«Gazprom» Bolgariya va Polshaga gaz yetkazib berishni butunlay to‘xtatdi. Bu to‘lovlarning rublda amalga oshirilmagani bilan izohlangan. Rossiya tomonining bu harakatlari shartnoma shartlarini ochiqchasiga buzish va «shantaj» qilish, deb baholanmoqda.
Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi Bolgariyaning «Bulgargaz» va Polshaning «PGNiG» kompaniyalariga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi.
Polsha tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Marsin Pshidachning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy Moskva shu yo‘l bilan G‘arb davlatlari o‘rtasida «nizo qo‘zg‘atmoqchi».
«Gaz yetkazib berishni to‘xtatish Polshaning 50ta rus kompaniyasi, xususan, «Gazprom» va jismoniy shaxslarga nisbatan joriy qilgan sanksiyalariga javob hisoblanadi», deya munosabat bildirgan mamlakat bosh vaziri Mateush Moravetskiy.
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyenning ta’kidlashicha, bu harakat Rossiyaning energiya yetkazib beruvchi sifatida ishonchsizligini ko‘rsatadi.
Rossiya tomoni gaz yetkazib berish to‘xtatilganini to‘lovlar rublda amalga oshirilmagani bilan izohlagan.
Avvalroq, Ukrainadagi urush tufayli Rossiyaga qarshi qo‘llanayotgan xalqaro sanksiyalar fonida Vladimir Putin Rossiya gazi «nodo‘st davlatlar»ga eksport qilinganida to‘lov rublda qabul qilinishini ko‘zda tutuvchi farmonni imzolagandi. O‘z navbatida Yevropa mamlakatlari Moskvaning bu talabini rad etishgan.
«PGNiG» kompaniyasi chorshanba kuni Rossiyadan gaz yetkazib berish to‘xtatilganini tasdiqlagan.
Polsha hukumati Rossiya tomonining harakatlarini shartnoma shartlarini ochiqchasiga buzish, deb baholamoqda.
Marsin Pshidachning aytishicha, Polsha bir necha yildan beri Rossiya gazidan ehtimoliy uzilishga tayyorgarlik ko‘rib kelgan va muqobil tanlovlar tufayli «Gazprom» xizmatlaridan voz kechishning uddasidan chiqa oladi.
«Ko‘p yillar oldin bir qator qarorlar qabul qilganmiz va hozirda bizda boshqa hamkorlar, xususan, Qo‘shma Shtatlar va Fors ko‘rfazi davlatlaridan gaz xarid qilishning turli variantlari mavjud», degan Pshidach.
Bolgariyadagi vaziyat esa noaniq. Mamlakat rasmiylariga ko‘ra, chorshanbaga o‘tar kechasi gaz quvurlari to‘liq quvvatda ishlagan. Biroq mamlakat hukumati ta’minot uzilgan taqdirda ham, bunga tayyorligini aytmoqda.
Bolgariya bosh vaziri Kiril Petkovga ko‘ra, mamlakat «Gazprom» bilan tuzilgan barcha shartnomalarni, jumladan, Rossiya gazini Serbiya va Vengriyaga tranzit qilish borasidagi shartnomalarini ham qayta ko‘rib chiqmoqda. Petkov bir tomonlama shantajni qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidlagan.
Ma’lum qilishicha, Bolgariya Yevropa Ittifoqining umumiy pozitsiyasiga amal qilishda davom etadi va Rossiya gazi uchun faqat yevroda to‘lov qiladi. Shu bilan birga, Sofiya shartnomada ko‘rsatilgan barcha shartlarni bajarayotganiga alohida urg‘u berilgan.
Bolgariya energetika vaziri Aleksandr Nikolovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya gazdan siyosiy va iqtisodiy qurol sifatida foydalanmoqda.
Bolgariyaning Rossiya gaziga bog‘liqlik darajasi 90 foizdan ko‘proqni tashkil qiladi. Mamlakat rasmiylari muqobil yo‘l topilishiga ishonishmoqda va hozircha gazni tejash haqida hech qanday gap yo‘qligini aytishgan.
Polshaning Rossiya gaziga bog‘liqlik darajasi esa nisbatan kamroq. Joriy yilning birinchi choragida «PGNiG» kompaniyasining xaridlarida Rossiya gazining ulushi 53 foizni tashkil etgan.
Adam Iston, Varshavadagi BBC muxbiri:
Gaz yetkazib berishning to‘xtatilishi Polsha o‘z iste’molchilarining ehtiyojlarini qondira olmaydi, degani emas. So‘nggi yillarda mamlakatning Rossiya gaziga qaramligi kamaytirildi, Qatardan suyultirilgan xomashyo sotib olish yo‘lga qo‘yildi va gaz quvurlari Yevropaga ulandi. Bundan tashqari qish tugadi, talab ham kamroq.
Shu bilan bir qatorda, «Gazprom» xomashyosi Polsha umumiy gaz importining yarmidan ko‘pini tashkil qiladi. Bu to‘ldirilishi qiyin bo‘lgan katta bo‘shliq.
Polsha Yevropa Ittifoqida Rossiya energetika resurslaridan voz kechmoqchi bo‘lgan yagona davlat ham emas. Hozirda cheklangan gaz bozoridagi raqobat juda kuchli.
Kelgusi isitish mavsumi boshlanishi bilan Polsha xomashyo tanqisligiga duch kelishi mumkin, bu holda yirik sanoat tarmoqlarida gaz iste’moliga cheklovlar qo‘yishga to‘g‘ri keladi.
Muqobil tanlovlar bormi?
Marsin Pshidachning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi vaziyat Rossiyaning biznes hamkor sifatida qanchalik ishonchsiz ekanligini ko‘rsatib berdi. Bu esa ikkilanib turgan Yevropa davlatlari, xususan, Germaniyaning Rossiya energiya resurslarini import qilishni taqiqlashini rag‘batlantiradi.
Polsha Rossiyadan gaz sotib olishni joriy yil oxirigacha, amaldagi shartnoma muddati tugagunga qadar butunlay bekor qilishni rejalashtirgan edi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi gaz omborlari 80 foizga to‘lgan.
Svinouysse shahrida yirik suyultirilgan gaz terminali mavjud. Litva bilan 1 may kuni yangi gaz quvuri ochilishi kerak, bu esa Polshaga Litva terminallaridan gaz olish imkonini beradi.
Umuman olganda, ancha vaqtdan beri Yevropa davlatlari Rossiyani chetlab o‘tib, boshqa mamlakatlardan gaz import qilish imkoniyatlarini izlab keladi.
Oktyabr oyida Norvegiya «Boltiq quvuri» deb nomlanuvchi yangi gaz quvurini ishga tushirishi reja qilingan. Yil oxiriga qadar ushbu gaz quvuri to‘liq quvvatda ishlay boshlashi kutilmoqda. Bu esa Yevropa Ittifoqi tabiiy gaz importining qariyb 40 foizini tashkil etadigan Rossiya mahsulotlarining o‘rnini qoplashi mumkin.
Yevropa mamlakatlari allaqachon Rossiyadan gaz import qilishni uchdan ikki qismga qisqartirishni boshlagan. Keyingi qadam sifatida Rossiya neftidan voz kechish ko‘zda tutilgan.
AQSh allaqachon Rossiyadan neft, gaz va ko‘mir import qilishni butunlay taqiqladi, Buyuk Britaniya esa joriy yil oxirigacha neft sotib olishni to‘xtatish majburiyatini olgan.