Farzand dog‘ida kuygan ona: “Qizimni saraton olib ketdi, endi nabiramda bu dard” 

Jamiyat 12:16 / 15.05.2022 9415

Qizimni saraton olib ketdi, endi nabiramda bu dard

2010 yilda Chinnigul opa qizidan ayrilgan. Saraton sabab hayotdan erta ketgan qizidan bir o‘g‘il, bir qiz farzand yodgor bo‘lib qolgan. Ammo baxtga qarshi shu o‘g‘il nabira ham oqqonga chalingani buvining dardini battar og‘irlashtirdi.

“Shu qizimdan qolgan ikki farzand bilan ijarada yashaymiz. Uyimiz bor edi, Azamatni davolatish uchun sotib yubordik. O‘zim 400 ming so‘m pensiya olaman. Shuning evaziga kun kechiramiz. Turmush o‘rtog‘im ham vafot etib ketgan.

Ichim to‘la alam, bular voyaga yetguncha bormanmi, yo‘qmanmi bilmayman. Nevaram shu kasalga chalingandan keyin otasi ham tashlab ketdi. Kimga dardimni aytaman?” deya yig‘laydi keksa buvi.

Azamat yetimlik azobini ko‘rib o‘sayotgan singlisi uchun qayg‘uradi. Tuzalish umidida yashayotgan o‘smir kelajakda vatan himoyachisi bo‘lishni orzu qiladi.

Azamat Djuzboyevga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0610 9735 6512 buvisi Chinnigul Djuzboyeva nomida 

Borimizni sotib bolamni davolatdik

Orzigul opa bolasini og‘ir ahvolda viloyatdan poytaxt shifoxonasiga olib kelganiga yarim yil bo‘ldi. Yurishga ham majoli bo‘lmagan Asadbekning salomatligi shifokorlar sa’y-harakati bilan bugun ancha tiklangan. Xastalik sabab oila parokanda, to‘rt farzandi viloyatda qolgan ona ulardan xavotirda. Chunki turmush o‘rtog‘i 2-guruh nogironi bo‘lgani sabab mustaqil harakatlana olmaydi.

Opaning barcha farzandlari maktab yoshida, faqat to‘ng‘ich o‘g‘il tomorqasida dehqonchilik qilib kun ko‘radi. Ikki marotaba og‘ir operatsiyani boshdan o‘tkazgan oila boshlig‘i nogironligi tufayli biror joyda ishlashning imkoni yo‘q.

“Uyimizda qo‘lga ilinadigan nimaiki bo‘lsa sotdik, mol-hollarimiz ham sotildi. Shu paytgacha shularni sarfladik, qarindosh-urug‘lar yordam berishdi”, deydi ona.

Asadbek Jo‘raboyevga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0417 7170 7669 onasi Orzigul Mamatqulova nomida 

Otasi avtohalokatda vafot etgan Og‘abek oqqonga chalingan

Og‘abek bundan bir yil avval avtohalokat tufayli otasidan ayrilgan. Onasiga suyanch bo‘lib, ukalari boshini silab, ularga otasi yo‘qligini sezdirmaslik niyatida rejalar tuzayotgan yigitcha bugun yordamga muhtoj.

“Otasining ma’rakalarini o‘tkazib hali dardimiz arimagan kunlarda bolamning tobi qochdi. Tahlillarda oqqon aniqlanganda hushimiz uchdi. Buni ko‘tarish juda qiyin ekan, bolangni joni og‘rib turadi-yu, yordam berishga ojizlik qilasan”, ustma-ust kelgan kulfatdan ezilgan onaning ohi ko‘ngilni ezadi. Og‘abek davolanishi uchun ona-bola hozirda poytaxtda ijarada yashashga majbur bo‘lishyapti.

Og‘abek Rahmonovga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0609 0705 6643 onasi Noila Jomonqulova nomida 

Bolam qarshimda turganining o‘zi men uchun baxtga aylangan

Ominaxon 11 yoshga to‘lgan bo‘lsa-da dard va og‘riqlar uni ancha avval ulg‘aytirgan. Xastalangandan beri maktab ostonasini unutgan qizaloq maktabini va do‘stlarini, ustozini sog‘ingan. Tiyrak, hayotga chanqoq qizning kelgusida umidlari, orzulari ko‘p.

“Bolam hozir men bilan suhbatlashib o‘tirganining o‘zi men uchun baxtga aylangan. Agar butun hayotimni almashtirish evaziga bolam sog‘ayganda edi, o‘ylab o‘tirmasdan rozi bo‘lardim. Yomon xayollarga borishdan ham qo‘rqaman”, deydi bemorning onasi Muhabbat Aripova.

Ominaxon Shokirovaga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0609 1237 6358 onasi Muhabbat Aripova nomida

Humo: 9860 0301 7899 3405 onasi Muhabbat Aripova nomida  

Bir emas, qo‘sh kulfatlarga chidam bilan yashayotgan, umidlari so‘nmagan bemorlarga yordam qo‘lini cho‘zadiganlar ko‘pligiga ishonchimiz komil. Ular uchun qilingan duolar ijobat bo‘lsin.

Ko‘proq yangiliklar: