Qaror loyihasi 2022 yilning 29 mart kuni Toshkent shahrida imzolangan O‘zbekiston hukumati bilan Turkiya hukumati o‘rtasida davlat chegaralari orqali tovarlar va transport vositalari o‘tishi haqida oldindan axborot almashish to‘g‘risida bayonnoma kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan ichki davlat protseduralarini amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Qaror loyihasida xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ hamda xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilgani to‘g‘risidagi tegishli bildirishnomani Turkiya tomoniga yuborish nazarda tutilgan.
Mazkur qaror loyihasi imzolanishi natijasida quyidagilarga erishiladi:
bojxona xizmatlari o‘rtasida oldindan elektron axborot almashishni yo‘lga qo‘yish;
ikki davlat chegaralari orqali o‘tkazish punktlarida xavflarni boshqarish tizimi natijalari asosida tovarlar va transport vositalarining bojxona ko‘rigini tezlashtirish;
bojxona huquqbuzarliklarini bartaraf qilish;
bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini takomillashtirish va tezlashtirish;
bojxona nazorati samaradorligini oshirish maqsadida, ikki davlat bojxona chegaralari orqali harakatlanayotgan tovar va transport vositalari haqida oldindan axborot almashishni yo‘lga qo‘yish;
tovarlarni olib kirish va olib chiqishda to‘lanadigan bojxona bojlari, soliqlar va boshqa yig‘imlar to‘liq undirilishini ta’minlash.
Mazkur bayonnoma tomonlar o‘rtasida yoki ularning hududi orqali amalga oshiriladigan eksport operatsiyalariga nisbatan qo‘llaniladi.