Katta qurilish maydoniga aylangan O‘zbekistonda ko‘p manzil-makonlar obod bo‘lyapti, biroq e’tibor berilishi lozim bo‘lgan hudud va obektlar hali ancha. “Abgor manzillar” ko‘rsatuvi yangi manzilda bo‘ldi. Bu manzilda yaxshilikni ko‘zlab, yaxshi niyatlar bilan ishlar boshlangan edi, biroq...
Toshkentdan ozgina yursangiz, Zangiota tumanidagi Nazarbek posyolkasiga chiqasiz. Aholi zich joylashgan, ancha rivojlangan alohida shaharcha. Nazarbekni poyezd yo‘li ikkiga ajratib turadi. Ana shu yerda doim tirbandliklar kuzatilar edi. Mutasaddilar muammoni bartaraf etish uchun temiryo‘l ostidan tunnel qazib, bu yerdagi yuklamani kamaytirish, harakat tezligi va o‘tkazuvchanlikni oshirishni maqsad qilishgan edi. Ishlar boshlanganiga ancha vaqt o‘tdi, qurilish esa to‘xtab qolgan, aholi sarson va qurilish qachon tugashidan xabarsiz.
Biz shu yerdagi aholi vakillari bilan suhbatlashdik. Birgina yo‘lning yo‘qligi ko‘plab muammolarni keltirib chiqarganini bizga ma’lum qilishdi. Eng kattasi shuki, odamlar avvallari ikki qadam masofada joylashgan uyiga 15 kilometr masofani bosib o‘tishga majbur. Bu bir necha kun emas, bir necha oylardan beri davom etayotgan holat.
Biz lavha tayyorlashda ana shu aylanma yo‘ldan ham yurib ko‘rdik. 15 kilometr ortiqcha masofa, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llar, chang-to‘zon, tirbandlik... Xullas, ko‘pchilik avtomobilni temiryo‘lning bu tomonida qoldirib, uyiga piyoda borgan ancha ma’qul, degan to‘xtamga kelgan.
Bu muammolardan viloyat hokimi Zoir Mirzayev shaxsan xabardor. Chunki u shu yil 23 aprel kuni o‘tkazgan sayyor qabulda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan tadbirkorning aynan muammo haqidagi murojaatini tinglagan. Mirzayev nosoz holatdagi yo‘l va ko‘prikni ta’mirlashni tezlashtirish bo‘yicha Zangiota tumani mutsaddilariga topshiriqlar bergan.
Ammo, xozircha hududda topshiriqlar ijrosi borasida ishlar ko‘rinmayapti.
Lavhani tayyorlash jarayonida viloyat va tuman mutasaddilari bilan bog‘lanishga urinib ko‘rdik, ammo holatni batamom tushuntirib beradigan amaldor bilan bog‘lana olmadik. Umidimiz, ishlar tezroq oldinga siljisa va aholi qiynalmasa.
Mas’ullardan holat bo‘yicha jo‘yali javob va xatti-harakatlar kutib qolamiz.
Bobur Akmalov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Azimjon Vohidov