‘ygan baholar Yevropa teleradio ittifoqi xodimi tomonidan ma’lum qilingandi.

Ozarboyjon milliy jyurisi bahosi natijalarini e’lon qilishi kerak bo‘lgan Narmin Salmanovaning so‘zlariga ko‘ra, Ozarboyjon maksimal 12 ballni Buyuk Britaniya uchun emas, Ukraina uchun bergan. Shuningdek, Salmanova Ozarboyjon ITV telekompaniyasi tomonidan hech qanday nosozlik bo‘lmagani va kompaniya baholar noto‘g‘ri e’lon qilingani bo‘yicha surishtiruv boshlaganini ma’lum qildi. 

Gruziya jamoatchilik televideniyesi vakillari ham shunga o‘xshash bayonot bilan chiqdi. Ularning ma’lum qilishicha, mamlakat milliy jyurisi eng yuqori 12 ballni Buyuk Britaniya emas, Ukrainaga bergan.  Gruziyalik boshlovchilar ham «nosozliklar» sababli efirga chiqmagan. «Yevrovideniye» tashkilotchilari Gruziya Ukrainaga olti ball berganini e’lon qilgan.

Ruminiyaning TVR telekompaniyasi vakillari esa jyuri a’zolari eng yuqori ballni tanlov tashkilotchilari e’lon qilganidek Ukrainaga emas, Moldovaga berganini bildirdi. Ruminiyalik boshlovchi Eda Markus ham «texnik muammolar bois» baholarni e’lon qila olmadi. 

Gruziya va Ruminiya vakillarining ta’kidlashicha, ular natijalar e’lon qilinishidan oldin tanlov tashkilotchilariga baholar yozilgan notarial tasdiqlangan hujjatlarni taqdim etgan. 

«Yevrovideniye» finali 15 may kuni Italiyaning Turin shahrida bo‘lib o‘tdi, unda Ukrainaning Kalush Orchestra guruhi g‘olib bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni britaniyalik Sem Rayden egalladi. Tanlov finalida 25 mamlakat vakillari qatnashdi.

Ko‘proq yangiliklar: