Ukraina Rossiyadan Yevropaga borayotgan gazning bir qismini to‘xtatib qo‘ydi

Iqtisodiyot 11:21 / 12.05.2022 28841

«Gazprom»ning Yevropaga ketadigan gazining uchdan bir qismi aynan «Soxranovka»dan o‘tadi. Ammo Rossiya gazi boshqa o‘tkazgichlar orqali ham tranzit qilinishi mumkin. Rossiya boshqa quvur orqali uzilishlarni qoplashini esa kutish qiyin, chunki Yevropaga gaz eksporti Rossiya Ukrainaga kirguniga qadar kamaytirib ulgurgandi.

Urush boshlanganidan keyin Rossiya va Yevropa o‘rtasida ochiqchasiga energiya urushi boshlanib ketdi. Putin Rossiya «nodo‘st davlat» deb e’lon qilganlar gaz uchun pulni «Gazprombank»da yevrodan rublga konvertatsiya qilib to‘lashini majburiy qilib qo‘ydi. Bunga rozi bo‘lmagan Polsha va Bolgariya kabi davlatlar gazdan uzib qo‘yildi.

O‘z navbatida Yevropa Rossiya ko‘mirini sotib olishdan bosh tortdi, neft embargosiga tayyorlanmoqda, yil oxirigacha rus gazi importini uchdan ikki qismga kamaytirmoqchi. Garchi Rossiyadan Yevropaga aynan Ukraina orqali katta miqdorda gaz o‘tsa ham, hozirgacha Ukraina bu energiya urushiga aralashmayotgan edi. Urush boshlangach, Ukraina hududidan Yevropaga tobora ko‘proq rus gazi oqib o‘ta boshladi.

Ukraina gaz transporti bo‘yicha davlat operatori Luganskdagi «Soxranovka» punkti va «Novopskov» kompressor stansiyasi ustidan nazoratni yo‘qotgani uchun gaz tranziti to‘xtatilganini bildirdi. Hududda fors-major holati e’lon qilingan.

«Rossiyaning Ukrainaga nisbatan agressiyasi sabab gaz tranzit qilinuvchi obektlar rus harbiylari va bosqinchi hukumat nazoratiga o‘tib, oqibatda butun tizim xavf ostida qolgan», deyiladi Ukraina davlat operatori bayonotida.

Ukraina tomoni «Gazprom»ga tranzitni «Sudja» punkti orqali o‘tkazishni taklif qilgan. Shimolroqda joylashgan bu punkt Ukraina nazoratida bo‘lib turibdi.

«Gazprom» tranzitni «Sudja» punkti orqali davom ettirishni imkonsiz deb atadi. Shuningdek, gaz o‘tkazishda muammo tug‘ilgani to‘g‘risida hech qanday ogohlantirish olmagani, ishni odatiy tarzda davom ettirishi uchun muammo ko‘rmayotganini ma’lum qilgan.

Ukraina va Rossiya gaz o‘tkazish bo‘yicha o‘n yillardan buyon tortishib keladi. Bu vaqtda Rossiya gazni Yevropaga Ukrainani chetlab yuborish uchun o‘tkazgichlar qurdi: Turkiya bo‘ylab qit’a janubiga «Turkiy oqim» o‘tkazgichi, Boltiq dengizi bo‘ylab Germaniyaga «Shimoliy oqim» o‘tkazgichi. «Shimoliy oqim-2» o‘tkazgichi urush sabab hali ishga tushib ulgurmay sanksiyaga uchradi va bankrotlik e’lon qildi. Uni qurishga 11 milliard dollar sarflangandi.

«Gazprom» Ukraina bilan tranzit bo‘yicha oxirgi marta 2019 yil 5 yillik shartnoma imzolagan. Undan 2020 yil 65 milliard kubometr gaz o‘tgan. 2021–24 yilda bu ko‘rsatkich 40 milliard kubometrga yetishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, 2017 yilda bu yo‘nalishda 94 milliard kubometr gaz o‘tgan.

Rossiyaning Ukraina orqali Yevropaga ketadigan uchdan bir qism gazi aynan «Soxranovka» yo‘nalishi orqali o‘tadi. Bu «Gazprom»ning Yevropaga yuboradigan 8 foiz gazi degani. U yerdan kuniga 24 million kubometr gaz o‘tardi. Bu unchalik ham katta raqam emas, chunki Rossiyadan Yevropaga kuniga 300 million kubometr gaz o‘tadi. «Soxranovka» tranziti to‘xtagach, «Sudja» yo‘nalishi bo‘ylab gaz o‘tishi 8 million kubometrga ko‘payib, kuniga 77 million kubometrga yetgan. «Shimoliy oqim»dan Germaniyaga ketayotgan gaz miqdorida o‘zgarish kuzatilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: