Qadr kechasida qilinadigan amallar, uning alomatlari va fazilatlari

Jamiyat 13:12 / 27.04.2022 58046

“Laylatul Qadr” – “belgilash kechasi” degan ma’noni beradi. Yil davomida qilinadigan turli amallar, hukm, topiladigan rizq, bir so‘z bilan aytganda taqdir belgilanadigan kechadir.

Bu kecha haqida Alloh taolo: «… ming oydan yaxshiroqdir» (Qadr surasi, 3-oyat) deb marhamat qilgan. 1000 oy – salkam 84 yilga teng. 84 yil – 30 ming kunga teng.

Laylatul Qadr kechasi qachon bo‘ladi?

Abul Oliya roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Bir a’robiy sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, “Qadr kechasi qachon bo‘ladi?” deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazonning ilk va eng so‘nggi hamda toq kechalaridan izlanglar!” dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Onamiz Oisha roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligidan qidiringlar”, (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati) deganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qadr kechasi borasida: “U 27-yoki 29-kechadir. Ushbu kecha yerda farishtalar soni mayda toshlardan ham ko‘p bo‘ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Bu kechaning qanday alomatlari bor?

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U ochiq, issiq ham, sovuq ham bo‘lmagan kecha. Uning tongida quyosh qizg‘ish, zaif bo‘lib chiqadi”, (Ibn Xuzayma rivoyati) dedilar.

Bu kecha Alloh taoloning amri bilan farishtalar har bir osmondan va “Sidratul muntaho”dan (ya’ni, Jabroil alayhissalom maskanidan) yerga tushadi, tong otguncha insonlar haqiga duo qiladi. Qur’oni karimda bunday deyiladi: “U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorlarining izni bilan (yil davomida qilinadigan) barcha ishlar (rejasi) bilan (osmondan yerga) tusharlar. U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir” (Qadr surasi, 4–5-oyatlar).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kechani qanday o‘tkazar edilar?

Oisha onamiz roziyallohu anho rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonning oxirgi o‘n kunligi kelsa, kechalari uxlamas edilar va uydagilarni ham ibodat qilishga uyg‘otar edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Bu kecha gunohlar mag‘firat etiladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Laylatul Qadr kechasini iymon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning shu kechagacha sodir etgan barcha gunohlari mag‘firat qilinadi”, (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati) dedilar.

Oisha onamiz roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yo Rasululloh, agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo‘lsam nima deb duo qilay?” deb so‘radilar.

Shunda Nabiy alayhissalom ushbu duoni aytishga buyurdilar: “Allohumma innaka afuvvun, tuhibbul afva, fa’fu ’anniy” (Allohim, albatta, Sen kechiruvchisan, kechirishni yaxshi ko‘rasan. Gunohlarimni kechirgin) (Imom Termiziy rivoyati).

Alloh taolo qiyomatga qadar keladigan barcha mo‘minlarning gunohini mag‘firat etsin. Hidoyatida bardavom qilsin!

Maqoladagi diniy matnlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli ekspertiza xulosasi asosida chop etilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: