Jumladan, avvalroq RF «nodo‘st davlatlar»dan gaz va neft uchun rublda haq to‘lashini talab qila boshladi. Bundan bo‘yin tovlagan ayrim davlatlar (Polsha va Bolgariya)ni gaz ta’minotidan to‘liq uzdi. Ayrim davlatlar o‘zlari Rossiya gazini rad eta boshlashdi.
11 may kuni esa Rossiya hukumati 31 ta xorijiy kompaniyaga nisbatan sanksiyalar e’lon qildi. Ular qatorida «Gazprom»ning xorijdagi shu’ba korxonalari ham bor. Jumladan, «EuRoPol GAZ» kompaniyasi tasarrufidagi «Yamal – Yevropa» gaz quvurining Polshadagi uchastkasi orqali «Gazprom» gaz o‘tkazilishi to‘xtatilganini ham rasman e’lon qildi.
Ma’lumki, hozirgi kunda YeI davlatlari sanksiyalarning oltinchi paketiga RF neftiga nisbatan to‘liq embargo joriy etish ustida bosh qotirmoqda. Bu qadamni Rossiya energiya resurslariga ko‘proq bog‘liq bo‘lib turgan Vengriya, Slovakiya va Chexiya kabi davlatlar ko‘p ham xushlashmayapti.
Chunki ma’lum bir muddat o‘tgach Rossiya neftining o‘rnini bosa oladigan muqobil topsa bo‘lar, biroq Rossiya gaziga muqobil topish qiyin. Rossiya o‘tgan davr ichida YeIning ko‘plab davlatlarini amalda «gaz ninasi»ga «o‘tqazib» qo‘ygan. Muqobil yo‘nalish uchun eng avvalo zarur infratuzilma yo‘q. AQSh, Kanada va Fors ko‘rfazi davlatlaridan suyultirilgan gaz tashish esa karrasiga qimmatga tushadi.
Yevropa rus gazidan uziladimi?
Yevropa davlatlarini gazdan uzish — garchi iloji bor bir daqiqalik ishdek ko‘rinsa-da, aslida bu oylarni talab qiladigan hodisa. RF hukumati qoshidagi Moliya universiteti eksperti Igor Yushkovning aytishicha, eksportni to‘xtatgan Rossiya gaz qazib olishni ham to‘xtatishi kerak bo‘ladi.
«Chunki Rossiya Yevropaga eksport qilinayotgan gaz hajmini muqobil yo‘nalishlarga yo‘naltiruvchi quvurlarga ega emas. Moskva shunday radikal qadam bosa oladimi, degan boshqa savol ham o‘rtaga chiqadi. Vladimir Putin milliy ishlab chiqaruvchilar jahon bozoriga energiya resurslarini ishonchli yetkazib beruvchilar statusini juda qadrlashini bir necha marta takrorlagan. Kranlar yopilsa, biz yillar davomida misqollab to‘plangan tarixiy nufuzning ustidan chiziq tortamiz», — degan Yushkov.
Rossiyaning gaz quvurlari
Rossiya 2021 yilda uzoq xorij davlatlariga 185 mlrd kub metr gaz eksport qilgan. Ularning katta qismi (130 mlrd kub metrdan ortig‘i) Yevropa davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Iste’mol hajmining 30 foizi rus gazidan iborat bo‘lgan Yevropa gazdan uzilib, oqim Xitoyga yo‘naltirilsa, «Sila Sibiri» gaz quvuri to‘liq quvvat bilan ishlaganida ham yiliga 50 mlrd kub metr gaz o‘tkaza oladi, xolos.
«Shimoliy oqim—2» quvuri — Boltiq dengizidan Germaniya va boshqa davlatlarga 2021 yil mobaynida 59,2 mlrd kub metr gaz o‘tkazilgan (quvurning loyihaviy quvvati 55 mlrd kub metr). Ayni paytda eksportning asosiy yo‘nalishi va sutkasiga 170 mln (yiliga 62 mlrd) kub metr gaz o‘tkaziladi.
Shu yo‘nalishdagi, quvvati yiliga 55 mlrd kub metr bo‘lgan «Shimoliy oqim–2» quvuri qurilib, ishlatishga tayyor holatga keltirilgan, biroq Germaniya hukumati Rossiya DXR va LXRni mustaqil davlat sifatida tan olgach, mazkur gaz quvurini sertifikatlashni to‘xtatib qo‘ydi.
Ukraina koridori orqali Rossiya gazi asosan Slovakiyaga, so‘ngra Avstriya va Chexiyaga hamda Yevropaning boshqa davlatlariga o‘tkaziladi. 2021 yilda 37 mlrd kub metr gaz o‘tkazgan. 2022 yil 1 maydan boshlab tranzit sutkasiga 90 mln kub metrni tashkil etayotgandi. Biroq Ukraina 11 maydan e’tiboran faqat bitta kirish nuqtasini qoldirdi va oqim sutkasiga 65,7 mln (yiliga 24 mlrd) kub metrgacha kamaydi.
Belarus koridori (shu jumladan, Polsha orqali Germaniyaga boradigan «Yamal – Yevropa») — 2021 yilda 33 mlrd kub metr gaz o‘tkazgan. Ayni paytda bu quvurda oqim teskari yo‘nalishda — Germaniyadan Polshaga oqmoqda. Rossiya tomonidan qo‘llangan sanksiyalar tufayli «Gazprom»ga Polsha uchastkasini ishlatish taqiqlangan.
Qora dengiz orqali o‘tadigan «Turk oqimi» hamda Turkiyaning o‘ziga boradigan «Zangori oqim» orqali 2021 yilda 15,98 mlrd kub metr gaz o‘tkazilgan. Turkiya va Janubiy Yevropa davlatlariga boradigan «Turk oqimi» quvuri orqali 2021 yilda 12 mlrd kub metr gaz o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin, deb yozadi RIAN. Gazning 9 milliardi Yevropa davlatlariga yetkazilgan.
«Rossiya o‘yinda dov miqdorini oshirmoqda»
Milliy energetik xavfsizlik fondi va RF hukumati qoshidagi moliya universiteti yetakchi eksperti Stanislav Mitraxovichning hisoblashicha, «Gazprom»ning Yevropadagi shu’ba korxonalari sanksiya ro‘yxatiga tirkalishi ularning natsionalizatsiya qilinishiga o‘ziga xos javob bo‘lgan.
Aftidan, «Gazprom» G‘arbning sanksiyalariga javoban aynan shu kompaniyalarga gaz yetkazib bermoqchi emas. «Gazprom»-ku, gazni yetkazib bergan bo‘lardi, biroq formal jihatdan unda bunday imkoniyat yo‘q, chunki Rossiya hukumati bu cheklov choralarini joriy etgan, deya ekspertning so‘zlarini keltirmoqda RTVI.
«Menimcha, bu yo‘l bilan Rossiya o‘yindagi dov miqdorini oshirmoqda — Yevropada gaz tanqisligini vujudga keltirib, ularni rublda hisob-kitob qilishga majburlamoqchi, shuningdek, mavjud gaz quvurlari orqali gaz o‘tkazish hajmini ko‘paytirmoqchi. O‘yindagi dov miqdori oshishi Rossiya tomonidan «Yamal – Yevropa» quvuridan foydalanishni bas qilgani bo‘ldi», — degan Mitraxovich.
Ekspertning qayd etishicha, bu kelajakni — oylarni, yillarni oldindan o‘ylab tashlangan qadam. Mavjud siyosiy kon’yunkturada bu haqda gap ochish o‘rinsizdir, lekin oylar va yillar istiqboli hisobga olinadigan bo‘lsa, «Yevropaliklar, sizlar unutmanglar, hali ishlatishga shay holatda turgan «Shimoliy oqim–2» quvuri ham bor, istak bo‘lsa uni ham ishlatish mumkin», qabilidagi shama ham bor. Bu — qarama-qarshilikning mantiqiy davomi va u Rossiya ham o‘yinda dov miqdorini oshira olishini namoyish etadi», deb hisoblaydi Mitraxovich.
Ukraina ham ventilni buradi
Ukraina gaz transportirovka tizimi operatori Lugansk oblastidagi «Soxranovka» gaz o‘lchash stansiyasi va «Novopskov» kompressor stansiyasi Rossiya qo‘shinlari tomonidan egallangani uchun fors-major holati e’lon qildi. Rossiyadan Yevropaga o‘tadigan gaz tranzitining uchdan bir qismi to‘xtatiladigan bo‘ldi.
Ukraina GTT operatorining ma’lum qilishicha, «Novopskov» KS Lugansk oblastidagi birinchi kompressor stansiya bo‘lib, u yerdan Rossiyaning Yevropaga yetkaziladigan gazining uchdan bir qismi (sutkasiga 36 mln kub metr) o‘tadi.
«Gazprom» rasmiy vakili Sergey Kupriyanov garchi kompressor stansiyasi rossiyaliklar qo‘liga o‘tgan bo‘lsa-da, fors-major holati joriy etish uchun sabab yo‘qligi, ukrainalik mutaxassislar stansiyada ishlashda davom etishayotganini bildirgan. «Naftogaz-Ukraina» tomonining to‘xtatilgan gaz hajmi tranzitini «Sudja» gaz o‘lchash stansiyasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi esa texnologik jihatdan imkonsiz deb baholangan.
Ayni paytda Yevropaga gaz eksport qilish bilan bog‘liq turli risklar vujudga kelayotgani ortidan jahon bozorlarida tabiiy gaz narxi ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Qolaversa, «gaz urushlari» tufayli «Gazprom»ning aprel oyidagi eksporti hajmi 24 foizga qisqargan.
Ko‘rinib turibdiki, vaziyat har ikki tomon uchun ham manfaatli emas. Yevropaga gaz yetkazish to‘xtatiladigan bo‘lsa, Rossiyadagi gaz konlari ham to‘xtaydi. Buncha hajmni saqlash, yetkazish uchun imkoniyatlar yo‘q. Yevropa davlatlari gaz uchun rublda haq to‘lashni rad etib, rus gazidan voz kechadigan bo‘lsa, bir necha karra qimmatroq gaz topishga majbur bo‘ladi. Ular iste’mol qiladigan hajmni zudtar yetkazib bera oladigan boshqa davlatning o‘zi yo‘q.
Kundan kunga murakkablashib borayotgan vaziyat Yevropada energetika inqirozi va uning ketidan iqtisodiy bo‘hronlarni keltirib chiqarishi tayin. Bularning barchasiga Ukrainada tezroq tinchlik qaror topishi nuqta qo‘yishi mumkin.
Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.