Qashqadaryoda ona ayiq va uning ikki bolasi tirikligi, o‘ldirilgan ayiq bolasi boshqa ekani ma’lum qilindi

Jamiyat 19:46 / 28.04.2022 11630

Bundan bir necha kun avval Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida cho‘ponlardan biri ona ayiq va uning ikki bolasini ko‘rib qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda ayiq bolalaridan birining o‘ldirilgani tasvirlangan videolavha paydo bo‘ldi.

Holat yuzasidan surishtiruv olib borgan Ekologiya qo‘mitasi Qashqadaryo viloyati xodimlari videolavhada o‘ldirilgan ayiq bolasini ushlab turgan shaxs Dehqonobod tumani “Oqqishloq” MFY hududida yashovchi K.Sh. ekani, uning uyidan ayiq bolasining terisi topilgani haqida xabar berdi.

Shuningdek, qo‘mita matbuot xizmati ayiq bolasi o‘ldirilishida Jinoyat kodeksining 202-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari borligi sababli, to‘plangan hujjatlar Dehqonobod tuman IIBga o‘tkazilganini ma’lum qildi.

Qo‘mita matbuot xizmati rahbari Bunyod Abdullayevning ma’lum qilishicha, Dehqonobodda uchragan ona ayiq va uning ikki bolasi tirik. Ayiq bolasining o‘ldirilishi esa tumanning boshqa hududida sodir bo‘lgan.

Jumladan, ayiq va uning bolalarini suratga olgan shaxs Terakli mahallasida yashovchi 22 yoshli Arslon Bo‘ronov ekanligi aniqlangan. U ona ayiq va uning bolalarini 22 aprel kuni kechki payt suratga olgan.

Dehqonobod tumani ekologiya inspektorlari va tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvda aniqlanishicha, ayiq bolasining o‘ldirilishi 5 aprel kuni, Dehqonobod Davlat o‘rmon xo‘jaligining Qizilsoy o‘rmon bo‘limida sodir etilgan.

Ona ayiq va bolalari tirik ekani va o‘ldirilgan ayiq bolasi boshqa holat ekanini Kun.uz‘ga Qashqadaryo viloyat ekologiya boshqarmasi axborot xizmati rahbari Karima Yodgorova ham tasdiqladi. Uning aytishicha, ona ayiq va uning bolalari tirik ekanligi aniq bo‘lgan bo‘lsa-da, 5 aprel kuni o‘ldirilgan ayiq bolasi bilan sodir bo‘lgan holat yuzasidan o‘tkazilayotgan surishtiruvlar davom ettiriladi va aybdorlar tegishli jazosini oladi.

Ko‘proq yangiliklar: