Parlament deputati Doniyor G‘aniyev Telegram-kanalida yozishicha, Coliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek soya danagini olib kirish hamda o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmalarni QQSdan ozod qilishga oid amaldagi imtiyozlar muddati 2022 yil 31 dekabrgacha uzaytiriladi.
Bundan tashqari, joriy yil yakuniga qadar go‘sht (mol, qo‘y), tirik hayvonlar (mol, qo‘y) va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlar, shuningdek kartoshkani O‘zbekiston hududiga olib kirish hamda ularni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmalarni ham QQSdan ozod qilish taklif etilmoqda.
«Jahon banki ekspertlari fikricha, Ukrainadagi vaziyat tufayli butun dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oxirgi 50 yilda kuzatilmagan rekord darajada oshishi kutilmoqda. Ayniqsa, o‘simlik yog‘iga bo‘lgan global talabni 60 foiz Ukraina va Rossiya eksporti hisobiga qondirilishi hisobga olinsa, dunyo bozorlarida o‘simlik yog‘i narxlari yil davomida kamida 30 foizga o‘sishi prognoz qilingan.
Tabiiyki, bunday holatda o‘simlik yog‘i, shuningdek go‘sht va kartoshka mahsulotlari importiga nisbatan QQS imtiyozlari berilishi aholimizning asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘laqonli qondirish hamda ushbu mahsulotlar narxlarini bozorlarda barqaror saqlashga xizmat qiladi», deb yozdi u.
G‘aniyevning ma’lumot berishicha, banan, ananas va boshqa sitruslar uchun bojdan ozod qilish bo‘yicha joriy yilning 1 mayiga qadar berilgan imtiyozlar muddati ham yil oxirigacha uzaytirilishi mumkin.
«Tan olish joizki, bu harakatlarning barchasi aholi farovonligini ta’minlash, ularning xarid qobiliyatini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, inflatsiya darajasini 10–12 foiz atrofida ushlab turish imkonini beradi», deya fikr bildirgan deputat.
Ma’lumot uchun, kungaboqar va soya urug‘lari hamda o‘simlik yog‘i importi, shuningdek, o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish va ichki bozorda realizatsiya qilish 2021 yil 1 maydan beri, go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olinadigan mahsulotlar hamda kartoshkani realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek, ularni mamlakatga olib kirish 2021 yilning 10 oktyabridan beri qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilingan.